Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:10

Faol: Olloshukurova IIBda erkak ishtirokida yechintirilganini aytdi. Ombudsman komissiyasi blogerdan xabar oldi


Bloger Shabnam (Nafosat) Olloshukurova
Bloger Shabnam (Nafosat) Olloshukurova

Xorazm viloyat Asab-ruhiy kasalliklar dispanserida majburan ushlab turilgan bloger Nafosat Olloshukurova barcha savollarga aniq va mantiqli javob berdi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston Respublikasi Ombudsmani o‘rinbosari ishtirokidagi maxsus komissiya tarkibida Olloshukurovani 21 oktabrda borib ko‘rgan faol bildirdi. Faol komissiyaning rasmiy xulosasi e’lon qilinguniga qadar OAVga ma’lumot berishi taqiqlangani uchun ismi aytilmasligini istadi.

Komissiya a’zolari bilan suhbatda bloger Nafosat Olloshukurova ma’muriy jazo muddatini o‘tagan muassasa va ruhiy kasalliklar dispanserida unga jismoniy bosim bo‘lmaganini aytgan.

Maxsus komissiya tarkibida blogerni dispanserga borib ko‘rgan faolning aytishicha, Olloshukurova 26 sentabr kuni IIB xodimlari tarafidan qamoqqa olingan paytda erkak xodim ishtirokida yechintirilganidan komissiya a’zolariga shikoyat qilgan. Komissiyaning Ozodlik suhbatlashgan boshqa a’zolari ham buni tasdiqladi.

"Protseduraga binoan yechintirilgan"

Xorazm viloyat IIB vakilining Ozodlikka aytishicha¸ 26 sentabr kuni hibsga olingan Nafosat Olloshukurova mavjud protsedura asosida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bu ko‘rik talabi asosida blogerni bir ayol xodim yechintirgan. Bir erkak IIB xodimi esa guvoh sifatida ishtirok etgan. IIB vakili ta’kidicha, Olloshukurova ko‘rikdan o‘tkazilganida barcha qoidalarga rioya qilingan¸ erkak xodim ishtiroki uning vazifa doirasiga kirgan.

Ruhiy kasalliklar dispanserida majburan ushlab turilgan bloger Nafosat Olloshukurovani komissiya tarkibida borib ko‘rgan viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulsara Qurbonboyeva Ozodlik muxbiriga tekshiruv natijalarini izohlamadi.

Xorazm viloyat Asab-ruhiy kasalliklar dispanseri bosh vrachi Mahmud Rahimboyevning yordamchisi “Nafosat Olloshukurovaning belgilangan tartibda muolaja olayotgani va sharoiti yaxshi” ekanini aytish bilan kifoyalandi.

Maxsus komissiya tarkibida blogerni dispanserga borib ko‘rgan faolning aytishicha, “Dispanserda issiq suv yo‘q”.

Faolga ko‘ra, “Dispanser joylashgan Urganch tumanida markazlashgan issiq suv ta’minoti bilan muammo” mavjud.

Nafosat ishi BMT e’tiborida

Faolning aytishicha¸ komissiya tuzish tashabbusi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligidan chiqqan:

- Komissarlikning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Rishard Komenda bloger Olloshukurovaning taqdiriga e’tibor qaratdi. Ana shundan keyin Ombudsman maxsus komissiya tuzib, blogerni ko‘rikdan o‘tkazdi.

21 oktabr kuni Xorazmga borgan komissiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, "Ezgulik" va "Najot" inson huquqlari tashkilotlari vakillaridan iborat 10 kishi bo‘lgan.

- Komissiyaning Nafosat (Shabnam) Olloshukurova ishi borasidagi to‘liq hisobot e’lon qilinadi,- dedi komissiya ishida qatnashgan faol

Komissiya ruhiy shifoxonada bo‘lib turgan vaqtda Olloshukurova Toshkentda egiz qizlariga qarayotgan ota-onasi bilan telefon orqali gaplashtirilgan. Bu haqda Nafosat Olloshukurovaning onasi Xoljon Davletova.aytdi:

- Nafosat bilan gaplashtirdilar.. “Opa meni chiqarishlarini so‘rang. Chiqsam, hammasi yaxshi bo‘ladi”, dedi. Katta akasi Murodjon yonida edi. Unga uchrashishga ruxsat berishibdi.

Komissiya tarkibida Olloshukurovani ko‘rgan faolning aytishicha, bloger o‘zini dispanserdan chiqarilishini so‘ragan:

- Olloshukurova barcha savolarga bosiq, aniq va mantiqli javob berdi. Men sinchiklab eshitdim. U 3 soatga cho‘zilgan suhbat davomida “Men kasal emasman” degan gapni 37 marta “meni bu yerdan chiqaringlar” degan gapni 21 marta ishlatdi.

Faolning aytishicha, 21 oktabr kuni Oliy majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tuzgan komissiya tarkibida Toshkentdan kelgan ikki vrach bloger Nafosat (Shabnam) Olloshukurovani qo‘shimcha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida Toshkentdan borgan shifokorlar komissiyasi blogerni ruhiy xasta, deb topgan:

- Vrachlar Olloshukurova hozirda sog‘ayish yo‘liga kirayotgani haqida xulosa berdi.

Xavotirlar

Mustaqil jurnalist va blogerning ruhiy muolajaga majburlanishi qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan qoralanmoqda.

Toshkentga kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian boshchiligidagi delegatsiya 22 oktabr kuni O‘zbekistonlik faollar bilan uchrashuv chog‘ida bloger Nafosat Olloshukurova masalasi bilan qiziqqan.

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning xabar qilishicha, Nafosat Olloshukurova masalasi bilan AQShning Toshkentdagi elchixonasi mulozimi ham xavotir izhor qilgan.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan Xyuman Rayt Votch kabi o‘nlab nufuzli tashkiotlardan tarkib topgan «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi 20 oktabr kuni Nafosat Olloshukurovadan taqdiridan tashvish bildirilgan bayonot tarqatdi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (JHQQ) O‘zbekiston ma’murlarini ruhiy kasalliklar dispanseriga yotqizilgan blogerni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan edi.

Bloger. Faol. Ona

Shoir va jurnalist Mahmud Rajabning “Toshkentga yurishini” yoritgani ortidan 10 kunlik qamoq muddatini 3 oktabr kuni o‘tab bo‘lgan 32 yashar bloger Nafosat Olloshukurova o‘sha kunning o‘zida Urganch tumanida joylashgan Xorazm viloyat asab-ruhiy kasalliklar dispanseriga yoëtqizilgan edi.

Ozodlik 21 oktabr kuni qo‘lga kiritgan sud qarorida ta’kidlanishicha, mahkama hay’ati Olloshukurovaning ochlik e’lon qilganini “uning ruhiy holati buzilishi” deb topgan va shu sababga ko‘ra uni majburan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirgan.

Sud qaroridan ma’lum bo‘lishicha, Nafosat Olloshukurova avval aytilganidek, qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach emas, balki qamoqqa tashlanganidan 3 kun o‘tib, ruhiy kasalxonaga yotqizilgan.​

Nafosat Olloshukurova blogerlar safiga bir yilcha avval qo‘shilgan. Asosan, Feysbuk tarmog‘i orqali jonli chiqishlar qildi. Chiqishlarida asosiy e’tiborni huquq-tartibot idoralaridan aziyat chekkan shaxslarga qaratdi. Yana u Toshkentda rasmiy idoralar oldida bo‘ladigan norozilik piketlarini tarmoqlar orqali jonli yoritadigan bloger sifatida tanilgan.

Jonli tarzda efirga uzatilgan videolarda u noma’lum ayollar tomonidan hujum bo‘lganini aytgan edi.

Ikki oy avval Xotin-qizlar qo‘mitasining "huquqbuzarlikka moyil" ayollar ro‘yxatini tuzish qarori keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. O‘sha paytda Shabnam Olloshukurova Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova bilan Feysbuk orqali jonli intervyu qilgani bilan ham tanilgan edi.

Nafosat Olloshukurovaning uch yoshga to‘lgan ikki egizak farzandi bor. Hozirda bolalarga Toshkentda Shabnamning onasi qarayapti.

XS
SM
MD
LG