Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:47

62 yashar o‘qituvchi o‘quvchi qizni "repetitorlik" bahonasida muntazam zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda


Ozodlik gaplashgan oltinsoylik qiz¸ 15 yoshidan boshlab o‘zining 60 dan oshgan o‘qituvchi tomonidan sinf xonasi va laboratoriyada muttasil zo‘rlanganini iddao qildi.(Illyustrativ surat)
Ozodlik gaplashgan oltinsoylik qiz¸ 15 yoshidan boshlab o‘zining 60 dan oshgan o‘qituvchi tomonidan sinf xonasi va laboratoriyada muttasil zo‘rlanganini iddao qildi.(Illyustrativ surat)

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani huquq tartibot organlari 62 yashar ximiya o‘qituvchisining o‘quvchi qizni bir yarim yil davomida maktab hududida muntazam jinsiy zo‘rlab kelgani yuzasidan tergov olib bormoqda.

(O‘quvchi qiz va o‘qituvchining ismi Ozodlikka ma’lum, lekin tergov siri vajidan tahririyat buni ochiqlamaydi.)

Tuman ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Ozodlikka mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi ( o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini aytdi.

O‘z o‘quvchisini jinsiy zo‘rlashda gumonlanayotgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatilgan va uning 60 yoshdan oshgani e’tiborga olinib ¸ qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanmagan.

O‘zining 62 yashar ximiya o‘qituvchisi tomonidan maktab hududida 1¸5 yil muttasil zo‘rlanganini iddao qilgan o‘quvchi qizning Ozodlikka aytishicha, zo‘rlashlar silsilasi 2017 yil sentabridan 2019 yil martiga qadar davom etib kelgan.

- Domla menga aroq ichirar edi, ximiya laboratoriyasi xonasiga majburlab kiritib, zo‘rlar edi

- Domla menga aroq ichirar edi, ximiya laboratoriyasi xonasiga majburlab kiritib, zo‘rlar edi. Ba’zida kun ora, ba’zida uch kunda bir. Ayrim paytlari darsdan chaqirtirib olib, shu ishni qilar edi. Laboratoriya xonasiga kirish men uchun azob edi. Birinchisi 9-sinf boshlarida bo‘ldi. "Olimpiadaga tayyorlayman", deb meni maktabda olib qoldi. O‘shanda aldab aroq ichirdi, zo‘rladi. "Uydagilarga aytma, aytsang maktabdan haydalasan, hech kimga keraging bo‘lmay qoladi", degan gaplarni aytib qo‘rqitdi. Qo‘rqib¸ men ham buni ichimda saqlab keldim, - dedi surxonlik o‘quvchi qiz Ozodlik bilan 5 sentabr kungi suhbatda.

Ozodlikka gapirgan onaning aytishicha, shu yil mart oyida qizining qo‘lida qimmat telefon va pullar paydo bo‘lgani ularda shubha uyg‘otgan.

Repetitorlik qilaman, deganiga ishonib topshirgan qizimizni zo‘rlab kelgan ekan

- "Qaerdan olding", desam "ximiya o‘qituvchim berdi", dedi. "Nimaga beradi", deb tagini surishtirib boshlaganimizdan keyin bu yorildi. Ximiya o‘qituvchisi nomusiga tegib, zo‘rlab kelganini aytdi. Repetitorlik qilaman, deganiga ishonib topshirgan qizimizni zo‘rlab kelgan ekan, - dedi onasi.

Qizning onasi keyin maktab ma’muriyati va ichki ishlar bo‘limiga arz qilgani, jinsiy zo‘ravonlik holati bo‘lganligini aniqlash uchun tibbiy ekspertiza o‘tkazilganini aytdi.

- Ekspertiza qilishdi. Ekspertiza qizligi olinganini ko‘rsatdi. Ekspertiza qilgan shifokor yuzdan ortiq marta aloqa qilingan bo‘lishini aytdi bizga.

Qizning qarindoshlari tilga olingan bu ekspertiza hujjatlarining tuman ichki ishlar bo‘limida ekani bois ularni Ozodlikka taqdim eta olmasliklarini aytishdi.

Aytilishicha¸ o‘z o‘quvchisini jinsiy zo‘rlashda gumonlanayogan o‘qituvchi shu yilning may oyida ishdan bo‘shatilgan.

Qiz o‘qiyotgan maktab direktori Ozodlikka ximiya o‘qituvchisi o‘z ixtiyori bilan bo‘shab ketganini aytdi.

- Mana shu gap chiqqanidan so‘ng, u kishi keldi, "tuhmatga qoldim" dedi, "men chiday olmayman, bu holatda ishlay olmayman", deb ariza yozib ketdi. Biz uni bo‘shatganimiz yo‘q. Chunki hali sud bo‘lgani yo‘q, u gumonlanuvchi xolos. O‘zi ketdi. Lekin, bu qizimiz o‘qiyapti, nima bo‘lganini aniqlash militsiyani ishi, men boshqa hech narsa aytolmayman, - dedi maktab direktori.

Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, aksar mamlakatlarda pedofiliya deb tasniflanadigan og‘ir jinoyat sanaladi.

Ammo 2017 yili jinoyat uchun jazoni liberallashtirish doirasida O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, bunday jinoyat uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu jinoyat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ​uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlash faktlariga oid Ozodlikka kelayotgan xabarlar keyingi yillarda ko‘payib bormoqda.

Sirdaryo viloyat, Shirin shahrida 57 yashar S.R. o‘z qo‘shnisining uyiga devor oshib kirib, 15 yashar qizni kaltaklab, zo‘rlagani haqidagi ariza shahar Ichki ishlar bo‘limida qaydga olingani haqda 3 sentabr kuni Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan oy boshida esa Qo‘shrabotda 82 yashar qariyaga nisbatan 9 yashar qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinib, jinoyat ishi ochildi.

O‘tgan yilning noyabrida Farg‘ona viloyat, Beshariq tumanida ikki mahalliy tadbirkor 13 yashar qizning nomusiga tegishda ayblanib sudga tortilgan edi.

Xorazm viloyat, Qo‘shko‘pir tumanida 7 yashar qizchani zo‘rlagani ortidan hibsga olingan 28 yashar yigit uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.

Eng shov-shuvli voqea esa 2017 yil dekabr oyida Andijon viloyat, Bo‘z tumanidagi maktablardan birida bo‘lgan edi.

30 yashar musiqa o‘qituvchisi 1- sinf o‘quvchisini darsdan keyin olib qolib, unga jinsiy tajovuz qilganlikda ayblangani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG