Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:57

OzodDayjest: Karimovning matbuot kotibi Doda davrini keskin qoraladi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Jurnalist K. Bahriyev O‘zbekiston energetika tizimida monopoliya tugatilishi lozimligini urg‘uladi. Deputat Azamat Ziyo avvalgi prezident I. Karimov davrini keskin tanqid qildi Davlat tiliga hurmatsizlik qilayotgan uch vazirlik nomi sanaldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Byudjet yirtiqlarini xalq hisobidan yamashni to‘xtatish talab qilindi

O‘zbekiston energetika tizimidagi ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvi isloh etilishi hamda sohadagi monopoliya tugatilishi lozim (“Darakchi”, 8 avgust). Jurnalist Karim Bahriyevga ko‘ra, energetika sohasida mo‘’tadil raqobat yuzaga kelishi uchun sohani uchga ajratish – tokni ishlab chiqarish, tarmoq orqali tarqatish va xalqqa sotish sohalariga taqsimlash maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tizimga xususiy xo‘jalik sub’ektlari hamda xorij sarmoyasini kiritish lozim. Barcha vazifalarning yagona qo‘lda to‘planishi esa boshqaruv samarasizligi va korrupsiyani keltirib chiqaradi. Muallif energetika sohasida yuzaga kelayotgan kamomadlar, byudjet “yirtiq”larini xalq hisobidan yamash amaliyotiga barham berish lozimligini ham ta’kidlagan.

Prezidentning sobiq matbuot kotibi Karimov davrini qoraladi

Islom Karimov davrida prezidentning matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyo marhum rahbari davrini keskin tanqid qildi, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga esa yuksak baho berdi (“Xalq so‘zi” sayti, 6 avgust). Qayd etilishicha, Islom Karimov davrida millionlab o‘zbekistonlik qashshoqlikdan qochib, daromad izlab, o‘zga yurtlarga jo‘nashga majbur bo‘lgan. Iqtisodiy tizim haqida gapirgan muallif xalqaro hamjamiyatni aldash uchun ko‘zbo‘yamachiliklar qilingani, davlat hatto pista narxini ham tartibga sola olmay qolganini yozgan. “Davlat hatto bir hovuch pistaning narxini tartibga solishga ham kuchsiz bo‘lib qolgandi. Narxni “qora bozor” orqali pistachi belgilardi”, degan A.Ziyo.

Qayd etilishicha, 2016 yilga qadar mamlakatda kimlarningdir “itining tuvagi tillodan” bo‘lgan, biroq sodda o‘zbek sinch yoki paxsa uyi chirog‘ini pul to‘lab ham yoqolmaydigan bo‘lib qolgan. Azamat Ziyo iqtisodiyot, ta’lim, ijtimoiy sohalardagi muammolarni sanab, “Qaysi sohani olmaylik, sifat borasida oqsadik”, deya xulosa qilgan.

Prezidentning sobiq matbuot kotibi muammolar sabablaridan biri sifatida mamlakatda so‘z erkinligi bo‘lmaganini ko‘rsatgan, mavjud og‘ir vaziyat haqida birov g‘ing deya olmaganini ta’kidlagan.

Marhum prezident davrini qoralagan muallif uni “joylari jannatda bo‘lgur Islom aka” deb atagan.

Energetika va transport vazirliklari davlat tiliga hurmatsizlik qildi

Markaziy idoralar tomonidan davlat tiliga hurmatsizlik davom etmoqda. Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev Telegramda sahifasida yozishicha, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida (regulation.gov.uz) ayni paytda 10 ta qonun loyihasi muhokama etilmoqda. Mazkur qonun loyihalaridan 3 tasi faqat rus tilida. Energetika vazirligi, Transport vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi qonun loyihalarini faqat rus tilida, o‘zbek tilidagi muqobilisiz joylashtirgan. Bu o‘rinda gap “Gaz ta’minoti to‘g‘risida”, “Transport to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari xususida ketmoqda. “Siz uchun davlat tilining hurmati bormi, yo‘qmi?” deb mazkur uch idorani savolga tutgan huquqshunos X .Xudoyberdiyev.

XS
SM
MD
LG