Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:17

Rossiyalik 63 yashar professor 24 yashar talaba qizni chopib, qopga solib suvga tashladi


Professor Sokolov Napoleon kiyimida.
Professor Sokolov Napoleon kiyimida.

U Napoleon rolini sahnalashtirilgan jang maydonida o‘ynagan. Xabarlarda aytilishicha, Oleg Sokolov Sankt-Peterburgdagi Petropavlovsk qal’asida sayyohlar ko‘z o‘ngida Napoleon libosida o‘zini o‘zi o‘ldirishni istagan.

9 noyabrda politsiya 63 yashar tarix professori va napoleonparast Sokolovni Moyka daryosidan qutqarib oldi va u gipotermiya – badani qattiq sovqotishi tashxisi bilan kasalxona yotqizildi. Xudkushlik rejasi amalga oshmay qoldi.

Tergovchilarga ko‘ra, uning ryukzagidan ikkita chopilgan qo‘l va to‘pponcha, xonadonidan esa sobiq talabasi, 24 yashar Anastasiya Yeshchenkoning boshsiz va oyoqlarsiz tanasi hamda qonga botgan arra topilgan. Bu rus yozuvchisi Fyodor Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo” romani sahnalarini eslatadi.

Ushbu dahshatli qotillik Rossiya oilalarida ayollar zo‘ravonlikdan qonun yo‘li bilan yaxshi himoyalanmaganini ko‘rsatadi, deydi huquq faollari.

Professorning Krasnodar o‘lkasidagi qishloqdan bir necha yil oldin Sankt-Peterburgga o‘qishga kelgan ma’shuqasini bunchalik shafqatsizlik bilan o‘ldirishi Rossiya sariq matbuoti uchun "bayram" bo‘ldi.

U yaxshi ko‘rgan qizidan deyarli 40 yosh katta bo‘lgan.

Rossiya matbuoti yozishicha, 7 noyabrda ular ikkovi urishib qolgan va Sokolov Yeshchenkoni otib tashlagach, oradan ikki kun o‘tib, jasadini bo‘laklarga bo‘lgan.

Sokolov hibsga olingandan so‘ng sudga qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan.

Ma’lum qilinishicha, ilgarilari ham uning zo‘ravonligi ustidan sobiq va hozirgi talabalar shikoyat qilgan hollar bo‘lgan. Masalan, 2008 yilda bir talaba qiz Rossiya politsiyasiga Sokolovning zo‘ravonligidan shikoyat qilib, ariza bergani ma’lum bo‘ldi.

Sokolov 11 noyabr kuni 2000 yildan beri dars berib kelayotgan universitetdan ishdan bo‘shatildi.

U o‘tgan yillarda Fransiya bilan Rossiya munosabatlar bo‘yicha ydtakchi ekspert bo‘lgan. Ko‘pincha Napoleon rolini ham o‘ynagan. Uni ideal davlat arbobi deb bilgan.

2003 yili sobiq prezident Jak Shirak uni Fransiyaning “Legion d'Honneur” ordeni bilan mukofotlagan edi.

Rossiya axborot vositalari xabarlarida aytilishicha, Sokolov hukumat qo‘llab-quvvatlaydigan va madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy rahbari bo‘lgan Rossiya harbiy-tarixiy jamiyatining yuqori lavozimli amaldori bo‘lgan. Yeshchenkoning o‘ldirilgani xabari ortidan jamiyat o‘zini Sokolovdan chetga oldi.

Axborot vositalari, gumonlanuvchi va qurbon bo‘lgan qizning do‘stlari va tanishlariga ko‘ra, Sokolov 9 noyabr kechasi jasad bo‘laklarini Moyka daryosiga tashlab yuborish uchun xonadonidan chiqib ketgan. Daryoga otilgan qop yuzaga qalqib chiqqanini ko‘rgach, uning ortidan suvga sakragan.

Yeshchenkoning akasi Sergey Rossiyaning RBK nashriga singlisi bilan uning o‘ldirilishidan oldin gaplashganini va Sokolov uni rashk sabab o‘ldirganini ma’lum qildi.

“Singlim talaba bo‘lgan bir do‘stining tug‘ilgan kun ziyofatiga borishni rejalashtirayotgan edi. U singlimni kaltaklagan, shundan so‘ng singlim xonadondan chiqib ketgan va yana qaytib kelgan”, ‒ deb iqtibos keltiriladi uning so‘zlaridan. ‒ Oqibatda Sokolov rashk sabab quturib ketgan”.

XS
SM
MD
LG