Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2019, Тошкент вақти: 23:36

"Abu Saxiy"da o‘ttizdan ziyod xususiy do‘kon buziladi. Do‘kondorlar norozi


“Toshkent savdo markazi” bosh direktori nomidan 3 avgust sanasi bilan yozilgan ogohlantiruv xatida do‘konlar zamonaviy ko‘p qavatli avtoturargoh qurilishi munosabati bilan buzilishi aytilgan.

Toshkentning o‘tmishda "Abu Saxiy" nomi bilan tanilgan, hozirda “Toshkent savdo markazi” deb ataluvchi ulgurji bozoridagi o‘ttizdan ziyod xususiy do‘kon buziladi.

Bu haqda bozor rahbariyati do‘kon egalarini ogohlantirgan.

“Toshkent savdo markazi” bosh direktori nomidan 3 avgust sanasi bilan yozilgan ogohlantiruv xatida do‘konlar zamonaviy ko‘p qavatli avtoturargoh qurilishi munosabati bilan buzilishi aytilgan.

"Toshkent savdo markazi" rahbari nomidan yozilgan ogohlantiruv xati.
"Toshkent savdo markazi" rahbari nomidan yozilgan ogohlantiruv xati.

Zamonaviy ko‘p qavatli avtoturargoh qurilishi tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ko‘p qavatli avtoturargoh loyihasi bo‘yicha Sizga tegishli bo‘lgan do‘kon buzilishi mumkin”, deya ta’kidlanadi “Toshkent savdo markazi” bosh direktori Alisher Husainov nomidan yozilgan ogohlantirish xatida.

Xatda do‘koni buzilgan tadbirkorlarga yangi qurilayotgan savdo majmuasidan yangi do‘konlar berilishi aytilgan.

Do‘koni buzilganlarga “Parkingli savdo majmuasi”dan kelishilgan shartlar asosida savdo do‘koningiz o‘rniga yangi savdo do‘koni bilan ta’minlashni kafolatlaymiz”, - deya bildiriladi ogohlantiruv maktubda.

Do‘kon egalari norozi

“Toshkent savdo markazi” (sobiq “Abu Sahiy" bozori)dagi ayrim tadbirkorlar do‘konlari buzilishidan norozi ekanliklarini Ozodlikka ma’lum qildilar.

Ismi ochiqlanmasligini istagan do‘kondorlardan biri 8 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda ularga 15 kun ichida do‘konlari buzilishi haqida aytilgani, lekin o‘rniga yangi do‘konlar qanday shartlar asosida berilishi haqida aniq ma’lumot berilmaganini aytdi.

"O‘tgan yili shu do‘konlarni bizga 240-260 million so‘mdan sotishgandi. Endi buzamiz, kelishilgan shartlar asosida yangi savdo do‘koni beramiz, deyishyapti. Lekin kelishilgan shartlar qanday bo‘ladi? Agar do‘konlar ijaraga berilsa, ijara narxi qancha bo‘ladi? Bu haqda hech kim hech narsa aytmayapti", deydi do‘kon egasi.

“Toshkent savdo markazi” rahbar xodimlaridan biri bozor hududida avtomototransport vositalarining kundan kunga ortib borishi va ularni vaqtinchalik saqlash joylari yetishmasligi masalasini ko‘pqavatli stoyankalar qurish orqali hal etilishini aytdi.

"Bozor atrofi mashinalarga tiqilib ketgan. Hamma avariyalar shu yerda bo‘ladi. Endi bu tartibga solinadi. Yangi savdo majmuasi yonida ko‘p qavatli stoyanka bo‘ladi. Bozorga kelgan xaridorlar mashinalarni park qilib, xaridini qiladi. Savdogarlarga shinam do‘konlar taklif etiladi. Do‘koni buzilganlarga shu erdan yangi do‘konlar beriladi", dedi “Toshkent savdo markazi”ning ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlaridan biri.

Ammo, yangi do‘konlar tadbirkorlarga qanday shartlar asosida berilishi haqidagi savolni bozor xodimi javobsiz qoldirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni imzolagan qaroriga ko‘ra, 2019 yilgacha O‘zbekistondagi bir qator bozorlar qayta quriladi.

Buzilayotgan bozorlardagi tadbirkorlarga do‘konlari uchun kompensatsiya puli to‘lanmayotgani va ularga yangi ish o‘rinlari yaratilmayotgani borasida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

2017 yilda egasi va nomi o‘zgargan "Abu Saxiy" bozoriga O‘zbekistoning sobiq prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning turmush o‘rtog‘i Temur Tillayev egalik qilgan.

O‘zbekistonning joriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Abu Sahiy" bozorida davlatga bir oyda 14 barobar kam tushum tushgani, bozor egasi o‘zgarganidan so‘ng davlatga tushumlar keskin ortib ketgani haqida bayonot bergandi.

XS
SM
MD
LG