Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2019, Тошкент вақти: 16:39

Namanganda ta’tildagi o‘qituvchilar aholini ro‘yxatga olishga safarbar etildi


O‘qituvchilar aholini turli ro‘yxatlarga olish ishlariga tez-tez jalb etiladi. Yoshlar Ittifoqining rasmiy saytidan olingan bu suratda yoshlarni ro‘yxatga olish jarayoni aks etgan. 2018, yoz.

Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablarining ayrim o‘qituvchilari jazirama issiqda uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olish ishiga majburlanayotganliklari haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

Muallimlarga ko‘ra, maktab direktorlari ularni ta’tildan chaqirib olgan va xonadonlarga kirib viloyat hokimligi tuzgan anketani to‘ldirishni buyurgan.

Namangan viloyati hokimligi rasmiysi Ozodlikka aholi bandligini aniqlash bo‘yicha ro‘yxatga olish ishlari olib borilayotganini tasdiqladi.

Ammo, mulozim bu ishga muallimlarni chiqarishga hech kim buyruq bermaganini aytdi.

O‘zbekistonlik o‘qituvchilardan shu paytgacha paxta terimi, ular ko‘cha supurish kabi ishlarga jalb etilayotgani to‘g‘risida ko‘plab xabarlar kelgan. Namangandan kelgan so‘nggi xabarda ular uyma-uy yurib aholini ro‘yxatga olayotgani aytilgan.

Ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaclikni so‘ragan namanganlik muallimning Ozodlikka aytishicha, o‘zi ishlaydigan maktabdan 10 dan ziyod o‘qituvchi 5 avgustdan buyon uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olish ishiga jalb etilgan.

- Direktorimiz o‘tgan hafta boshida hammamizni chaqirtirib, viloyat hokimligida uzkiy yig‘ilish bo‘lgani, shu yig‘ilishda xalq ta’limi boshqarmasiga shunday topshiriq berilganini aytdi. Shunga hozir 40 daraja issiqda o‘yma-uy kirib bizga berilgan anketalarni to‘lg‘izdiryapmiz. Chiqmasak direktorimizdan baloga qolamiz. O‘z navbatida maktab direktori xalq ta’limi boshqarmasidan, xalq ta’limidagilar esa hokimiyatdan baloga qoladi.

Anonimlik asosida Ozodlikka gapirgan Namangandagi boshqa maktab o‘qituvchilari ham bu kabi vazifa ularga yuklanganini tasdiqladilar.

Namangan shahridagi 49-son maktab o‘qituvchisi bu haqda Ozodlikka shunday dedi:

- Mahalla qo‘mitasi va uchastka noziri qilishi kerak bo‘lgan bu ishni ham biz muallimlarga ilib qo‘yishdi. Bizni maktabdan yetti o‘qituvchi chiqqanmiz. Har birimizga "Yangi tong" mahallasidagi ko‘chalar bo‘lib berilgan. Tayyor bo‘sh anketa bor, ismi, pasport raqami, ishlaydimi yo‘qmi, nogironligi bormi yo‘qmi, shularni uylarga kirib to‘lg‘izdirip yuripmiz, maktab boshlangunicha hamma anketalarni to‘ldirib, direktorga topshirishimiz kerak ekan.

O‘qituvchilar ularga uylarga kirib to‘ldirish uchun berilgan anketa nusxasini Ozodlikka taqdim qilishdi.

Anketada uni to‘ldiruvchi shaxsning ismi-sharifi, manzili, tug‘ilgan joyi, pasport yoki metrika raqami, ro‘yxatga olinganligi, qaerda ishlashi, qaerda o‘qishi, sinfi, nogironligiga oid ma’lumotlar so‘ralgan.

Aholini ro‘yxatga olish anketasi.
Aholini ro‘yxatga olish anketasi.

Namangan viloyat hokimligi rasmiysi aholi ro‘yxatini tuzish ishlari olib borilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Mulozim ro‘yxatni tuzishdan maqsad aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordamga muxtojlarni aniqlash, ularga imtiyozli kreditlar olishda yordam berish ekanini aytdi.

Ammo, hokimlik mulozimi bu ishga muallimlarni chiqarishga hech kim buyruq bermaganini aytdi.

- Ro‘yxatga olish bo‘lyapti, lekin buni o‘qituvchilar qilsin, deb hech kim buyruq bermagan, - dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘tgan yil iyun oyida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va endilikda faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini aytgan edi.

Ammo, Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarni aholini ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etishga ulardan buyruq berilmaganini aytdi.

- Bizda unaqa buyruq yo‘q. Hech kim majburlab jalb qilingani yo‘q. Bizga ham unaqa buyruq berilmagan, - dedi Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

Bu o‘qituvchilarning o‘zboshimchaligi bo‘lishi mumkinmi?, degan Ozodlik savolini Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 may kuni qabul qilgan qarorida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva shu yil 16 may kuni Facebook sahifasida qilgan bayonotida o‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishini "barkamol avlodni tarbiyalashda eng ko‘p tashvishga solayotgan besh muammoning biri" sifatida tilga olgan edi.

Davlat mulozimlari¸ xususan¸ hokimlar ham majburiy mehnat mavjudligini bir ovozdan rad etib turgan bir paytda¸ o‘qituvchi va shifokorlar ularning kasbiy faoliyatiga daxli bo‘lmagan ishlarga majburlanayotgani haqida Ozodlikka shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG