Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:08

Hokimlik: bu yil paxtani to‘liq "ko‘ngilli hasharchilar teradi" (FOTO)


Sirdaryo viloyati hokimligi bu yilgi paxtani terib olishga ko‘ngilli tarzda yollanadigan hasharchilar uchun "Dala hasharchilari shaharchasi" hozirlanayotgani haqida ma’lum qildi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu yil paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan shaharchalar barpo qilinmoqda va bunga respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi homiylik qilmoqda.

Viloyat hokimligi nashri 17 avgust kuni ko‘rgazma tariqasida taqdim qilingan ilk shaharchadan reportaj e’lon qildi va bu xabarni Mehnat vazirligi ham tarmoqdagi sahifasida ulashdi.

Aytilishicha, Sirdaryo viloyati bo‘ylab 8 ta tumanda jami 90 ta “Dala hasharchilar shaharchasi” tashkil etiladi va bunga 51 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Rasmiy xabarda viloyat bo‘ylab jami shaharchalarning 36 ming hasharchiga mo‘ljallangani aytilmoqda.

Ko‘rgazma tariqasida taqdim qilingan ilk shaharchada ​"yotoqxona, madaniyat, tibbiyot, kompyuter xonalaridan tortib oshxona, omborxona, yuvinish xonalarigacha" namoyish qilingan.

"Hasharchilarga bu yerda xuddi shaharlardagi mehmonxonalardagidek xizmat ko‘rsatiladi. Palatkali yotoqxonalarda barcha qulayliklar bisyor: yangi choyshab, ko‘rpa-yostiq, yumshoq o‘rindiqlargacha jihozlab qo‘yib qo‘yilgan", deb yozadi viloyat hokimligi nashri bo‘lgan "Sirdaryo haqiqati" nashri.

Shuningdek, hasharchilar shaharchalarida "yuqori tezlikda ishlovchi internet, vay-fay tarmoqlari" ham ishga tushirilgani aytilmoqda.

Sirdaryoning Boyovut tumanida ko‘rgazma qilingan ilk shaharchada soatiga 200ta buxanka chiqaradigan non sexi ham qurilgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida qurilishi ko‘zlangan 90 ta shaharcha uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyat byudjetidan 51 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltiriladi.

"Viloyat hokimligi va barcha mutasaddi tashkilotlar tomonidan bu yilgi paxta yig‘im-terimi har yilgidan tubdan farq qilishi, ya’ni majburiy mehnatga to‘la barham berilib, hasharchilar kayfiyatini ko‘targan holda “Sirdaryo tajribasi – sadoqat namunasi” shiori ostida amalga oshirishni maqsad qilib qo‘ydilar", deb yozadi nashr.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati har paxta terimi mavsumi arafasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab keladi.

Shunga qaramay, 2-3 oy davom etadigan kuzgi mavsumda, asosan, davlat byudjetiga qaram bo‘lgan tashkilot va korxona xodimlari, shuningdek xususiy tashkilot ishchilarining paxta terimiga majburiy safarbar qilinishi kuzatiladi.

Bu yilgi mavsum oldidan esa Andijon viloyatida ichki ishlar xodimlarining potensial "ko‘ngilli hasharchilar" - mahalladagi aholidan terimga chiqishi haqida tilxat yozib berishni so‘rayotganidan shikoyat Ozodlikka keldi.

XS
SM
MD
LG