Линклар

Шошилинч хабар
07 июл 2025, Тошкент вақти: 02:32

Emmanuel Makron Parijda Emomali Rahmon bilan muloqot qildi. Rahmon soqchilari va muxolifatchilar mushtlashdi


Emmanuel Makron va Emomali Rahmon
Emmanuel Makron va Emomali Rahmon

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 8 noyabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan muloqot o‘tkazdi. Ayni kuni Parijda prezident Rahmon tansoqchilari va muxolifat faollari o‘rtasida mushtlashuv bo‘ldi.

"Reuyters" agentligining yozishicha, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvi Parijdagi Yelisey saroyida bo‘lib o‘tdi.

Muloqot tafsiloti ma’lum emas.

Prezident Rahmonning Yevropa mamlakatlariga rasmiy safari 4 noyabrda Shveysariyadan boshlandi va 12 noyabrga qadar davom etadi.

Prezident Rahmon 7 noyabrda Fransiyaga yo‘l oldi va dastlab Parijda Jahon Ismoiliylari rahbari Og‘oxon IV va Fransiyadagi yirik shirkatlar rahbarlari bilan uchrashdi.

Uning Fransiyaga safari arafasida kamida ikkita xalqaro inson haqlari tashkiloti Emmanuel Makronni Tojikistonda muxolifatning yo‘q etilishi, muxolif qarashdagi shaxslarning hibsga olinishi, qiynoqqa solinishi va so‘z erkinligining cheklanishiga "ko‘z yummaslikka" chaqirdi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Yevropa Ittifoqi rahbarlari, jumladan Emmanuel Makronga rasmiy maktub yo‘llab, ularni Tojikiston bilan aloqalarni yaxshilash barobarida bu mamlakatdan so‘z erkinligini yaxshilashni talab qilishga chaqirdi.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, 2016 yildan buyon 20dan ko‘proq jurnalist bosimlar tufayli Tojikistonni tark etgan.

Muxolifat namoyishi va mushtlashuv

Tojik muxolifatchilari namoyishi. Parij, 8 noyabr
Tojik muxolifatchilari namoyishi. Parij, 8 noyabr

8 noyabrda Parijda "Milliy Kelishuv" va "24 guruhi" kabi tashkilotlar faollaridan iborat bir guruh tojik muxolifatchilari e’tiroz namoyishi o‘tkazib, Tojikiston prezidentining Fransiyada kutib olinishini "sharmandalik" deya baholadilar.

Tojikistonda faoliyati taqiqlangan bu ikki guruh faollari siyosiy mahbuslarni ozod qilish, qamoqxonalarda qiynoqlarga chek qo‘yish va shaffof saylovlar o‘tkazishni talab qildilar.

Bu talablarga Tojikiston rasmiylari hozirga qadar rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Turli axborot agentliklari va ijtimoy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 8 noyabrga o‘tar kechasi "24 guruhi"ning bir necha faoli Tojikiston prezidenti va fransiyalik sarmoyadorlar muloqoti bo‘lib o‘tayotgan bino yaqinida prezident tansoqchilari bilan to‘qnashgan.

Mushtlashuv va o‘zaro haqoratlar bilan o‘tgan bu mojaro politsiya kuchlarining aralashuvi bilan nihoya topgan.

Tojikiston prezidenti xavfsizlik xizmati ushbu voqeaga hozirga qadar izoh bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG