Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2019, Тошкент вақти: 23:16

Kreml Googleni rossiyaliklarni namoyishga chiqishga chaqirishda ayblamoqda


10 avgust kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan norozilik mitingi ishtirokchilari.

Rossiya rasmiylari qarorgohi Kaliforniyada joylashgan Google shirkatini Moskva shahri aholisini norozilik namoyishlariga chiqishga chorlashda ayblamoqda.

Roskomnadzor 11 avgust kuni e’lon qilgan bayonotda Googlega tegishli YouTube platformasini "moskvaliklarning namoyishga chiqishdagi roli" uchun tanqid qildi.

10 avgust kuni Rossiyada so‘nggi 8 yildagi eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Roskomnadzor Googlega yuborgan maktubida shirkatdan bu kabi “noqonuniy ommaviy hodisalarni“ reklama qilishni bas qilishni so‘radi.

Bayonotda “Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, YouTube kanaliga ega bir necha taraf ruxsat berilmagan ommaviy hodisalar, jumladan, hududiy va federal saylovlarni izdan chiqarish maqsadini ko‘zlovchi hodisalar haqida ma’lumot tarqatish maqsadida e’lon instrumentlarini xarid qilgan“, deyiladi.

Kreml hujumidan bir necha kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp ham Amerika saylovlarida yon bosish masalasi bo‘yicha Google shirkatini yaqindan kuzatayotganini aytgan edi.

Moskva, shuningdek, AQSh hukumatini hamda Germaniyaning Deutsche Welle (DW) davlat nashrini rossiyaliklarni har hafta o‘tkazilayotgan namoyishlarga chiqishga chorlashda aybladi.

9 avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yuqori lavozimli AQSh diplomatini chaqirtirib, Amerika elchixonasi 3 avgust kuni o‘tkazilgan namoyish marshrutini o‘z saytida e’lon qilgani uchun e’tiroz bildirdi.

Undan bir kun oldin esa, Germaniya elchisi Rossiya rasmiysi Deutsche Welle yana rossiyaliklarni namoyishga chiqishga chorlasa, Rossiya qonunchiligi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirganini aytdi.

AQSh Kreml ayblovlarini asossiz, deya rad etdi.

10 avgust kuni 60 mingga yaqin odam Moskva va yana kamida besh shaharda mustaqil nomzodlar ro‘yxatga olinishini talab qilib, norozilik aksiyasiga chiqdi. 10 avgust kungi namoyishlar 2011 yildan beri Rossiyada o‘tkazilgan eng yirik aksilhukumat aksiyasi, deb e’tirof etilmoqda.

“OVD-Info” mustaqil nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 10 avgust kuni tunga qadar umumiy hisobda 350 dan oshiq namoyishchi qo‘lga olingan.

Norozilik namoyishlariga Rossiya rasmiylari Moskva shahar dumasi saylovi oldidan mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olishdan bosh tortayotgani sabab bo‘lmoqda.

45 o‘rinli Moskva shahri dumasi shahar byudjeti uchun mas’ul bo‘lib, unda eng ko‘p o‘rinni Kremlparast “Yedinaya Rossiya” partiyasi egallagan. Navbatdagi saylov 8 sentabrga belgilangan.

Bundan avval Rossiya politsiyasi 27 iyul hamda 3 avgust kunlari o‘tkazilgan namoyishlarda ishtirok etgan 2300 dan oshiq odamni qo‘lga oldi. Ularning ko‘pchiligiga qarshi politsiya oshiqcha kuch ishlatgani keskin qoralandi.

Taniqli blogerlar politsiya va rasmiylarning bu harakatlarini qoralab, moskvaliklarni namoyishga chiqishga chorladi. Ular orasida 5 million obunachiga ega YouTube yulduzi Dud, 1.3 million obunachiga ega reper Oxxxymiron hamda 2.5 million obunachiga ega qiziqchi Danila Poperechniylar bor.

Kremlni hamda hukumatni qo‘llovchi tadbirkorlar Rossiyadagi eng taniqli telekanal va gazetalarni boshqaradi. Shu sabab norozilik namoyishlarini rus nashrlari deyarli yoritmadi.

Ammo Google va Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar Kreml uchun boshog‘riq bo‘lib keladi, chunki ulardan fuqarolar hukumat elagidan o‘tmagan ma’lumotni ola oladilar.

Rossiya ko‘p holatlarda biror isbot-dalilsiz AQSh hamda boshqa xorij davlatlarini Rossiyadagi norozilik aksiyalariga aloqadorlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG