Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 12:41

"Obod mahalla" dasturida ishlagan tadbirkor Olmazor hokimidan haqini talab qilmoqda (VIDEO)


Habibjon Yo‘ldoshev Olmazor hokimiyati oldida piketda

“Obod mahalla” davlat dasturi asosida 2018 yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilish olib borgan farg‘onalik quruvchi-tadbirkor Habibjon Yo‘ldoshev mehnat haqi berilmaganidan shikoyat qilib, 5 avgustda tuman va shahar hokimiyatlari oldiga norozilik piketiga chiqdi.

Olmazor hokimiyatida Ozodlik so‘roviga kasodga uchragan tadbirkor bilan uchrashishgani va mehnat haqi berilishi masalasi muhokama etilayotganini bildirishdi.

Ayni damda, huquq faollari Toshkentda "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan har bir mahallaga 3 milliard so‘m ajratilganini aytmoqda.

"Kelajakka ishonchim qolmadi"

“Kenagas maxsus-ta’mir” shirkati rahbari 35 yashar farg‘onalik Habibjon Yo‘ldoshev 2018 yilning yozida “Obod mahalla” dasturi asosida Olmazor tumanining “Ibrohim ota” mahallasida joylashgan 9,11 va 14-sonli ko‘p qavatli uylarni tom, fasad va kirish yo‘laklarini ta’mirlash uchun shartnoma tuzadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Habibjon Yo‘ldoshev ob’ektlarni ta’mirlash uchun 360 million so‘mga shartnoma tuzgani, pulning yarmisini materiallar uchun olgani, qolgan qismini olomayotganidan shikoyat qildi.

- 3 domni tom, fasadlari va kam ta’minlangan bir ayolning uyini remont qilib berganmiz. 360 millionga kelishgan edik, undan 157 millioni qolib ketdi. Biz material olganmiz, ishchilardan qarz bo‘lganmiz, bu pulga ishonib, boshqa joylardan ishchilar pulini berib qo‘yganmiz. 2018 yil oktabr oxirlarida topshirgan bo‘lsak, undan beri “erta beraman-indin beraman”! Olmazor tuman hokimiyati berishi kerak, deydi Habibjon.

Tadbirkor bu pullarni ololmagani bois 10 oydan beri tinchi buzilgani, ish haqini berolmasdan ishchilari oldida firibgarga aylangani va qarzga botib ketgan firmasi bankrotlik arafasida ekanini aytadi:

- Menda davlatimiz kelajagiga negativ kayfiyat uyg‘onayapti. Arz qilmagan joyim qolmadi – portalga ikki marotaba, Vazirlar Mahkamasiga, Bosh prokuraturaga yozdim, barcha instansiyalarga chiqqanim bilan natija yo‘q. O‘rtog‘imni o‘g‘lining operatsiyasiga pulini berolmadim - bola nobud bo‘ldi. Bu bir ruhiy zarba bo‘ldi. O‘rtoqlarim sabr qilyapti, boshqa odamlar uyimga bostirib kiryapti, qishloqda “moshennik” degan nom oldim, odamlardan qochib yuribman. Qarzlarga botgan firma esa bankrotlik arafasida. Shu sababli Vazirlar Mahqamasi, Toshkent shahar va Olmazor tuman hokimiyatlari oldiga piketga chiqishdan boshqa iloj qolmadi, dedi Habibjon Yo‘ldoshev.

Farg‘onalik quruvchi 5 avgustda o‘zi uyushtirgan norozilik piketiga “Olmazor tuman hokimidan haqimni berilishini talab qilaman” deb yozilgan plakat ham ko‘tarib chiqqan.

U bilan Vazirlar mahkamasida, Toshkent hokimiyatida bir qancha mulozim bilan suhbatda bo‘lgani, nihoyat uni Olmazor tumani hokimi muovini To‘lqin Teshaev bilan uchrashtirishgani ma’lum bo‘ldi.

Habibjon “Meni yana o‘sha oldin kirgan kabinetlarimga olib kirishdi va yana sabr qilishni so‘rashdi”, dedi.

U soliqchilar oldida soliqdan qarzi borligi tufayli O‘zbekiston tashqarisiga chiqib, pul ishlash ham imkonsiz ekanidan afsuslandi.

H.Yo‘ldoshevning qo‘lida qolgan yagona hujjat
H.Yo‘ldoshevning qo‘lida qolgan yagona hujjat

Olmazor tumani hokimi muovini To‘lqin Teshayev Ozodlikka norozilik aksiyasini uyushtirgan yigit bilan uchrashib, uning haqi berilishiga ishontirib, dedi:

- Uchrashganman, qabul qilganman uni. Puli bo‘yicha javobini berganmiz. Bu bo‘yicha shug‘ullanayapmiz – hech kim yeb ketmaydi, beriladi puli! Kim bilan gaplashgan, kim bilan kelishgan – o‘zi biladi. U kim bilan shartnoma tuzganini ham biroz so‘rang! Pul vaqtida berilgan, o‘shanda teng bo‘linishi kerak edi. Hokimiyatni bu masalada aybdor qilish kerak emas, dedi pul nimaga vaqtida berilmaganini izohlashga uringan hokim muovini.

“Har bir mahallaga 3 milliard so‘mdan ajratilgan!”

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning oktabr oyida Olmazor tumanining "Ibrohim ota" mahallasida “Obod mahalla” dasturi asosida qurilish ishlari yakuniga yetgan.

Jumladan, yangi qurilgan binolardan 48 oilaga yangi kvartiralar kalitlari topshirilgan, bolalar maydonchalari va basketbol maydoni qurilib bitkazilgan.

Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga uy-joylari ta’mirdan chiqarilgani aytilgan.

Aynan "Ibrohim ota" mahallasidagi qurilishga iyun oyida Shavkat Mirziyoyev shaxsan tashrif buyurgan edi.

O‘shanda prezident mahallada 1960 yillarda qurilgan 19ta ikki qavatli va 4-ta 4 qavatli uylarni ta’mirlashni, 7-ta ikki qavatli arzon uy-joylarni va bitta bog‘chani qurish rejasini tasdiqlab ketgan edi.

- Bu yerdagi odamlarning ham bola-chaqasi, ertangi kundan umidlari bor. Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni, qabul qilinayotgan dasturlar natijasini odamlar o‘z uyida sezishi kerak", degan edi "Ibrohim ota" mahallasidagi chiqishida Shavkat Mirziyoyev.

Habibjon Yo‘ldoshev ishini toshkentlik mustaqil jurnalist, huquq faoli Shabnam Olloshukurova kuzatib bormoqda.

U o‘zining Feysbuk sahifasi orqali quruvchi yigitning piketidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya olib bordi.

Ozodlik bilan suhbatda Shabnam Olloshukurova farg‘onalik tadbirkor bilan birga hokimiyat vakillari bilan uchrashgani tafsilotiga to‘xtaldi.

- Dastlab hokim muovini “Aynan Olmazordagi “Obod mahalla” homiylik pullari evaziga qilinsin degan buyruq bor!”, degan edi, ko‘rsating desam, ko‘rsata olmadi. “Nimaga bular hokimiyat bilan emas, mahalla bilan shartnoma tuzishgan?”, desam, “Xabarimiz yo‘q, o‘zlari qilishgan!”, dedi. Ular Habibjonni mahalla raisi bilan shartnoma tuzdirib, “Pulni mahalla hisobiga tashlab beramiz, olasan”, deya kafillik bergan. Qurilish tugaganidan keyin ular mahalla raisini bir ayolga saylovsiz almashtirib tashlagan, u esa “Kimga borsang bor – men pul bermayman!”, degan, deydi Shabnam.

Ma’lum bo‘lishicha, arz qilishni boshlaganini eshitib qolgan hokimiyat vakillari Habib Yo‘ldoshevdan shartnomani tortib olib qo‘ygan.

Ozodlik bilan suhbatda Shabnam Olloshukurovaga ko‘ra, tadbirkor “Obod mahalla” dasturiga jalb qilinib, hokimliklar tomonidan haqi berilmagan birinchi tadbirkor emas.

Uning aytishicha, Toshkent shahridagi har bir dasturga kiritilgan mahallaga 3 milliard, viloyatlarda esa har bir qishloqqa 3 milliard so‘mdan ajratildi:

- Bitta buni aldashmayapti. Olmazorda ko‘plab boshqa firmalarni ham aldashgan. “Xo‘p!” deb norozi bo‘lib ketvorgan tadbirkorlar juda ko‘p. Har bir “Obod mahalla” dasturiga tushgan mahallaga 3 milliard so‘m davlat tomonidan ajratilgan ekan. Men bu masalani ko‘taraman desam, menga tahdidlar bo‘layapti. “Obod mahallada” beshta muhim jihati bor: toza ichimlik suvi, elektr, gaz, yo‘l va ichki infrastruktura. Viloyatlardagi qishloqlarda xuddi shulari mavjud bo‘lgan qishloqlarni tashqi ko‘rinishini uy egasiga bo‘yattirib, mahallani “obod” qilyapti. Lekin unga ajratilgan 3 milliard pul kimning cho‘ntagiga ketyapti? - deya savol qo‘ydi jurnalist va bloger Shabnam Olloshukurova.

XS
SM
MD
LG