Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:17

Avtomobillar soxta savdosi Shvetsiyada migrantlarga ishlash imkonini berayotgani fosh etildi


Filmdan skrinshot
Filmdan skrinshot

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyodan borgan minglab migrantlar ishlash uchun ruxsatnoma olmay turib ham Shvetsiyadagi ish kuchi qatoriga “orqa eshik”dan borib qo‘shildi. Ular ushbu mamlakatda go‘yo minilgan avtomobilni sotib olgan kishi sifatida qonuniy soliq raqamiga ega bo‘lmoqda.

Shvetsiyaning TV4 telekanali va “Ozodlik” radiosi Stokholmdagi bitta yashirin “hujjatlar fabrikasi” 2016 yildan beri bir sxema asosida 1100 dan oshiq migrantga Shvetsiyaning turli kompaniyalaridan noqonuniy ish topish imkonini berganini fosh qildi.

2004 yilda Shvetsiyaga kelib, hujjatlar fabrikasini yurgizgan migrantning ismi surishtiruv hisobotida Akmal deb ataladi.

Akmal har bir soxta avtomobil oldi-sotdisini 200 – 500 yevrolik haq evaziga rasmiylashtirib bergan va buning uchun Stokholm sharqidagi Hesselbi shaharchasidagi o‘zi ijaraga olib turgan kvartira manzilidan foydalanib kelgan.

U o‘sha manzildan bitta avtomobilni 112 marta qayta-qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda foydalangan. Mijozlarning deyarli hech qaysisi o‘sha avtomobilni ko‘rmagan ham, uni haydash uchun mijozlarning haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan.

Migrantlar Akmal to‘g‘rilab bergan hujjat yordamida soliq raqamini olib, qurilishda, mehmonxonalarda, restoranlarda va savdo markazlarida ishlamoqda. Ayrimlari universitet, shifoxona va hatto hokimiyat binolarida farrosh bo‘lib ishlamoqda.

Akmalning xizmatidan foydalangan bir migrantni hatto Stokholmning Arlanda aeroportidagi Shvetsiya chegara politsiyasi binosiga xizmat ko‘rsatuvchi pudratchi firma farrosh qilib ishga olgani ma’lum bo‘ldi. Aslida ushbu tashkilotning vazifasi noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashdan iborat.

Boshqa yo‘l izlab

Shvetsiyaning hujjat fabrikalari ushbu mamlakatdagi ish beruvchilar ishga yollanuvchilardan ishlash uchun ruxsatnomasi bor-yo‘qligini so‘rab o‘tirmasligini yaxshi biladi, chunki ularning qo‘lida Shvetsiya soliq agentligining (Skatteverket) haqiqiy identifikatsiya raqami bo‘ladi va u bank hisob raqami ochishga ham ruxsat beradi.

Shvetsiya transport agentligi (Transportstyrelsen) kishilarning shaxsini ularga berilgan soliqni muvofiqlashtirish raqami orqali aniqlaydi. “Samordningsnummer” deb ataluvchi ushbu raqam Shvetsiyaning ijtimoiy ta’minot kartasi raqami bo‘lmagan chet ellikka sotib olgan avtomobilini ro‘yxatga olish chog‘ida beriladi.

Aslida Transport agentligi hujjatlarni Shvetsiya soliq agentligi yoki Shvetsiya migratsiya agentligi (Migrationsverket) singari sinchiklab tekshirmaydi. U Soliq idorasidan muvofiqlashtirish raqamini faks yoki elektron pochta orqali yuborilgan hujjatlar nusxalariga asoslanib oladi.

Shvetsiya soliq agentligi qallobliklarga qarshi kurash bo‘yicha eksperti Pia Bergmanga ko‘ra, samordningsnummer Shvetsiya mehnat bozoriga “kirish eshigini ochib beradi”.

Soliqni muvofiqlashtirish raqamini olishga 25 kun ketadi va Transport agentligi buning uchun haq olmaydi. Akmal va hujjatlar fabrikasining boshqa hojatbarorlari avtomobillarning soxta oldi-sotdisini rasmiylashtirishdan katta foyda ko‘radi va bu ko‘pincha hisobotlarga kiritilmaydi.

Yarim qonuniy hudud

Shvetsiya hukumat vakillari aytishicha, Akmal avtomobillarning soxta oldi-sotdisini rasmiylashtirayotganda, texnik jihatdan qonunlarni buzmaydi. Qaytanga migrantlarning o‘zi va ish vizasi bor-yo‘qligini surishtirib o‘tirmay, ularni ishga yollayotgan kompaniyalar mavjud tartiblarni buzmoqda.

TV4 va “Ozodlik” radiosi surishtiruv chog‘ida Akmalning hujjatlar fabrikasi orqali soliqni muvofiqlashtiruvchi raqam olgan 1100 kishini 476 ta kompaniya ishga yollaganini aniqladi.

O‘sha kompaniyalarning deyarli yarmi obro‘li kredit reytingiga ega, ular orasida shahar kengashlari yoki jamoat binolariga xizmat ko‘rsatuvchi davlat idoralaridan umumiy buyurtmalar olib turadigan yirik firmalar ham bor.

Boshqa ish beruvchilar “kapalak” firmalar bo‘lib, ko‘pi bilan bir yil faoliyat ko‘rsatadi va qulog‘igacha qarzga botib, yopilib ketadi.

Shvetsiyaning qalloblikning oldini olish masalalari bo‘yicha eksperti Anders Byorkenhaymning aytishicha, ayrim firmalar migrantlardan ishlash uchun ruxsatnomasi bor-yo‘qligini so‘rab o‘tirmay ishga oladi, ular haqidagi ma’lumotlarni tekshirishda xatolarga yo‘l qo‘yadi.

Lekin uning fikricha, atay faqat soliq raqami – va ehtimol, bank hisob raqami – mavjud migrantlarni ishga yollaydigan olg‘ir shved firmalari ham bor, chunki bunday ish so‘rovchilar eng kam ish haqining yarmi to‘lanadigan shartlarga ham rozi bo‘ladi.

Shvetsiyaning mehmonxona va restoran sanoatida eng kam oylik maosh 21 930 shved kronasi yoki taxminan 2320 AQSh dollaridir.

Shvetsiya transport agentligi direktori o‘rinbosari Anna Berggrundga ushbu hujjatlar fabrikasi qonunga xilof yo‘lni topib, keng tarqalgan qonunbuzarlik qilayotgani haqida isbotlar keltirilganda, agentlik soliqni muvofiqlashtirish raqamini berishga majbur ekanini aytdi.

−Avtomobilning egasi almashishi jinoyat emas, − dedi Berggrund. − Pochtangizni boshqa manzilga jo‘natish ham jinoyat emas. Biz faqat berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emasligini ko‘rganimizda, “yo‘q” deyishimiz mumkin. Qo‘limizda mavjud ko‘rsatmalarga amal qilamiz. Hujjatlarni olamiz va ko‘rib chiqamiz.

− Agar ariza to‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, biz uni hatto qandaydir noqonuniy holat shubha qilingan taqdirda ham, ma’qullamaslikka haqqimiz yo‘q,− dedi u. − Bir narsa deyish qiyin, balki u tilni, hujjatlarni tayyorlashni biladigan, hokimiyati idoralari bilan ishlab, ko‘zi pishgan odam sifatida yaxshi niyat bilan do‘stlari va oilasiga hujjatlarni taqdim etishda yordam berayotgandir.

Biroq Byorkenhaym avtomobillarning soxta oldi-sotdi sxemasi “uyushgan jinoyat uchun dastak” bo‘layotganidan ogohlantirdi.

“Zamonaviy qullik”

Akmalga ishi tushgan ko‘plab migrantlar uning hujjatlar fabrikasi haqida Shvetsiyadagi migrantlar jamoatidan eshitganini yoki ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalardan o‘qib bilganini aytadi.

Byorkenhaym bildiriishicha, tobora ko‘payib borayotgan bunaqa hujjat fabrikalari endi ish sxemasini Internetda Rossiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Gruziya va boshqa sobiq sovet resprublikalaridan kelgan migrantlar uchun ochiq-oydin reklama qilmoqda.

TV4 bilan “Ozodlik” radiosi aniqlashicha, migrantlar Shvetsiyaga Shengen zonasiga kiruvchi boshqa mamlakatdan faqat sayyohlik vizasi bilan kirishi hamda hujjatlar fabrikasiga soliqni muvofiqlashtiruvchi raqam olish uchun 500 yevrogacha (550 AQSh dollari) to‘lashi kerak bo‘ladi.

Byorkenhaym bunday qonuniy tirqishni berkitmayotgan Shvetsiya davlatini “zamonaviy qullik”ka yo‘l ochuvchi jinoiy faoliyatga “ruxsat beruvchi” deb atadi.

Akmal mijozlarining ko‘pchiligi “zamonaviy qullik” deb ataluvchi me’yordan ortiq ish soatlari va sharoitlaridan ezilib ketayotgan ishchilarga aylandi.

Ish vizasiga ega bo‘lmagan bir ayol ish migrantlari jinsiy zo‘ravonlikka duch kelayotganini, hatto fohishalikka majburlanayotganini aytadi.

‒ Menga, agar bir hafta bepul ishlashga rozi bo‘lsam ish berishini aytishdi, ‒ dedi Shvetsiyadigi bir universitetga farrosh bo‘lib ishga kirgan o‘zbek ayoli. ‒ O‘sha hafta oxirlagach, ular menga, yo shef bilan ko‘ngilxushlik qilasan, yoki ishsiz qolasan, dedi. Qaysi yo‘lni tanlar edingiz?

‒ Ko‘p ayollar yuzini teskari buradi, farzandlarini, uyga qaytishini o‘ylaydi va shunday qilishga majbur bo‘ladi, ‒ dedi u. ‒ Rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmaydi. Ular qilishga majbur bo‘lgani uchun ham shu ishni qiladi. Farzandlarini boqish uchun pul kerak.

Agar Shvetsiya hokimiyat idoralari avtomobillarinng soxta oldi-sotdi sxemasini “jadal nazoratga olish” chorasini ko‘rmasa, qonunchilikdagi soliqni muvofiqlashtirish raqamini noqonuniy olish tirqishini yopmasa, o‘sha sxema yanada tarqalib ketaveradi, deya gapini xulosalaydi Byorkenhaym.

XS
SM
MD
LG