Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:55

Eron Turkiya Suriya hududida postlar o‘rnatishiga qarshi ekanligini bildirdi


Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Musoviy

Eron Turkiya harbiylarining Suriya ichida postlar o‘rnatishini rad etdi. Uning vakili fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar hurmat qilinishi shart.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Musoviy davlat televideniesi orqali olib ko‘rsatilgan haftalik matbuot konferensiyasida Suriya bilan Turkiya o‘rtasidagi muammolar “diplomatik yo‘l bilan” hal etilishi kerakligini aytdi.

‒ Biz Anqaraning Suriyada postlar o‘rnatishiga qarshimiz... Suriyaning hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak, ‒ deb aytdi u.

O‘tgan haftada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on harbiy harakatlarni to‘xtatib turishga rozi bo‘ldi. Bundan maqsad Suriya shimolidagi Turkiya qo‘shinlari hujum qilgan hududlarni kurd qo‘shinlaridan tozalash va ularning olib chiqib ketilishiga vaqt berish edi.

22 oktabrda berilgan muhlat tugayotgani sababli Suriya kurdlari xalq qo‘shinlari rasmiy vakillarining bildirishicha, ular AQSh vositachiligida erishilgan harbiy harakatlarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi kelishuvga asosan, Suriya shimolidagi hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishga tayyor. Buning uchun Turkiya yetakchiligidagi kuchlar kurd qo‘shinlariga janglar ro‘y berayotgan shaharda qolishi va tinch aholi esa chiqib ketishiga ruxsat berishi kerak.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li 20 oktabrda Anqara “birorta ham kurd jangarisi” rejalashtirilayotgan “xavfsizlik hududi”da qolishini istamayotganini, Turkiya qo‘shinlari Suriya prezidenti tomonida jang qilayotgan Rossiya bilan kurd jangarilarini Suriyaning Manbij va Ayn al-Arab mintaqalaridan chiqarib yuborish masalasini kelishib olmoqchi ekanini aytdi.

Erdo‘g‘onning 22 oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Qora dengiz bo‘yidagi Sochi kurort shahrida uchrashuvi rejalashtirilgan.

Janglar davom etayotgan shaharlardan o‘n minglab tinch aholi qochib chiqdi, ko‘plab tashkilotlar Turkiya qo‘shinlari o‘zboshimchalik qilayotgani va odamlarni qatl etayotgani sabab gumanitar fojia ro‘y berishidan xavotirga tushib qolgan.

Butun dunyoda NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyaning Suriyadagi hujumlariga nisbatan norozilik ortib bormoqda. G‘arb mamlakatlari rahbarlari Turkiyaga qurol-yarog‘ sotishni taqiqlab qo‘ydi, AQSh prezidenti Donald Tramp agar Turkiya haddidan oshadigan bo‘lsa, iqtisodiyotini “vayron etish” bilan tahdid qildi.

Trampning 6 oktabrda AQSh qo‘shinlarini Suriya shimoli-sharqidan olib chiqish to‘g‘risidagi qarorini ko‘pchilik Turkiya amaliyotlar o‘tkazishi uchun “yashil chiroq yonishi” deb tushundi. AQSh qo‘shinlari o‘sha yerda Asadga qarshi kurash va Islom davlati radikallariga qarshi uzoq davom etgan urush vaqtida kurd qo‘shinlari bilan yelkama-yelka jang qilgan edi.

Tanqidchilar Tramning qarorini AQShga ittifoqchi bo‘lgan kurdlarga nisbatan “sotqinlik” deb atadi. Ko‘pchilik kurd xalq qo‘shinlari qamoqda ushlab turgan minglab ID mahbuslari janglar vaqtida ozodlikka chiqib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens e’lon qilgan kelishuvga ko‘ra, barcha harbiy harakatlar 5 kunga to‘xtatilishi, Qo‘shma Shtatlar Turkiya chegarada o‘rnatishga intilayotgan “xavfsiz hudud”dan kurdlar yetakchiligidagi qo‘shinlar olib chiqib ketilishiga sharoit yaratib berishi kerak edi.

Erdo‘g‘on mabodo kurd qo‘shinlari 22 oktyabrga qadar olib chiqib ketilmasa, “biz ishni to‘xtatgan joyimizdan boshlaymiz va terrorchilarning boshini yanchishni davom ettiramiz”, deya ogohlantirgan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG