Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2019, Тошкент вақти: 00:05

1 ga yer Misrda $8000, O‘zbekistonda $300 beradi. Hukumat qishloq ho‘jaligini yana isloh qilmoqchi


O‘zbekistonda qancha dehqon xo‘jaligi amalda mavjud ekani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Bu borada Vazirlar Mahkamasi 8 sentabr kuni muhokama uchun e’lon qilgan “Dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda ta’kidlandi.

Loyihada qayd etilishicha, Davlat statistika qo‘mitasining hisobotida 22 805 ta, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida 69 800 ta, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining agroonline.uz bazasida 16 311 ta dehqon xo‘jaliklari mavjud.

Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida bino va inshootlar noqonuniy qurilib, yerlardan maqsadsiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanilmoqda.

Qarorda belgilanishicha, Namangan viloyatida 99 gektar, Sirdaryo viloyatida 72 gektar, Buxoro viloyatida 69 gektar, Qashqadaryo viloyatida 15 gektar, Samarqand viloyatida 8 gektar, Jizzax viloyatida 6 gektar, Toshkent viloyatida 4 gektar, Andijon viloyatida 3 gektar, Navoiy va Farg‘ona viloyatida 2 gektar yer maydoni maqsadsiz foydalanilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining bildirishicha, mazkur qarorni qabul qilishdan maqsad mana shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish ortidan rivojlanishga erishishdir.

Buning uchun dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari soni va ularga biriktirilgan yer maydonlari yalpi xatlovdan o‘tkaziladi. Yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgan hollarda yerga bo‘lgan egalik huquqi bekor qilinadi.

Bundan tashqari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda 2020 yil hosili uchun 2020 yilning 1 yanvariga qadar, keyinchalik mavsumning 10 avgustiga qadar ekin maydonlariga har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, unumdorligi, suv bilan ta’minlangani va dehqon xo‘jaligi egasi taklifini inobatga olgan holda to‘qsonbosti, ertagi, o‘rtaki va kechki ekin turlarini joylashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi.

Mazkur qaror loyihasi e’lon qilinguniga qadar, ya’ni 6 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida islohotlar o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, yig‘ilishda bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilingan.

“Masalan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot yetishtiriladi. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim yagona standartdagi tovar yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti”, deyiladi rasmiy xabarda

Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda O‘zbekiston agrar tarmog‘idagi eksport hajmi 2018 yilda 2,3 milliard dollarni tashkil etganini ta’kidlagan. Hukumatga 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish vazifasi yuklatilgan.

Prezident Mirziyoyev Bosh vazir lavozimida turgan vaqtlarda ham bir necha marotaba qishloq xo‘jaligini isloh qilishga bel bog‘lagandi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2010 yildan boshlab fermer xo‘jaliklari yerlarining hajmini ko‘paytirish, ya’ni “optimallashtirish” tadbiri o‘tkazilib kelingan.

2015 yilda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi yig‘ilishida bu jarayon naf bermagani qayd etilgan va “muqobillashtirish” deb atalayotgan jarayon boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG