Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:39

Forishda bradzot kasalligiga qarshi emlangan qo‘ylar harom o‘layapti


Garashalik cho‘pon Abdurahim Qlichevning harom o‘lgan qo‘ylari.

Jizzax viloyati Forish tumanining Garasha qishlog‘ilik cho‘pon Abdurahim Qlichevning bradzot kasaliga qarshi 15 oktabrda emlangan 90 bosh qo‘yidan 37 tasi oradan bir oy o‘tib harom o‘ldi.

Cho‘ponning Ozodlikka aytishicha, qo‘ylarni Forish tumani Veterinariya bo‘limi xodimlari emlagan, tumandagi boshqa xo‘jliklarida ham bradzot kasaliga qarshi emlangan qo‘ylar o‘lmoqda.

Abdurahim Qlichevning aytganlarini tasdiqlagan forishlik boshqa fermerlar ularning qo‘ylari mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan olib kelingan shubhali dorilar bilan emlangan bo‘lishi mumkin, degan gumonda ekanliklarini aytishdi.

Forish tuman Veterinariya bo‘limi mudiri o‘lgan qo‘ylar va emlash dorilaridan namunalar olinib Toshkentdagi Ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasiga jo‘natilgani, javob hali olinmaganini aytdi.

Forishda qo‘ylar bradzotga qarshi emlanishi ortidan o‘lgan.
Forishda qo‘ylar bradzotga qarshi emlanishi ortidan o‘lgan.

Garasha qishlog‘ilik cho‘pon Abdurahim Qlichevga ko‘ra, qo‘ylar hozir ham o‘lishda davom etyapti:

Emlanganidan ikki kun o‘tib qo‘ylar oyoqlari shishib o‘lishni boshladi. Hozirgacha 37ta qo‘yni o‘lgan bo‘lsa, yana 17tasi chalajon yotibdi.

- Emlanganidan ikki kun o‘tib qo‘ylar oyoqlari shishib o‘lishni boshladi. Hozirgacha 37 ta qo‘yim o‘lgan bo‘lsa, yana 17 tasi chalajon yotibdi. Bilmaymiz qanday dori bilan emlashdi. Laboratoriya natijasi yo‘q, hech qanday natija yo‘q.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan, lekin ismi ochiqlanmasligini istagan forishlik boshqa bir cho‘pon uning o‘ttizta qo‘yidan o‘ntasi bradzotga qarshi emlash ortidan o‘lganini aytdi:

- Arzonga falshivka dorilarni olib kelishganmi yoki noto‘g‘ri dori urishganmi, qo‘ylar shishib o‘lib qolyapti. Vaqtida emlamaganliklaring uchun o‘lyapti, deyishyapti. Lekin, emlanishidan oldin qo‘ylar soppa-sog‘ edi.

Forish tuman Veterinariya bo‘limi rahbari Baxtiyor Nurmurodov qo‘ylar o‘lishi bilan bog‘liq xolatdan xabari borligi, vaziyat nazoratga olinganini aytdi:

- Xodimlarimiz borib tekshirdi. Bizda Garashada 27 ta qo‘y o‘lgani haqida ma’lumot bor. Men o‘zim borib tekshirganman. O‘lgan qo‘ylardan namunalar olib Toshkentdagi Ilmiy tekshirish instituti laborotoriyasiga, Jizzax viloyat Veterinariya bo‘limiga jo‘natildi. Hozir o‘lish to‘xtagan. Hamma chora-tadbirlarni qo‘llayapmiz..

Qo‘ylarning o‘limiga nima sabab bo‘lgan? Ular qanday dorilar bilan emlangan va dorilar qaerdan olib kelingan?

Forish Veterinariya bo‘limi rahbari Ozodlikning bu savollariga javob berolmasligini aytdi.

- Bu haqda sizga informatsiya berolmayman, hozir tekshiruv ketyapti, natijasi ma’lum emas, - dedi Baxtiyor Nurmurodov.

Ayni paytda bradzotga qarshi emlanib o‘lgan qo‘ylarning go‘shti sotuvga chiqib ketishi borasida ham xavotirlar bor.

Lekin, Forish tumani Veterinariya bo‘limi rahbari Baxtiyor Nurmurodov ham garashalik cho‘pon Abdurahim Qlichev va boshqa fermerlar o‘lgan qo‘ylarning barchasi yoqilayotganini aytdi.

- O‘lishi bilan o‘lganini rasmiylashtirib, yoqyapmiz, chunki go‘shti xavfli, odamni ham o‘ldirishi mumkin, - deydi garashalik cho‘pon.

Abdurahim Qlichevning aytishicha, qo‘ylari o‘limi yuzasidan tuman prokuraturasiga arz qilgan.

- O‘lgan qo‘ylar ona qo‘ylar, bozorda har biri bir yarim million so‘m turadigan qo‘ylar. Men bu qo‘ylarning o‘limiga sababchi bo‘lganlarni aniqlab, ko‘rgan zararimizni qoplab berishni so‘rab, Forish tumani prokuraturasiga ariza topshirganman. Ular ham hozir laboratoriya natijalarini kutmoqda, - deydi Qlichev.

Bradzot chorva mollari va qo‘ylarda uchraydigan va o‘tkir kechadigan yuqumli kasallik bo‘lib, shirdon va o‘n ikki barmoqli ichakning gemorragik yallig‘lanishi, parenximatoz organlar to‘qimalarining jarohatlanishi va ichak hamda oshqozonda gaz to‘planishi bilan kechadi.

O‘zbekistonda bradzot turib boqiladigan yosh hayvonlar, qo‘y va mollar orasida yilning har qanday faslida uchraydi.

Cho‘ponlardan har yil kuzda hayvonlarni bradzotga qarshi emlatish talab etiladi.

XS
SM
MD
LG