Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:54

Rossiya qamog‘idagi o‘zbek mahbusi o‘zining tahqirlanayotganini iddao qildi (VIDEO)


Jobir Jo‘rayev 20 yoshida 12 yilga qamalgan
Jobir Jo‘rayev 20 yoshida 12 yilga qamalgan

Rossiyaning Vladimir viloyatida IK-6 koloniyasida qamoq jazosini o‘tayotgan 25 yashar o‘zbekistonlik Jobir Jo‘rayev qamoqxona ma’muriyati tomonidan qiynoqlarga solinayotgani va kaltaklanayotganini iddao qildi.

Jobir huquqlarini himoya qilayotgan advokatga ko‘ra, muhojir yigit “o‘zbek bo‘lgani” va “ma’muriyat talab qilayotgan to‘lovlarga puli yo‘qligi” uchun jazolanmoqda.

Koloniya ma’muriyati va tergov idorasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari o‘zbekistonlik mahbus ishi yuzasidan tergov yakunlanmaganini bildirish bilan cheklandi.

Rossiyaning Vladimir viloyati Melexovo qo‘rg‘onida joylashgan 6-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida 12 yillik qamoq muddatini o‘tayotgan o‘zbekistonlik 25 yoshli Jobir Jo‘rayev muassasa ma’murlari tomonidan tahqirlanayapti va qiynoqlarga solinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka uning advokati Yuliya Chvanova xabar qildi.

- Jobir o‘ziga berilgan muddatning 5 yilini allaqachon o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi besh yil davomida uni millatchilik asosida tahqirlab kelishgan, xullas o‘zbek bo‘lgani uchun. U tartibni buzmas ekan, barcha normalarni bajarar ekan. Oxirgi paytlarda unga bosim kuchaygan. “Masalan, menga hojatxona unitazlarini yuvishni buyurishayapti”, deydi u. Unitaz yuvishdan bosh tortgan bolani kaltaklab, yakka kishilik kameraga tashlashayapti va non-suv bermasdan qiynashayapti, deydi Jobir bilan yaqinda uchrashgan Yuliya Chvanova.

Rossiyalik advokat Jobir oxirgi marotaba avgust oyida koloniya ma’muriyati buyurgan ishlarni bajarmagani uchun juda qattiq kaltaklanib, bir necha hafta karserga tashlangani va uning oldingi advokati bu haqda prokuraturaga shikoyat qilganini bildirdi.

- Oldingi advokat arzi asosida go‘yo jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ekan. Keyin tergovchilardan bilishimcha, Jobirni aldashgan va hech qanday jinoyat ishi ochilmagan. O‘zbekiston elchixonasidan qandaydir hujjatlariga javob berilgan ekan, lekin natija yo‘q. Men uni so‘zlarini boshqattan videoga yozib oldim, ariza qilib, tergov organlariga yubordim, dedi Yuliya Chvanova.

“Nima sababdan aynan Jobirga nisbatan koloniya xodimlari bosimi kuchaygan?” degan savolga to‘xtalgan advokat¸ buning sabablaridan biri o‘zbek mahkumining pulsizligi ekanini ta’kidladi:

- Jobirning aytishicha, koloniyada har bir qadamingiz pul turadi. “Svidanka” – shuncha, telefon qo‘ng‘irog‘i – buncha, “peredachka” yo boshqa narsa olish – uncha pul turadi. U shu yilgacha to‘lab kelgan ekan. Bir kuni u puli yo‘qligidan to‘lovlarni to‘xtatibdi. “Men to‘lashdan charchadim. Ular esa kovlashtirishni boshladi: arzimas narsalarga karserga tashlash, shanba-yakshanba kunlari ishga chiqarishni boshlashdi”, dedi.

Advokat Jobir Jo‘rayevning qamoqda yozilgan videomurojaatini Ozodlikka taqdim etdi.

- Men bu yerda 2015 yildan beri o‘tiribman. Xodimlar meni kaltaklab, urib, tinchlik bermayapti. Men boshqa o‘tira olmayman bu yerda! Ular ayrim faollar orqali provokatsiyalar uyushtirib, “odinochka”da qo‘l oyoqlarimni bog‘lab, urishayapti. Ovqat, dori-darmonsiz ushlab turishibdi. Arzimas narsalarga 10-15-20 sutka karserga tashlanayapman¸ deydi jumladan o‘zbek mahkumi advokat yozib olgan videotasvirda.

Videosuhbat davomida advokatning " sizni o‘zbek bo‘lganingiz uchun kaltaklashayaptimi?” degan savoliga Jobir Jo‘rayev “Ha! Doimo ma’muriyat vakillari meni “Churka, nerusskiy!” deb haqorat qilib kelishadi”, deganini ko‘rish mumkin.

Mahbus yigit advokatiga shu yilning avgust oyida oxirgi marotaba tayoq va plastik trubkalar bilan qattiq kaltaklanganining tanasidagi izlarini ham ko‘rsatadi. Video so‘ngida Jobir Jo‘rayev advokatiga bu videoni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga ruxsat berdi.

Hozirda Jobir Jo‘rayev shikoyati asosida Rossiya Tergov qo‘mitasining Kovrov shahri bo‘yicha taftishi boshlangan, shuningdek Vladimir viloyat prokuraturasining Mahbuslar huquqlarini ta’minlash bo‘limi xodimlari surishtiruv olib bormoqda.

Kovrov Tergov bo‘limi va Vladimir viloyat prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari tergovoldi surishtiruvi yakuniga qadar bu ish yuzasidan izoh berilmasligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG