Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2019, Тошкент вақти: 09:14

Rossiyalik huquq himoyachisi yuzni tanish texnologiyasidan foydalanishga qarshi chiqmoqda


Rossiyalik huquq himoyachisi Moskva shahar hukumatining yuzni tanish texnologiyasidan tobora ko‘proq foydalanayotganiga norozilik bildirdi. Bunga vatandoshlarning shaxsiy hayoti sir qolishiga oid konstitutsion huquqi buzilayotgani va davlatning bu texnologiyadan hurfikrlilikni bostirish vositasi sifatida foydalanayotgani ortidan xavotirlar ortib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Moskvalik advokat va ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mashhur faol Alyona Popova 2018 yil aprelida bir necha ayollar shilqimlikda ayblagan deputatga qarshi parlament tashqarisida norozilik namoyishi uyushtirgan edi. Unga qarshi ish qo‘zg‘atish uchun shaxsini aniqlash maqsadida yuzni tanuvchi kameralardan foydalanilgan edi. Shuning uchun sudga da’vo arizasi kiritishga qaror qildi.

Sud Popovani Rossiyaning ommaviy yig‘inlar to‘g‘risidagi qonunlarini buzdi, deb topib, 20 000 rubllik (310 dollar) jarimaga tortgan edi.

“O‘shandayoq miyamga yuzni aniqlash bo‘yicha noqonuniy tizimga qarshi kampaniya boshlashday qiziq fikr kelgan edi”, deb yozdi u 7 oktabrda Feysbukda da’vo qo‘zg‘ash haqidagi qarori haqida.

So‘nggi yillarda Rossiya yuzni tanuvchi texnologiyani rivojlantirish bo‘yicha yetakchi kuchlardan biriga aylandi. 2017 yilda Moskva shahri meri idorasi poytaxt bo‘ylab 3000 dan oshiq kameradan iborat yuzni tanuvchi tizimni ishga tushirganini e’lon qilgan edi.

Oradan bir yil o‘tib, futbol bo‘yicha jahon chempionati ushbu texnologiyani sinab ko‘rish uchun bahona bo‘ldi va keyinchalik tizimning kengayishiga yo‘l ochib berdi. 2019 yil oxiriga borib, rasmiy maqsadi jinoyatchilarni aniqlash bo‘lgan 126 000 ta kameraning 40 foizini yangilash rejalashtirilmoqda.

Kuzatuv texologiyalaridan foydalanishning o‘sib borishi yuzni tanish tizimini kengaytirgan ko‘pgina mamlakatlarning e’tiborini tortmoqda. Kreml muxoliflari Rossiyada 2012 yili Putin prezidentlikka qaytgandan so‘ng o‘sha tizimdan fuqarolik jamiyati ovozini o‘chirish va hurfikrlilikni bo‘g‘ishda foydalanishga urinishlar ortganini aytmoqda.

Popova Rossiyaning ushbu sohada vatandoshlarni kuzatuvga oid potensiali ortishiga qarshi kampaniya boshladi va jamoatchilik e’tiborini tortish uchun 7 oktabrda onlayn petitsiyani ishga tushirdi va bir necha soat ichida 500 dan ortiq imzo yig‘di. U sudga da’vo kiritishdagi sa’y-harakatlarini Rossiyada onlayn-senzura va vatandoshlar kuzatuvini monitoring qilib boradigan “Roskomsvoboda” tashkiloti bilan muvofiqlashtirmoqda.

Petitsiya boshlangan kuni “Roskomsvoboda” tashkiloti Popovaning da’vosini va yuzni tanish tizimlaridan foydalanishga moratoriy e’lon qilishga oid da’vatini qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risida bayonot berdi.

Putin hukumati yuzni tanish tizimini kengaytirishni jinoyatga qarshi kurash yo‘lidagi zarur qo‘shimcha vosita sifatida himoya qilmoqda, ammo shaharda shu yil yozida erkin saylov o‘tkazish talabi bilan norozilik aksiyalariga chiqqan faollarga qarshi qatag‘onlarning ortishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Inson huquqi himoyachilari yuzni tanish texnologiyasidan mitinglarda qatnashgan kishilarni tanib olish maqsadida foydalanilganini aytmoqda.

7 kishi norozilik namoyishlariga chiqqani uchun qamaldi, qolganlari jarimaga tortildi. Videoni real vaqtda tahlil qiladigan yuzni tanish kameralari politsiya yuk mashinalariga o‘rnatilgan mobil kameralarga qo‘shimcha bo‘lib, ishonchli kuzatuv tizimini tashkil qiladi va bu ko‘pchilikni mitinglarga chiqishdan cho‘chitadi, deydi tanqidchilar.

27 iyuldagi norozilik namoyishi vaqtida politsiya xodimiga qog‘oz stakan uloqtirgani uchun ayblanib, bir oyga qamalgan Sergey Abanichevning otasi Vyacheslav Abanichevga ko‘ra, yuzni tanish tizimi o‘g‘lining hisbga olinishi va qamalishiga sabab bo‘lgan.

− Bu – juda ilg‘or texnologiya, undan jinoyatchi yoki josuslarni tutishda foydalansa bo‘ladi, − dedi u. – Lekin bu barcha vatandoshlar ortidan yalpi kuzatuv ekani xavotirga soladi va qo‘rqitadi.

XS
SM
MD
LG