Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2019, Тошкент вақти: 02:30

Boysunda kollej o‘quvchisi osilgan holda topildi. Kursdoshlari o‘limni haqorat oqibati demoqda


So‘nggi olti oy ichida Ozodlik yoshlarning o‘z joniga qasd qilgani bilan bog‘liq o‘ndan ortiq holat haqida xabar qildi.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Qishloq xo‘jaligi va transport kolleji o‘quvchisi uyi molxonasida osilgan xolda topildi.

24 sentabr kuni ro‘y bergan ushbu fojia haqida Ozodlikka xabar qilgan kursdoshlarining iddaosiga ko‘ra, o‘quvchi kollej rahbarlarining haqorati ortidan o‘zini osgan.

Kollej rahbariyatidan voqea yuzasidan izoh olib bo‘lmadi. Voqeani o‘rgangan tuman hokimligi rasmiysi surishtiruv ketayotganini bildirish bilan cheklandi.

Boysun tuman prokuraturasi 18 yoshli kollej o‘quvchisining o‘limi yuzasidan tergovoldi surishtiruvi olib borilayotganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Boysun tumanining Gaza mahallasida joylashgan Qishloq xo‘jaligi va transport kollejining o‘quvchisi A.K. 24 sentabr kuni uyi molxonasida osilgan holda topildi.

Kursdoshlarining Ozodlikka da’vo qilishicha, bola kollej rahbariyati tomonidan haqoratlanganidan so‘ng o‘z joniga qilgan.

Bu haqda marhumning kursdoshlaridan biri Ozodlikka bularni aytdi:

“O‘sha kundan (o‘quvchi osilgan holda topilgan kundan - tahr.) bir kun oldin kollejdan chiqib, uyga ketayotgan edik. Biz bilan birga o‘qiydigan qiz kursdoshimiz oldinroqda ketayotgandi. Shu payt marhum do‘stimiz qiz tarafga tosh otdi, yomon niyatda emas albatta. Lekin, qiz baqir-chaqir qildi. Qizning otasi o‘rtaga tushib, "kollejingga borib sharmanda qilaman" dedi. Bola kechirim so‘radi, lekin otasi tushunmadi. Ertasi kuni do‘stimizni kollej direktori xonasiga chaqirtirib, ruhan ezishgan, oyog‘ingda paypog‘ing ham yo‘q, deb kamsitishgan. Do‘stimiz direktor xonasidan chiqib, boshini ushlab yig‘lab o‘tirdi. Shu kuni kechqurun uy molxonasiga o‘zini osganini eshitdik".

Marhumning kursdoshlari ijtimoiy tarmoqlarga videorolik ham chiqarib, tuman hokimligi va tegishli idoralardan voqeani obdon tekshirishni talab qilganlar.

- Biz tegishli idoralarga shikoyat qildik, lekin natija bo‘lmadi. Biz hammani bu voqeaga befarq bo‘lmaslikka va tekshiruv o‘tkazishga chaqiramiz, - deyiladi videorolikda.

Ozodlik kollej o‘quvchisining haqoratlangani ortidan o‘zini osgani haqidagi iddaolar yuzasidan u o‘qigan ​Qishloq xo‘jaligi va transport kolleji rahbariyatidan izoh ololmadi.

Boysun tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi O‘ral Murodov o‘quvchi o‘zini osgani masalasini kollej rahbariyati bilan muhokama qilganini aytdi:

- Men o‘rgandim buni. U erda o‘zini osadigan darajada hech narsa bo‘lmagan. Bir kun oldin bu bola qo‘shnisining qizini haqorat qilgan ekan, oyog‘iga tosh otib ko‘kartirib qo‘ygan ekan. Shunga ota-onasini chaqirtirishgan, qo‘shnisi bilan yarashtirishga urinishgan xolos. Kechqurun esa bola molxonasiga borib o‘zini osyapti. Hozir surishtiruv davom etyapti, nima bo‘lgani shu surishtiruv yakunida ma’lum bo‘ladi.

Boysun tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi kollej o‘quvchisining o‘limi yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollarining ko‘payib borayotgani ko‘riladi.

So‘nggi olti oy ichida Ozodlik yoshlarning o‘z joniga qasd qilgani bilan bog‘liq o‘ndan ortiq holat haqida xabar qildi.

Shu yilning 17 sentabr kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 4-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi uyi ayvonida osilgan holda topildi.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ qizning otasi Rossiya¸ onasi esa Birlashgan Arab Amirliklariga ishlashga ketgan, qiz esa buvisinikida yashagan.

9 aprel kuni Ozodlik Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘zini osgani haqida xabar bergan edi.

Shu oy boshida Ozodlik Qo‘qon shahar Maxsus engil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon “bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilgan”ini aniqlagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotganini aytgandi.

Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilib, unda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funktsiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG