Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:01

Eronda futbol stadioniga kiritilmagan ishqiboz ayol o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘ldi


Eronlik sport ishqibozlari
Eronlik sport ishqibozlari

Eronda erkaklar o‘rtasidagi futbol o‘yinini tomosha qilishga urinishda ayblangan 29 yoshli ayol o‘ziga o‘tib qo‘yib yuborganidan keyin bir necha kun o‘tib, vafot etdi.

Eron matbuotining xabar berishicha, “Istiqlol“ futbol klubi muxlisi Sahar Xudoyoriy Tehron shifoxonalarining birida jon bergan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Xudoyoriy dam olish kunlari halok bo‘lgan, ammo uning vafoti Qum shahrida o‘tkazilgan dafn marosimi yakunlanganidan keyin e’lon qilingan.

Xudoyoriy 2 sentabr kuni sud imorati oldida o‘zining ustidan benzin quyib, yoqib yuborgan edi. U futbol o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga kirishga urinishda ayblanib, sudga chaqirilgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, Xudoyoriy tanasining 90 foizi kuygan, o‘pkasiga jiddiy shikast yetgan.

Xudoyoriyning singlisi so‘zlariga ko‘ra, opasi maniakal-depressiv psixozdan aziyat chekkan. Olti oyga qamalishi mumkinligini eshitgach, ruhiy ahvoli og‘irlashgan.

Xudoyoriy joriy yilning martida o‘zi ishqiboz bo‘lgan futbol jamoasi o‘yinini ko‘rish uchun stadionga kirishga uringan paytda politsiya tomonidan qo‘lga olingan edi. Uch kun hisbda saqlanganidan so‘ng u garov evaziga ozod qilingan va ishi sudda ko‘rib chiqilishini olti oy kutgan.

Belgilangan kuni Sahar Xudoyoriy sudga kelgan, biroq sud majlisi sudyaning shaxsiy muammolari tufayli boshqa kunga qoldirilgan. Biroq Xudoyoriy sud xodimlarining gaplaridan o‘zi olti oydan ikki yilgacha qamalishi mumkinligini bilgan.

Xudoyoriyning qo‘lga olinishi, o‘ziga o‘t qo‘ygani va halok bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarda keskin qoralandi. Foydalanuvchilar stadionlarga ayol tomoshabinlarni kiritishni man etuvchi qonunni ham keskin tanqid qilishdi.

Eronda ashaddiy futbol ishqibozi bo‘lgan ayollar ayrim holatlarda erkaklardek kiyinib o‘yinlarni tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Eronlik huquqshunos Parvaneh Salahshuri Xudoyoriy “Eron qizi“ bo‘lganini aytar ekan, mamlakatda erkaklar ayollar taqdirini hal qilishini va ularning fundamental huquqlarini cheklashini ta’kidladi.

“Istiqlol“ klubining bir necha o‘yinchisi Xudoyoriyning qismatini “sharmandalik“ deya ta’rifladi.

O‘tgan haftada ismi oshkor qilinmagan rasmiy Xudoyoriy tanasini yetarlicha yopmagani hamda xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashgani uchun qo‘lga olinganini ta’kidlagani xabar qilindi.

FIFA keyingi yillarda Eron rasmiylarini erkaklar sport o‘yinlarini ayollar tomosha qilishini man etuvchi 40 yillik qonunni bekor qilishga yoki o‘zgartirishga chaqirib keladi.

25 avgust kuni sport vaziri o‘rinbosari Jamshid Tahizoda ayollarga Eron va Kolumbiya o‘rtasidagi Jahon chempionati uchun saralash o‘yinini tomosha qilishga izn berilishini e’lon qildi.

Human Rights Watch tashkilotining global tashabbuslar direktori Minki Uorden Twitterda FIFA yetakchisi Janni Infantinoni Eronga yetarlicha bosim o‘tkazmaslikda aybladi va tashkilotni Xudoyoriyning fojiali vafoti ortidan biror chora ko‘rishini tasdiqlashga chorladi.

FIFAning matbuot bo‘limi Ozodlikka yozgan maktubida “Fojiadan xabarimiz bor va qattiq afsusdamiz. FIFA Saharning oilasi va do‘stlariga hamdardlik izhor qiladi va Eron rasmiylarini ayollarga qo‘yilgan stadion cheklovini yo‘q qilishga qaratilgan ushbu legitim kurashda qatnashayotgan har qanday ayol erkinligi va xavfsizligini ta’minlashga chorlovchi chaqiriqlarini takrorlaydi“, deyiladi.

XS
SM
MD
LG