Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2019, Тошкент вақти: 23:44

RAEX Europe:O‘zbekiston olgan qarzini qaytara oladigan darajaga chiqdi


RAEX Europe reyting agentligi O‘zbekistonning milliy va xorijiy valyutalarda qarz to‘lashga qodirlik reytingini “BB-” darajasida qoldirdi. “BB-” darajasi o‘rta daraja bo‘lib, u mamlakat o‘z qarzlarini to‘lay olishga qodir ekanligini ko‘rsatadi.

Joriy yilning martida agentlik O‘zbekiston reytingini “B+” dan “BB-”ga, ya’ni o‘rta past me’yordan yetarli darajaga oshirgan edi.

Reyting tasdiqlanishiga bir necha sabab ko‘rsatilgan bo‘lib, ular orasida yuqori iqtisodiy o‘sish, barqaror moliyaviy vaziyat, davlat qarzining pastligi hamda byudjet va pul-kredit siyosatini boshqarishning shaffofligi va sifati oshgani aytib o‘tilgan. Shuningdek, reyting saqlab qolinishiga bank sektorining tez sur’atda o‘sib borayotgani ham sabab bo‘lgan.

RAEX Europe mutaxassislari fikriga ko‘ra, O‘zbekiston reytingining yanada ko‘tarilishiga ishsizlikning yuqori darajasi, moliyaviy tashkilotlarning sekin rivojlanayotgani, chuqur ildiz otgan korrupsiya hamda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning pastligi xalal bermoqda.

Bundan tashqari, agentlik hisobotida yuqori inflyatsiya va valyuta kursining o‘zgaruvchanligi kredit qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytiladi. Qolaversa, hisobotda banklarga kredit berishdagi kuchli segmentatsiya, moliyaviy dollarlashtirish darajasining yuqoriligi, ichki kapital bozorlarining rivojlanmaganligi hamda cheklangan pul-kredit siyosati kabi muammolar mavjudligi ham aytib o‘tilgan.

Agentlik hisoblariga ko‘ra, 2019 yil yakuniga qadar O‘zbekiston YaIMning o‘sishi 5,5-6 foizni tashkil qiladi.

Faol qarz olish siyosati fonida qarz darajasi va to‘lash shartlari maqbul darajada qolmoqda. Agentlik mutaxassislari fikriga ko‘ra, byudjet taqchilligi ham boshqarish mumkin bo‘lgan darajada qolmoqda. Ammo global iqtisodiy sustlashish fonida qishloq xo‘jaligida beqarorlik kuzatilishi va eksport ko‘lamining kamayishi xavfi bor.

RAEX Europe agentligiga ko‘ra, O‘zbekistondagi moliyaviy xatarlar davlatning iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga va bank sektoriga keng ko‘lamli aralashuvi bilan bog‘liqdir. “Davlat korxonalari sust raqobat sharoitida ishlamoqda va ularga ko‘pgina davlat imtiyozlari berilgan. Bu esa yangi iqtisodiy rejimga o‘tishda samaradorlikning pasayishiga va zararlilikning oshishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Agentlik 2019 yilda yillik inflyatsiya O‘zbekiston Markaziy bankining prognoz ko‘rsatkichlaridan 13,5-15,5% ko‘proq bo‘lishini kutmoqda. Bunga kutilayotgan inflyatsiya darajasining yuqori ekanligi, ichki talab o‘sayotgani hamda energiya narxlarining erkinlashtirilgani sabab o‘laroq ko‘rsatilgan.

RAEX Europe ekspertlari fikriga ko‘ra, bu yil joriy hisob defitsiti o‘tgan yilgi darajada saqlab qolinadi (2018 yilda bu ko‘rsatkich 7,1 foizni tashkil qilgan), chunki modernizatsiyaga yotqizilayotgan sarmoyalar tufayli import o‘sishda davom etmoqda. Umumiy eksportning 80 foizini tashkil etuvchi xom ashyolar (xususan, ularning yarmini tashkil etuvchi oltin va tabiiy gaz) eksporti esa importga solishtirganda ortda qolmoqda.

Ammo agentlik O‘zbekiston tashqi pozitsiyasining yomonlashishi xavfini tashqi qarz maqbul darajada ekanligi hamda mamlakatning xalqaro zaxiralari ko‘pligi kompensatsiya qilmoqda, deb hisoblaydi. 2019 yilning avgustida O‘zbekistonning xalqaro rezervlari 27 milliard dollarni tashkil qildi. Bu esa 13 import oyi uchun yetarlidir.

XS
SM
MD
LG