Линклар

Шошилинч хабар
01 июл 2025, Тошкент вақти: 03:40

OzodDayjest: IIV vakili Jasliqdagi qiynoqlarga oid savolga ochiq javob berishdan qochdi


Jasliq koloniyasi.
Jasliq koloniyasi.

Ekolog Jizzaxdagi Aydarko‘l sekin-asta o‘lib borayotganidan bong urdi. IIV vakili “Jasliqda qiynoqqa solish holatlari bo‘lganmi?” degan savolga ochiq javob bera olmadi. Vobkentda “Xalq banki” boshqaruvchisi pora bilan qo‘lga tushdi.

_____________________________________________________________

Parlament vakili Jasliqda qiynoq qo‘llanganini tan oldi, IIV vakili esa ochiq javobdan qochdi

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi 5 avgust kuni Qoraqalpog‘istondagi Jasliq koloniyasi yopilishi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda bir qator elektron nashrlar xabar berdi. Tadbirda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Adilov hamda boshqarma boshlig‘i Qutbiddin Burhonov ishtirok etdi. Anjumanda “Jasliqda qiynoqqa solish holatlari bo‘lganmi?” deb savol berilgan. IIV vakili: “Ayni vaqtda mahbuslarga nisbatan hech qanday qiynoq qo‘llanilmayapti. Men sizga aytishim mumkin bo‘lgan javob shu”, deya ochiq javob berishdan qochgan.

6 avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Akmal Saidov ham matbuot anjumani o‘tkazgan. IIV vakilidan farqli o‘laroq, A. Saidov koloniyada qiynoqlar bo‘lganini tan olgan. “Bu joyga nisbatan uzoq vaqtlar davomida juda salbiy fikrlar bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi reytingini tushirib yuborishga asosiy sababchilardan biri bo‘ldi. Biz bundan o‘zimizga dars olishimiz kerak”, degan A. Saidov.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 avgustidagi qarori bilan “Jasliq” nomi bilan tanilgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatildi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari koloniyada yaqin o‘tmishda qiynoqlar qo‘llangani yuzasidan xavotirlar bildirib kelgan.

Mutaxassis Aydarko‘l sekin-asta o‘lib borayotganidan ogohlantirdi

Jizzax viloyati hududidagi Aydarko‘l sekin-asta o‘lib bormoqda (“Mahalla” gazetasi, 2019 yil 33-son). Bu haqda Jizzax viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov ogohlantirgan. Qayd etilishicha, ko‘l suvining sathi yiliga 30 santimetrgacha pasayib bormoqda. Oxirgi 10 yil davomida suvning minerallashuvi 5,07 gramm/litrdan 8,59 gramm/litrgacha oshdi. Ahvol shu tariqa davom etaversa, ko‘llar tizimi yaqin 5-10 yil orasida baliqchilik ahamiyatiga ega bo‘lgan suv ob’ekti maqomini yo‘qotadi. Ekologik fojia oqibatlari nafaqat qo‘shni viloyatlar, hatto Qozog‘istonga ham yetib boradi.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga kiruvchi Aydarko‘lning umumiy maydoni 3 ming 373 kilometr kvadrat, uzunligi 300 kilometrni tashkil etadi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi kattaligi jihatdan Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Uning suv hajmi mamlakatdagi barcha suv omborlarida to‘plangan obihayotdan ikki barobar ko‘pdir.

“Xalq banki” mansabdori imtiyozli kredit evaziga 4000 dollar pora talab qildi

“Xalq banki”ning Buxoro viloyati Vobkent tumani filiali boshqaruvchisi pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi raisi Ulug‘bek Bozorov “Darakchi” nashri orqali xabar bergan. Prezident qaroriga muvofiq, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi bo‘yicha ishbilarmonlarga imtiyozli kredit ajratish ko‘zda tutilgan. Ammo 40 yoshli bankir kredit ajratish evaziga mahalliy tadbirkordan 4000 dollar pora talab qilgan. Bank boshqaruvchisi talab qilingan summaning 800 dollarini olayotganda ushlangan. JKning 210-moddasi bo‘yicha ayblagan bank boshqaruvchisi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG