Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:56

Qirg‘izistonda tomir otgan korrupsiya haqidagi filmda "Abu Saxiy" tilga olindi


Etnik uyg‘ur Ayerken Saymaiti.
Etnik uyg‘ur Ayerken Saymaiti.

Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozoriga kim asos solgan? “Abu-Saxiy” bozori bilan shu nomdagi kargo shirkati bitta organizmmi yoki boshqa-boshqa tashkilotlarmi? O‘zbekistonga Xitoy tovarlari qanday olib kirilganu ularni sotishdan tushgan pullar chet el valyutasiga aylantirilib qanday olib chiqib ketilgan?

Bu savollar javoblarining Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati 21 noyabrda e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv mualliflarining o‘z versiyalari bor.

“Abu-Saxiy” bozori va shu nomdagi kargo shirkatiga oid qanday ma’lumotlar ochiqlanganiga alohida ma’lumot beramiz. Hozir esa, Azattiq radiosi tayyorlagan surishtiruv filmiga oid qisqa ma’lumot bilan tanishing.

Бажыдагы миллиондор: Карактоо жана калкалоо
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:39:12 0:00

Istanbulda 10 noyabrda otib o‘ldirilgan xitoylik 37 yashar etnik uyg‘ur Ayerken Saymaiti Qirg‘iziston bojxonasining sobiq yuqori lavozimli amaldorini hamda uyg‘urlarning tovarlarni noto‘g‘ri markirovka qilish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari bilan bog‘liq millionlab dollar noqonuniy foyda olgan yashirin biznes tarmog‘ini ayblagan edi.

Xavfsizligidan xavotir olgani bois Qirg‘izistondan 2017 yili qochib ketgan Saymaiti jurnalistlarga ushbu mamlakatdan yuzlab million dollarni qanday olib chiqib ketganini isbotlovchi yuzlab hujjatlarni taqdim etgan. Ushbu amaliyotlarning katta qismi pul yuvishdan iborat bo‘lgan.

Ushbu pulning asosiy qismi Xitoyda tug‘ilgan va Qozog‘iston pasportiga ega bo‘lgan Habibulla Abduqodir yetakchiligidagi tarmoq hisob raqamlariga borib tushgan. Uning surati Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti 21 noyabrda e’lon qilgan qo‘shma tergovga qadar hech qaerda e’lon qilinmagan.

Abduqodirning oilasi ham, bojxona xizmati ham, Qirg‘iziston huquqni qo‘llovchi idoralari vakillari ham izoh berish haqidagi qayta-qayta murojaatlarga javob bermadi.

Saymaiti jurnalistlarga 2011 yildan 2016 yilga qadar bir o‘zi Qirg‘izistondan 700 million dollardan oshiq pul ko‘chirganini gapirib bergan edi. Jurnalistlar ushbu pul miqdori to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini aniqlay olmadi.

Shuningdek, Saymaiti chet elga ko‘chirgan 700 million dollar pulning hammasi uchun hujjatlarni olish imkoni ham bo‘lmadi. Biroq u ushbu pul miqdorining deyarli yarmini tasdiqlovchi naqd pul uchun deklaratsiya formalarini, bank pul ko‘chirmalari buyurtmalarini, shartnomalarni va boshqa hujjatlarni taqdim etgan edi.

Ushbu hujjatlarda pulni jo‘natgan, olgan kishilar ismi, sanalari, bank hisob raqamlari va pul jo‘natilgan mamlakatlar qayd etilgan.

Yana uning iddao qilganicha, Qirg‘izistonning obro‘li bojxona amaldori Raimbek Matraimov Abduqodir yuk tashish imperiyasining mintaqadagi himoyasini ta’minlashda muhim rol o‘ynagan.

Izoh olish uchun Matraimovni topib bo‘lmadi. Oilasining ko‘plab a’zolari va vakillari izoh berish haqidagi iltimoslarga javob bermadi. Raimbekning ukasi Iskandar Matraimovning yordamchisi buning uchun ko‘proq vaqt berilishini so‘radi.

“Ozodlik” radiosi qirg‘iz xizmati, Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tergov qilish loyihasi (OCCRP) va Kloop xabarlar sayti o‘tkazgan surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, Matraimovning xotini Dubayda ko‘chmas mulk ob’ektlarini qurish bilan shug‘ullanadigan va Habibulla nazorat qiladigan kompaniyaning investorlaridan biri hisoblanadi.

Saymaiti o‘limi oldidan o‘zini himoya qilish uchun jurnalistlarga Turkiya vatandoshligini olish uchun ariza berganini va uni 14 noyabrda olishni kutayotganini, so‘ngra yanada ko‘proq moliyaviy hujjatlarni taqdim etishni rejalashtirayotganini aytgan edi.

U Istanbuldagi kafeda otib o‘ldirildi. Turkiya politsiyasi ish yuzasidan bir necha kishini hibsga oldi, lekin hibsga olish sababiga oid tafsilotlar va potensial aloqalar mavhumligicha qolmoqda. Turkiya politsiyasi ayni ish yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.

XS
SM
MD
LG