Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:51

Kommersant’: Toshkent Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan kafolatlarni talab qilmoqda


O‘zbekiston hukumati Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikni muhokama qilish doirasida Rossiya va ittifoqqa a’zo boshqa davlatlardan o‘z ishlab chiqarish sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa sohalari uchun kafolatlar berilishini talab qilmoqda.

Bu haqda 11 noyabr kuni «Kommersant’» nashri Rossiya hukumatidagi manbalariga tayangan holda xabar berdi.

Nashr manbasining aytishicha, ayni paytda “ O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi masalasida ekspertlar o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni va sektoral maslahatlashuvlar boshlangan”.

«Kommersant’»ning yozishicha, Samarqandda 10-11 noyabr kuni o‘tkazilgan “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi doirasida mazkur masalada matbuot uchun yopiq bo‘lgan maxsus sessiya ham o‘tkazilgan.

Unda Rossiya tomonidan SNG davlatlari bo‘yicha uchinchi departament boshlig‘i Aleksandr Sternik, Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev, O‘zbekiston tomonidan esa Xavfsizlik kengashi raisi Viktor Mahmudov, Senatning xalqaro munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi raisi Alisher Qurmonov, Tashqi ishlar vazirligi boshqarmalarining boshliqlari ishtirok etganlar.

“Moskvada “ʹ”ning diplomat bo‘lgan suhbatdoshlari Toshkentdan tez orada Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi ariza kelib tushishiga umid qilinayotganini sha’ma qildilar. Eng optimistik prognozga qaraganda, ariza shu yilning oxirigacha yoki 2020 yilda kelib tushadi. Ammo bu masala bir necha yil muhokama etiladi, deb hisoblaydiganlar ham bor”, deb yozdi nashr.

Rossiyalik ayrim ekspertlar O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishida tavakkallar ko‘p ekaniga e’tibor qaratmoqdalar.

Moskva davlat xalqaro aloqalar institutining xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Ivan Safranchuk ana shunday tavakkallardan biri qatorida O‘zbekiston avtomobil sanoatini misol tariqasida keltiradi.

“O‘zbekistonning asosiy vazifasi tashqi bozorlarni ochishdir. Lekin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashqi bozorni ochishgina emas, balki ichki bozorni ham ochishdir. Bu esa mahalliy avtomobil sanoati uchun qattiq zarba bo‘ladi”, deydi ekspert.

O‘zbek senatori Alisher Qurmonov mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi masalasini hozircha bo‘rttirmaslik kerak degan fikrda.

“Ekspertlarimizga bu masalani tushinib olishlari va xulosaga kelishlari uchun ozroq vaqt berishimiz kerak. Shundan so‘nggina bu mavzuni kengroq va samaraliroq sharhlash mumkin bo‘ladi”, deb aytgan senator.

AQSh savdo vaziri Uilbur Ross esa Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish O‘zbekistonning xalqaro savdo jarayonlariga integratsiyalashuvini sustlashtirishidan ogohlantirgan edi.

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi yuzasidan bahs-munozaralar Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienkoning 2 oktyabrda Toshkentga qilgan tashrifidan so‘ng boshlanib ketgan edi.

Valentina Matvienko prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi "mavzusiga bir necha marotaba qaytganliklari"ni aytgan edi.

Rossiyadagi ayrim xabar agentliklari Matvienkoning "Mirziyoyev qaror qabul qildi, O‘zbekiston hukumati YOII qo‘shilish masalasini ishlab chiqmoqda", degan so‘zlarini keltirgandi.

XS
SM
MD
LG