Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:19

“Agrobank” fermerlarga mineral o‘g‘it sotadigan firmalar terminalini bloklab qo‘ydi


Qoraqalpog‘istonda fermerlar “Agrokimyohimoya”ga muqobil tuzilgan firmalardan mineral o‘g‘it sotib olish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning aytishicha, “Agrobank” ularning pullarini majburiy ravishda “Agrokimyohimoya” tashkilotiga o‘tkazib yubormoqda.

“Agrobank” mulozimining aytishicha, bunga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 26 noyabrda qabul qilgan qarori sabab bo‘lgan. Bu qarorga ko‘ra, 5-dekabrgacha fermerlarning “Agrokimyohimoya”dan bo‘lgan 100 milliard so‘mi qaytarilishi lozim.

“Agrobank” ATB mulozimi Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan to‘rtko‘llik fermerlardan biri Ozodlikka gapirarkan, “Agrobank” prezident siyosatiga qarshi ish qilmoqda, degan fikrni bildirdi:

“Mening “Agrokimyohimoya”dan bir so‘m ham qarzim yo‘q. Lekin bank pulimni mening ruxsatimsiz o‘sha yoqqa o‘tkazib yuboryapti. Bosh vazirning qarori chiqqan deyishyapti. Bu qarorda qarzi bor fermerlarning puli undirilsin degan. Lekin bunday bo‘lmayapti-da. Hammani shunga majbur qilishyapti”

Fermerning aytishicha, mineral o‘g‘it sotadigan boshqa tashkilotlardan “Agrokimyohimoya”dan ancha arzon turadigan o‘g‘it sotib olish imkoni qoldirilmagan:

Agar 10 tonna oladigan bo‘lsam, 2 million so‘m birgina fosforning o‘zidan yutqazaman.


“Prezidentimiz hammasini xususiy qil, muqobil qil deb turibdi. Bular esa yo‘q faqat davlatnikidan olasan, deb turibdi. Hozir xususiy firmalar ko‘payib, birjadan mineral o‘g‘it olib sotishyapti. Ularniki davlatnikidan o‘rtacha 5-7 foiz arzon. Masalan, bir tonna fosfor 3 million so‘m turadigan bo‘lsa, davlatnikidan 200 ming so‘m farq qiladi. Agar 10 tonna oladigan bo‘lsam, 2 million so‘m birgina fosforning o‘zidan yutqazaman. Boshqa o‘g‘itlarni qo‘shib hisoblaganda kamida 9-10 million so‘m yutqazyapman. Boshqa firmalarga borsak plastik kartochkamiz blokirovka qilingan deydi. Mening xohlagan yerimdan sotib olish haqqim borku. Agar qarzim bo‘lsa mayli edi, lekin qarzdor emasman. “Agrokimyohimoya” qarzi bor fermerni sudga bersin, nima uchun oldindan berib yuborgan? Prezidentning farmoni bor, to‘lov qilmasa bermasin degan. O‘zining aybini yopish uchun bank ikkovi endi bizga osilyapti”.

Qoraqalpog‘istondagi mineral o‘g‘it sotish bilan shug‘ullanadigan firmalardan biri rahbarining aytishicha, ularning terminallari “Agrobank”ning “Humo” plastik kartalari uchun blok qilingan:

Lekin bular qarorni boshqacha talqin qilib, fermerlar puli faqat “Agrokimyohimoya”ga tushishi kerak demoqdalar.


“Jamiyatimiz birjadan mineral o‘g‘it olib sotadi. Bitta bizda emas, respublika bo‘yicha mineral o‘g‘it sotish bilan shug‘ullanadigan firmalarning barchasini “Humo” to‘lov qabul kilish terminallari “Agrobank” tomonidan bloklangan. Bankdan so‘rasak, Vazirlar mahkamasining qarori bor emish. Lekin bular qarorni boshqacha talqin qilib, fermerlar puli faqat “Agrokimyohimoya”ga tushishi kerak demoqdalar. Chunki “Agrokimyohimoya”ning bankdan katta kredit qarzi bor ekan. Biz Markaziy bankka, Adliya vazirligiga murojaat qildik. Lekin hech qaysi biri bu masalani yecha olmayapti”.

Qoraqalpog‘istondagi mineral o‘g‘it olib sotish bilan shug‘ullanadigan yana ikkita firma rahbari ham ularning terminali “Humo” plastik kartasi uchun bloklanganini tasdiqladi.

“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki saytida matbuot xizmati sahifasi bo‘sh turganligi sababli bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

O‘zini “Agrobank” ATBning departamenti mulozimi Salohiddin deb tanishtirgan mulozimi, Ozodlikning bu masaladagi savolini diqqat bilan eshitgach, aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zbekistonda fermerlarning bankdagi pullarini ularning roziligisiz boshqa hisoblarga o‘tkazib yuborish holatlari kuzatilib turadi.

Noyabrda Qashqadaryo viloyat, Koson tumanidan Ozodlikka arz qilgan fermerlar "Agrobank" hisobiga tushgan bug‘doy, paxta va kredit puli ularning roziligisiz neft mahsulotlari idorasiga o‘tkazib yuborilganini aytgan edi.

Joriy yilning avgust oyida Andijon viloyat, Andijon tumani fermerlariga “O‘zdonmahsulot”dan kelib tushgan 900 million so‘m bug‘doy puli ularning xohishiga zid tarzda yagona yer solig‘i uchun byudjetga o‘tkazib yuborilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG