Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:59

Andijonda “diniy fonni” kamaytirish imom xatib va otinchalar zimmasiga yuklandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

“Biz turk emasmiz¸ eroniy emasmiz, biz o‘zbekmiz. Ota- bobolarimiz udumini qilaylik. Olloh qalbimizda, qo‘limiz ishda bo‘lsin. Otasi qo‘ymagan soqolni bolasi yoki nabirasi qo‘yib kulgiga qolmaylik”.

Shahrixon tuman (Andijon viloyati) IIB profilaktika inspektorining bu xitobi uning soqol qo‘ygan konservativ dindor yoshlar bilan muloqoti aks etgan audioda yangraydi.

Audioni Ozodlikka yig‘ilish qatnashchilardan biri taqdim etdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, keyingi kunlarda Farg‘ona¸ Namangan va Andijon viloyatlarida “Diniy muxitni sog‘lomlashtirish” bo‘yicha IIB ¸ MFY va maktab o‘qituvchilari ishtirokida profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.

Audioni jo‘natganlarning aytishicha, unda aks etgan yig‘ilish Shahrixon tuman Qalacha MFYsida o‘tkazilgan. Unda tumandagi 20 dan ziyod “maxsus xisobda turgan¸ soqol qo‘ygan va milliy bo‘lmagan do‘ppi kiyib muntazam masjidga boradigan” 18 va 19 yoshlar atrofidagi yigitlar qatnashgan.

Ayni yig‘ilishda qatnashgan dindor yigitga ko‘ra¸ bir soatlik tushuntirish ortidan yigitlar soqolini oldirgan.

Shahrixon tuman hokimligi mulozimining 8 oktabr kuni Ozodlikka bildirishicha¸ konservator va radikal dindorlar orasida profilaktik tushuntirish ishlari yana davom etadi.

Tushuntirish yo‘li bilan soqoli oldirildi

Shahrixondan kelgan audioyozuv joriy yilning 4 sentabrida “soqolga qarshi” tadbirlar boshlanganidan beri bu jarayonning qanday kechayotganini ochiqlovchi ilk audiohujjatdir..

Audioyozuvda Shaxrixon tuman IIB profilaktika inspektori o‘zini mayor Elmurod Axmadaliyev deb tanishtirib, konservativ dindor yoshlarni qanday qilib soqol qo‘ymaslikka undagani aks etgan.

Elmurod Ahmadaliyev “agar hamma soqol qo‘ysa xalq xo‘jaligi va davlat ishlarini kim qiladi” deya yoshlarga tushuntiradi. Axmadaliyevga ko‘ra, soqol qo‘yish “ 60 yoshga to‘lgan nuroniy otaxonlarga mumkin”.

"Biz eronlik emasmiz"

IIB profilaktika inspektoriga ko‘ra¸ arab va boshqalarning kiyinish tarzi o‘zbeklar uchun o‘rnak bo‘la olmaydi:

“Biz turk emasmiz¸ eroniy emasmiz biz o‘zbekmiz. Ota -bobolarimiz udumini qilaylik. Ollox qalbimizda qo‘limiz ishda bo‘lsin. Otasi qo‘ymagan soqolni bolasi yoki nabirasi qo‘yib kulgiga qolmaylik”.

Audioyozuvdan ma’lum bo‘lishicha, yig‘ilish qatnashchilaridan biri 19 yashar yigit “soqol qo‘yish taqiqlangan qonun bormi”¸ deya savol qo‘yadi.

19 yashar yigitning bunday savol berishini IIB mayori “kibr” deb atab¸ yigitga “seni opoqingni (buvangni demoqchi - tahr.) taniyman¸ otangni taniyman¸ bunday savol bermagin. Xonamga kirsang tushuntiraman senga” deya taxdid ohangida gapiradi.

Ozodlik tasarrufida bo‘lgan audioda IIB mayori bilan suhbatga kirib kelgan konservativ dindor yoshlar vakilining “Biz yengildik” degan gapini eshitish mumkin.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan Qalacha MFY yig‘ilishining 47 - raqamli qarorida aytilishicha¸ shahrixonlik yoshlarga “Telefonlariga internetdagi qorilar ma’ruzalarini yuklamaslik¸ eshitmaslik¸ ko‘rmaslik¸ tinglamaslik va boshqa tanishlariga yubormaslik“ kerakligi alohida tushuntirilgan.

Hujjatda “60 yoshdan oshib nuroniy qatoriga o‘tkanlarga soqol qo‘yish izni berilishi va juma namozlariga yoshi ulug‘ oqsoqollar va nafaqadagi kattalar borishi kerakligi” ta’kidlangan.

Dasturxonchi va otinchalar hijobga qarshi "jihod"ga tashlandi

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra¸ tumandagi diniy fonni kamaytirish Qlachadagi yagona Salmon Forsiy masjidi imom xatibi va mahalla otinchalari zimmasiga yuklatilgan.

Shuningdek, Shahrixon tumani mahallalarida xijob kiyib yuradigan ayol va qizlar¸ qizlarini maktabga hijob o‘ratib yuboradigan oilalar bilan mahalladagi otincha va dasturxonchilar ishlashi lozimligi hujjatda belgilab qo‘yildi.

Otincha va dasturxonchilar xijob kiyishga moyil oilalarga borib va to‘y-ma’rakalarda diniy fonni kamaytirish borasida profilaktik tushuntirish ishlarini olib borishi hujjatda uqtirilgan.

Shahrixonlik faol: Radikal dindorlar jamiyatda negativ reaksiya uygotmoqda.

Shaxrixonlik vrach va faol Otabek Ahlidinov radikal dindorlikni cheklash borasidagi tadbirlarni maqullaydi:

- Radikal dindorlar jamiyatda negativ reaksiya uygotmoqda. Konstitutsiya va mavjud qonunchilikka asosan organ va tashkilotlar o‘z funksional vazifasi va vakolati doirasida ishlab chikilgan va tasdiqlangan reja xamda chora-tadbirlar asosida tashkil kilingan ishlar samarasini ko‘ryapmiz va maqullaymiz.

Avvalroq Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi targ‘ibot guruhlari tumanda uyma-uy yurib, ro‘molli ayollar va soqol qo‘ygan erkaklarni milliy udumlarga mos ravishda kiyinishga targ‘ib qilayotgani xabar qilingan.

Bundan tashqari Qo‘qon shahridagi maktablarda o‘qiyotgan ro‘molli qizlar ro‘yxati tuzilgani va maxsus ishchi guruhlar ular bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev esa, 29 sentabr kuni audioyozuvi tarmoqqa tushgan majlisida, ayni ishchi guruhlar zimmasiga viloyatda "beo‘xshov soqol" qo‘ygan va ro‘mol o‘raganga qat’iy chora ko‘rish vazifasini yuklagan.

Aytilishicha, bunday tadbirlar prezidentning “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG