Линклар

Шошилинч хабар
29 январ 2020, Тошкент вақти: 14:10

"Straus House" chuv tushirganlar pullarini qaytarib olish uchun prezidentdan yordam so‘radi


"Straus House" shirkatiga tuyaqush olish uchun millionlab miqdorda pul to‘lab, jo‘jalarni ham, pulini ololmayotgan fuqarolar soni 300 dan ko‘proqni tashkil qiladi.

"Straus House" shirkatiga tuyaqush olish uchun millionlab so‘m pul to‘lab, jo‘jani ham, pulini ham ololmayotgan yigirmadan ziyod tadbirkor pullarini undirib berishni so‘rab O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga murojaat qildi.

"Straus House"dan kuyganlar soni¸ Bosh prokuratura keltirgan raqamlarga ko‘ra¸ 300 kishidan ko‘pni tashkil qiladi.

Mijozlar orasida bankdan yirik foiz evaziga qarz olganlar ham bor.​

Bosh ofisi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Straus House” MChJning ta’sischisi va bosh direktori Ibrohim Isroilovning shu yil 27 sentabrda ​ hibsga olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

"Straus House" rahbari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha ayblanmoqda.

Isroilov ustidan dastlabki sud majlisining 15 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida bo‘lib o‘tishi kutilayapti.

Hozirgacha tadbirkorlarning tuyaqush jo‘jalari uchun to‘lab qo‘ygan pullari qaytarilish-qaytarilmasligi borasida rasmiy ma’lumot berilmagan.

"Straus House"дан куйган тадбиркор
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:54 0:00

Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi Farrux O‘tkirov shu yil mart oyida tuyaqushchilik bilan shug‘ullanish uchun Rossiyadagi ishini tashlab O‘zbekistonga qaytgan.

Ozodlik bilan suhbatda O‘tkirov¸ yillar davomida Rossiyada ishlab topgan pulini "Straus House" shirkatiga tuyaqush jo‘jasi olish uchun o‘tkazganini aytadi:

- Rossiyada peshona teri bilan topgan 27 million so‘mni mart oyida o‘z qo‘lim bilan bankga olib borib to‘laganman, 15 ta jo‘jaga, kvitansiyalari turibdi. Mana hozir to‘qqiz oy bo‘layapti jo‘ja ham, pul ham yo‘q. O‘shanda 1 million 800ga tuyaqush oling, bir yildan keyin 10 millionga soting, deb televizorda rosa reklama aylantirishgandi. Mana endi pullarimizni tuyaqush qilishdi, - deydi O‘tkirov.

Marg‘ilonlik Yulduzxon Isoqova ham "Straus House"dan kuyganlardan biri:

- Men o‘nta jo‘jaga to‘laganman. Mengaku jo‘ja berishdi, lekin bir oy ham turmadi, o‘ldi. Toshkentda karantinda turgan payti kigiz yegan ekan. "Straus House"dagilar jo‘jalar kigiz yeb o‘lganini tan olgan va o‘rniga boshqa jo‘ja berishni va’da qilgan edi, hozirgacha cho‘zib kelinayapti, - deydi Yulduzxon Isoqova​.

"Straus House"​ va’dalariga uchib¸ bankdan kredit olib, 200 million so‘m to‘lab qo‘yganlar ham bor.

Ismi ochiqlanmasligini istagan andijonlik tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda "Straus House" dan 100 bosh tuyaqush jo‘jasini sotib olaman¸ deb qarzga botganini aytadi:

- 100 ta jo‘jaga "Agrobank"dan 200 million so‘mlik kredit olib, "Straus House" ga to‘lavorganman. 8 foizlik kreditni uch yilga olgan edim. Hozir yo‘q tuyaqush jo‘jasi uchun kredit foizlarini to‘lab kelmoqdaman. Mayli foiz to‘lash evaziga ko‘rgan zararga roziman, pulni qaytarib bersa bo‘ldi edi, jo‘jasi ham kerak emas, buyog‘iga sovuq tushibdi, - deydi andijonlik fermer.

"Straus House" shirkatiga tuyaqush olish uchun millionlab miqdorda pul to‘lab, jo‘jalarni ham, pulini ham ololmayotgan fuqarolar soni 300 dan ko‘proqni tashkil qiladi.

Davlat ishida ishlashi sabab ismi ochiqlanmasligini istagan toshkentlik o‘zi va "Straus House" dan kuygan yana 21 nafar tadbirkor pullarini qaytarib berishga ko‘mak so‘rab prezident qabulxonasiga murojaat qilganliklarini aytdi.

- "Straus House" sudi cho‘zilayapti, lekin olgan qarzimiz ustiga har kuni foiz minayapti. Bankdan 20 foizlik qarz olganlar bor. Qarzini to‘lamagani uchun bank sudga bergani holatlari ham bo‘layapti. Mana hozir prezidentga murojaat qilgan 22 odam bo‘lsak hammamizniki 1 milliard so‘mdan ko‘proq bo‘layapti. Endi siz 300 ta odamning pulini tasavvur qiling. Ular orasida 200 million so‘mgacha to‘lab qo‘yganlar bor, - deydi toshkentlik tadbirkor.

Bu shikoyat yuzasidan O‘zbekiston prezidenti qabulxonasidan izoh olib bo‘lmadi - qabulxona raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga 13 dekabr kuni hech kim javob bermadi.

"Straus House" rahbari Ibrohim Isroilovning onasi Nilufar Yazdanova sentabr oyida Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining shirkatida qarzdorlik 2 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi, mijozlarga pullarni qaytarib berish imkonsizligini aytgandi.​

Tuyaqush xonakilashtirilgan yirik parrandadir. Uni boqish va ko‘paytirish daromadli biznes hisoblanadi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parrandachilik sohasida faqat tovuq bilan cheklanib qolmasdan tuyaqushlar va boshqa parrandalar yetishtirishga qaratilgan farmonni imzolagan edi.

Shundan o‘zbekistonlik qator fermerlar tuyaqush go‘shti yetishtirishga kirishgan edi.

XS
SM
MD
LG