Линклар

Шошилинч хабар
04 июл 2025, Тошкент вақти: 06:44

Tadbirkorlar: "Mol mozor"ni deb "Molochnaya kuxnya" yopilayapti, prokuraturani deb Sergeli yarmarkasi sindi


Tadbirkorlar 11 sentabr kuni Toshkentda matbuot anjumani o‘tkazdi.
Tadbirkorlar 11 sentabr kuni Toshkentda matbuot anjumani o‘tkazdi.

11 sentabr kuni Toshkentda bir guruh tadbirkorlar ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.

Anjumanda “qoramollar qabristoni” bo‘lgan degan sabab bilan buzilishi kutilayotgan "Molochnaya kuxnya" korxonasi rahbari hamda buzilgan Sergeli yarmarkasida ishlagan tadbirkorlar o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab, prezident Mirziyoyevga yozgan murojaatini o‘qib berdi va jurnalistlar savollariga javob qaytarishdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya markazi mutaxassislarining shu yil aprel oyida bergan xulosalariga ko‘ra, poytaxtning “Bodomzor” mahallasiga tutash “Shibliy” mahallasi hududida qoramollar qabristoni bo‘lgan.

SES vakillari xulosalariga ko‘ra, sanitariya xususiyatlaridan kelib chiqib, bunday holatda xalq orasida “Molochnaya kuxnya” nomi bilan tanilgan yirik tadbirkorlik sub’ekti faoliyati to‘xtatilishi kerak.

Matbuot konferensiyasi orqali prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan tadbirkorlar vakili, "Molochnaya kuxnya" rahbari Shuhrat Qayumov nafaqat tadbirkorlarning aqlini shoshiradigan, balki oddiy odamlarning vahimasiga, jamoaning notinchligiga sabab bo‘ladigan bu ma’lumotlarning haqqoniyligiga izoh so‘ramoqda.

“2 yildan beri mahalliy ma’murlar, sanitarlar bilan sudlashib, poytaxt markazidagi afsonaviy “qoramollar qabristoni”ga oid ma’lumotlarga aniqlik kirita olmayapmiz. Axir, bu qanday gap? Modomiki, shunday iddao mavjud ekan, mening tadbirkorlik sub’ektim faoliyatidan qat’i nazar jamoat xavfsizligi uchun ham bu afsonaga aniqlik kiritilishi kerak-ku?!” deydi Shuhrat Qayumov.

Anjuman avvalida tarqatilgan matbuot xabarnomasiga ko‘ra, tabiiy sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxona faoliyatining to‘xtatilishi ortidan 200 dan ortiq ishchi ko‘chada qolmoqda.

Korxona rahbarining aytishicha, davlat o‘ta rentabelli bo‘lgan mazkur korxona tufayli har oyda tushadigan milliardlab so‘mlik soliqdan mahrum bo‘ladi. Korxona ishchilarining bolalar uchun qurilgan bolalar bog‘chasi tugatiladi.

Matbuot anjumanining yana 10 dan ortiq ishtirokchisi “Sergeli yarmarkasi” savdo majmuasi o‘rniga Sergeli tuman prokuraturasi qurilishi oqibatida 2000 dan ortiq tadbirkor singanini, ularga na tovon puli, na faoliyatini davom ettirish uchun yer ajratilganini jamoatchilikka bildirishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sergeli yarmarkasining yirik miqdorda soliq to‘lab, ishlab turgan savdo inshootlari va dehqon bozori o‘rnida Sergeli tumani prokuraturasining ma’muriy binosi qurilishi boshlangan. Shu munosabat bilan bu yerdan haydab chiqarilgan tadbirkorlar sud-huquq idoralarida sargardon.

“Biz tadbirkorlarni Toshkent shahrining yangi prokurori Valiyev qabul qilib, 10 kun muddatda bizning huquq va manfaatlarimiz tiklanishiga va’da berdi. Biroq keyinchalik yuqoridan bosim bo‘lgan shekilli va’dasidan tondi. Holbuki, biz tadbirkorlar O‘zbekistonning sobiq rahbari Sharof Rashidov tomonidan asos solingan yarmarka rivojiga 20 milliard so‘mdan ortiq ichki investitsiyalar kiritmoqchi edi. Hayronmiz, bu prezident Mirziyoyevga nisbatan sabotajmi?” dedi tadbirkor Go‘zal Rasulova.

Matbuot anjumani dovomida tadbirkor Shuhrat Qayumov o‘zining xususiy kapitaliga qurilgan “Molochnaya kuxnya” o‘rnida Belarus bilan qo‘shma farmatsevtik kompaniya qurilishi haqida ma’lumotlarga ega ekanini iddao qildi.

“Ko‘rinmas va qudratli bir amaldor bizning xususiy mulkimiz joylashgan yerni xorijliklarga va’da qilgan. Shu boisdan ham sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari zimdan boshqarilmoqda. Agar aybimni, qounbuzarligimni topib berishsa, shu yerdan ikki qo‘limni ko‘tarib chiqib ketaman. Birgina shu yilning 8 oyida davlatga 2 milliard 143 million soliq to‘ladim. Mahalliy tadbirkorga bunday munosabatni ko‘rgan biror xorijiy investor mamlakatga kirmaydi. Gaplarimning tadbirkorni o‘zi yelkasida ko‘tarib yurishni va’da qilgan prezident Mirziyoyevga yetib borishini xohlardim” dedi Shuhrat Qayumov.

Matbuot anjumaniga taklif qilingan Hukumat, Bosh prokuratura, parlament vakillari kelishmadi.

XS
SM
MD
LG