Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2019, Тошкент вақти: 10:07

MG, IIV va Bojxona institutlari talabalariga “paxtaga ko‘ngilli chiqaman" degan tilxat yozdirish boshlandi


O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi qonunlar qabul qilinganiga qaramay¸ har yili talaba va byudjet tashkilotining o‘n minglagan xodimini paxtaga majburlash davom etmoqda.

O‘zbekiston IIV akademiyasi¸ Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti kursantlariga 10 sentabrdan boshlab paxtaga o‘z ixtiyori bilan borish haqida tilxat yozdirish boshlandi.

Bu haqda xabar qilgan talabalar¸ bosmadan chiqarilgan va qo‘lda yozdirilgan tilxatlar nusxasi¸ o‘z talabalik daftarchasi nusxalarini o‘z xabariga ilova qildi.

Tilxatda o‘z zimmasiga qator og‘ir majburiyatlarni olgan talabalar¸ ularga rioya qilmagan taqdirda “har qanday jazoga rozi”lik beradi.

Ozodlik bog‘langan IIV akademiyasi va Bojxona instituti mutasaddilari kursantlarga tilxat yozdirish boshlanganini tasdiqladi¸ ammo ularning paxtaga qachon chiqarilishi hozircha aniq emasligini bildirdi.

Prezident Mirziyoyevning 12 avgust kungi yig‘ilishda aytgan "bu yil paxtaga maktab, institut — umuman, birorta byudjet tashkiloti olib chiqilmaydi”¸ degan gapiga ishongan talabalar¸ davlat rahbari buyrug‘ining ochiqchasiga buzilayotganini aytadi.

“Har qanday jazoga roziman”

10 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi¸ Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi huzuridagi oliygohlar talabalari 15 sentabrdan keyin Sirdaryo viloyatiga “ko‘ngilli ravishda” paxtaga borish haqida tilxat yozdirish boshlanganini xabar qildi.

Buyruqni institut boshlig‘i bergan¸ bizdan esa¸ kurs boshliqlari tilxat yozdirib olayapti. Bizga aytib turishdi¸ qo‘lda yozib¸ qo‘l qo‘yib berdik. Tagiga 15 sentabr¸ deb yozdirishdi. Shundan 15 laridan keyin yuborishsa kerak¸ deb tushundik”¸ dedi IIV akademiyasi kursantlaridan biri.

Bu talaba Ozodlikka taqdim etgan tilxat nusxasida qo‘lda “2019 yilgi paxta yig‘im terimi davomida o‘z zimmamga yuklatilgan majburiyatlarni chuqur anglagan holda sidqidildan yondashishga va’da beraman. Dala maydoni va paxta shtabini ruxsatsiz tark etmaslik va mahalliy aholi bilan aloqa qilmaslik haqida ogohlantirildim. Belgilangan tartibni buzgan taqdirda har qanday jazoga roziman. Harakat vaqtida yo‘l harakati qoidalariga to‘liq rioya qilaman”¸ deb yozilgan.

IIV akademiyasi ma’muriyatining Ozodlik gaplashgan xodimi¸ 10 sentabrdan kursantlarga tilxat yozdirish boshlanganini tasdiqladi:

Bu yil forma kiyganlar chiqadi paxtaga¸ bizning kursantlar ham formali. Buyruq institutdan emas¸ tepadan kelgan. O‘tgan yillari ham paxtaga borishgan. Buning nimasi yomon – kursantlar qora mehnatda ter to‘kib ishlasa¸ o‘zlariga yaxshiku! Shikoyati borlar¸ qaerga murojaat qilishni o‘zlari yaxshi biladi”.

Bojxona instituti kursantlari bosmadan chiqarilgan bir xil tilxatga qo‘y qo‘ydirilmoqda

IIV akademiyasi kursantlari o‘z boshliq-ofitserlari diktovkasi asosida tilxatni qo‘lda yozayotgan bo‘lsa¸ Bojxona instituti talabalariga institut rahbariyati tomonidan yozilib¸ pechat qilingan tayyor blanka-tilxatlar tarqatilmoqda.

Ozodlikka nusxasi yuborilgan bu tilxat “Bojxona institutining 2019 yil _____sentabrdagi ____ sonli buyrug‘iga asosan"¸ deb boshlanadi.

Bundan esa¸ talabalarning hali chiqmagan buyruq asosida yozilgan tilxatga qo‘l qo‘ydirilayotgani tushuniladi.

IIV akademiyasi kursantlari yozgan tilxatdan ancha uzun bo‘lgan bu matnda, jumladan, bunday deyilgan:

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani “Malek” SFU hududida DBQ Bojxona institutining Paxta shtabida o‘rnatilgan ichki tartibiga og‘ishmay rioya qilish¸ jumladan belgilangan kun tartibini¸ shuningdek rahbariyat va komandirlarning buyrug‘ini so‘zsiz¸ aniq va ko‘rsatilgan vaqtda bajarish¸ paxta dalasini va vaqtinchalik qarorgohni ruxsatsiz tashlab ketmaslik¸ spirtli ichimliklar¸ giyohvand va psixotrop moddalarni iste’mol qilmaslik¸ transport vositasini boshqarmaslik¸ chekmaslik¸ gulxan yoqmaslik¸ bojxona organlari faoliyatiga oid ma’lumot tarqatmaslik” haqida ogohlantirildim”.

Kursantlarga qo‘l qo‘ydirilgan tilxat “majburiyatimni buzsam¸ DBQ Bojxona instituti kursantlari safidan chiqarilishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortilishim haqida ogohlantirildim” degan gap bilan tugaydi.

Ozodlik gaplashgan Bojxona instituti xodimlaridan biri¸ tilxatning hozircha 3-4 kurs talabalariga yozdirilayotgani¸ zarurat tug‘ilsa¸ 1-2 kurslarning ham paxtaga chiqarilishini bildirdi.

Institut mas’uli keltirgan raqamlarga ko‘ra¸ institutda jami 600 ga yaqin talaba bor va 3-4 kursda o‘quvchilar soni 250 nafarni tashkil qiladi.

Ozodlikka kelgan ma’lumotga ko‘ra¸ aksar harbiy oliy o‘quv yurti talabalari buyruq berilishi bilan (20 sentabrga qolmay) Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani "Malek" SFU (suvdan foydalanuvchilar uyushmasi) hududiga paxtaga jo‘natiladi.

Bu yil paxta [terimi]ga maktab, institut — umuman, birorta byudjet tashkilotlari olib chiqilmaydi, eslaringdan chiqmasin!
Prezident Mirziyoyev

Milliy gvardiya "Malek" SFU musiqa maktabi¸ Umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti shu SFUdagi eski klub¸ Bojxona instituti agrosanoat kolleji¸ IIV akademiyasi esa¸ Jizzax viloyati Arnasoy tumani kasb-hunar kolleji binosiga joylashtiriladi. Bu mahalliy hokimiyatlar tomonidan tasdiqlangan”¸ deb xabar berdi Ozodlikka harbiy kursantlarni paxtaga jo‘natishga hozirlik tafsilotidan xabardor mulozimlardan biri.

Joriy yil 12 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida¸ mahalliy nashrlar keltirgan iqtibosga ko‘ra¸ prezident Shavkat Mirziyoyev:

"Bu yil paxta [terimi]ga maktab, institut — umuman, birorta byudjet tashkilotlari olib chiqilmaydi, eslaringdan chiqmasin"¸ degan.

Ozodlikka murojaat qilgan harbiy oliy o‘quv yurti talabalari o‘z instituti rahbarlari prezidentga yaxshi ko‘rinish uchun talabalarni paxtaga chiqarish tashabbusini o‘zlari boshladimi¸ yoki prezident selektorda bir gapni aytib¸ ortidan boshqa buyruq beradimi¸ shuni tushuna olmay¸ hayron ekanlarini aytadi.

XS
SM
MD
LG