Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:22

Xalqaro arbitraj O‘zbekiston mulki musodara qilingan turk shirkatiga $40mln to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqardi


Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd rahbari Vohid Gunash 18 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ICSID qaroridan rozi ekanini aytdi.
Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd rahbari Vohid Gunash 18 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ICSID qaroridan rozi ekanini aytdi.

Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro markaz (International Centre for Settlement.of Investment Disputes -​ ICSID) O‘zbekiston hukumati Turkiyadagi Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd shirkatiga 40 million AQSh dollarilik tovon to‘lashi lozimligi haqida hukm chiqardi.

Bu haqda Global Arbitration Review nashri 8 oktabr kuni xabar qildi.

2004-2011 yillarda Toshkentda "Turkuaz" savdo markaziga asos solib, faoliyat yuritgan shirkat egasi, 50 yashar Turkiya fuqarosi Vohid Gunash 2012 yil aprelida esa musodara qilingan mol-mulkini qaytarish talabi bilan O‘zbekiston rasmiylariga qarshi da’vo arizasi bilan ICSID ga murojaat qilgan edi.

Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro markaz qarorlarini e’lon qilib boradigan GAR nashri xabariga ko‘ra, belgiyalik hakam Hans van Xoutte raisligidagi mahkama O‘zbekistonda mol-mulki musodara qilingan turk shirkatining da’vo arizasini 7 yil davomida ko‘rib chiqib, 4 oktabr kuni so‘nggi qarorini chiqargan.

Qarorda O‘zbekiston hukumati turk shirkatiga to‘lashi kerak bo‘lgan tovon 40 million dollar qilib belgilangan.

Bu esa da’vogar talab qilganidan ancha kam.

AQShdagi xalqaro mahkamaga berilgan hujjatlarda Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd shirkati O‘zbekiston hukumati aybi bilan 180 million dollarlik zarar ko‘rgani haqda arz qilgandi.

O‘zbekiston tomoni ICSID qarorini hozircha izohlamadi.

ICSID O‘zbekiston turk shirkatiga US$40 million to‘lashi haqida qaror chiqardi.
ICSID O‘zbekiston turk shirkatiga US$40 million to‘lashi haqida qaror chiqardi.

Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd rahbari Vohid Gunash 18 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ICSID qaroridan rozi ekanini aytdi.

180 million dollar so‘ragandik, mahkama O‘zbekiston bizga 40 million dollar to‘lashi kerak, deb qaror berdi va shunga rozimiz

- Shariat kesgan barmoq og‘rimaydi deganlaridek, qarordan rozimiz, adolat bu! 180 million dollar so‘ragandik, mahkama O‘zbekiston bizga 40 million dollar to‘lashi kerak, deb qaror berdi va shunga rozimiz. O‘zbekistonda ma’naviy zarar ham ko‘rganmiz, to‘qqiz yarim oy davomida Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi MXX tergov izolyatorida saqlanganimda ko‘rgan qiynoqlarim yuzasidan ham shikoyat qilganman, lekin da’voning ma’naviy qismi e’tiborga olinmagan aftidan, - dedi Vohid Gunash.

Ozodlik Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro mahkama qarori yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatidan izoh ololmadi.

- Bu haqda ma’lumotga ega emasmiz, - dedi matbuot xizmatining Ozodlik suhbatlashgan xodimi.

Turkiyalik tadbirkor Vohid Gunash yetti yil mobaynida O‘zbekistonda tadbirkorlik qilganidan keyin 9 oy qamoqda saqlanib¸ 2011 mamlakatdan deportatsiya qilingan edi.


Gunash bilan birga yana yetti nafar turkiyalik tadbirkor soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik¸ hamda “yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shgani” uchun O‘zbekiston sudi tomonidan aybdor deb topilgan edi.

Vohid Gunashning O‘zbekistonda "Turkuaz" nomli yirik xorijiy savdo tarmog‘iga aylangan shirkati iqtisodiy va siyosiy jinoyatlar, jumladan soliqdan bo‘yin tovlash va bojxonaga oid qonunchilikni buzganlikda ayblanib, 2011 yilda yopilgandi.

O‘zbekiston hukumatiga 700 ming AQSh dollarini to‘laganlaridan so‘ng, ularga jazo yengillashtirilgan va mamlakatdan badarg‘a etilgan.

Ammo, Vohid Gunash O‘zbekistonda hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev davrida sarmoya muhiti yaxshilangani etirof etadi, lekin bu mamlakatga biznes qilish uchun qaytish niyati yo‘qligini aytadi.

- Mirziyoyev meni ikki yil avval O‘zbekistonga taklif qilgan edi. Bordik, ko‘rishdik, lekin kelisha olmadik. "Ular pulimiz yo‘q, sizga bino beramiz, ish yuriting" dedilar. "Binoni nima qilaman", dedim. Lekin, O‘zbekistonda biznes uchun hozir to‘siq bor deb o‘ylamayman. Hurmatli Mirziyoyevga qarshi hech qanaqa e’tirozimiz ham yo‘q. Bu prezident uch yil ichida ancha o‘zgarishlar qildi, - deydi Gunash.

  • 1965 yilda ta’sis topgan Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga 140 davlat¸ xususan¸ O‘zbekiston ham a’zo. Jahon Banki huzuridagi bu markaz xalqaro maydondagi sarmoya mojarolarini ko‘rib chiqib¸ hukm chiqaruvchi nufuzli xalqaro arbitraj mahkamasi hisoblanadi.
  • 2006 yilda Newmont USA Limited and Newmont (Uzbekistan) Limited shirkati O‘zbekiston hukumatini Vashington mahkamasiga tortgan va o‘zaro mojaro 2007 yilda O‘zbekiston hukumati Newmont bilan murosaga erishib¸ shirkatga 80 million dollar to‘lashi bilan yakun topgan edi.
  • Shuningdek¸ Isroilning Metal-Tech Ltd.shirkati ham O‘zbekiston hukumatini 2010 yil aprelida Vashington arbitraj sudiga tortgan¸ ammo o‘sha yilning iyun oyida hakam korrupsiyaga borib taqaluvchi bu kelishmovchilik yuzasidan ajrim chiqarish o‘z vakolatiga kirmasligi asosida jaraënni to‘xtatgan.
  • MTS mobil telefon shirkati¸ “Vimm-Bill-Dann”, “Carlsberg”, Spentex Industries, Oxus Gold, United Cement Group kabi o‘nlab shirkatlar ham O‘zbekistonda muammolarga duch kelgach Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro mahkama ICSID ga arz qilishgan edi.
XS
SM
MD
LG