Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:17

Samarqand hokimligi qimmat mashina egalarini festival paytida tekin ishlashga majburlamoqda


Registon maydonida Sharq taronalari xalqaro qo‘shiq festivaliga tayyorgarlik
Registon maydonida Sharq taronalari xalqaro qo‘shiq festivaliga tayyorgarlik

Samarqand viloyatidagi yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan “Malibu-2” va “Captiva“ rusumli qimmatbaho mashinalar 23 avgustdan 30 avgustgacha davom etadigan “Sharq taronalari” festivalida tekin xizmat uchun safarbar qilinadi.

Samarqand viloyat hokimligida ayni tadbirga ma’sul bo‘lgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, qimmat mashinasi borlar "o‘z qalb amri bilan tekin" xizmat qilishga ishtiyoq bildirgan.

"Malibu-2" egasi bo‘lgan samarqandlik haydovchi bundan norozi bo‘lib Ozodlikka shikoyat qildi:

- 30 ming dollar turadigan mashinam bilan bir hafta tekin xizmat qilish yoqmayapti, dedi u.

Samarqandlik bloger Mirzo Subhonov "Tashkilot va yuridik shaxslarga tegishli qimmat mashinalardan festivalda tekin foydalanish" haqida viloyat hokimining 22 iyul kuni imzolangan 07-01/135 raqamli bayonnomasi mavjudligini aytdi.

Blogerga ko‘ra, bu baënnoma "odamlarga tegishli bo‘lgan “Malibu-2” va “Captiva“ rusumli yengil avtomobillarni bir hafta" mobaynida tekin ishlatishni belgilab bergan.

- Festival mehmonlarini kutib olish uchun pul ajratilgan, odamlar majburiy jalb etilmasligi kerak¸ dedi bloger.

Yuridik shaxs va tashkilotlardan mashinalarni tekin olishni tashkil qilish Samarqand viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.

Ozodlik tasarrufida Samarqanddagi oilaviy korxonaga IIB tarafidan yuborilgan xabarnoma nusxasi mavjud.

Samarqanddagi oilaviy korxonaga IIB tarafidan yuborilgan xabarnoma nusxasi
Samarqanddagi oilaviy korxonaga IIB tarafidan yuborilgan xabarnoma nusxasi

Samarqand viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Abdunabi Nosirov imzo chekkan maktubda "oilaga oid “Malibu-2”ni joriy yilning 20 avgust kuni ertalab viloyat hokimligi oldiga olib borish" buyurilgan.

Ayni mashinaning “Festivaldagi tekin xizmatga” yaroqliligi esa 5 avgust kuni viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlari tarafidan tekshirilgan.

"Ma’naviyat" niqobi ostidagi majburiy mehnat

Odamlarga tegishli avtomobillarni tekin ishlatish sababi IIB hujjatida keltiriladi.

"Tadbirga tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlarni kutib olish hamda kuzatish¸ mehmonlarga namunali xizmat ko‘rsatish¸ madaniy-tarixiy merosimiz bilan tanishtirish maqsadida sizga oid “Malibu-2” avtomobili 23 avgustdan 30 avgustgacha viloyat hokimiyati avtoxo‘jaligi tasarrufiga o‘tadi” deyiladi hujjatda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 26 fevralda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida tadbir uchun respublika byudjetidan etarli mablag‘ ajratilishi aytilgan.

Samarqandlik bloger Mirzo Subhonovning aytishicha¸ nafaqat festival balki viloyatdagi barcha tadbirlarga aholiga oid mashinalar tekin jalb qilinadi:

- Haqiqatan ham pul ajratilgan, lekin to‘lanmaydi. GAI faqat shunaqa qiladi. Tadbir paytida avtobuslar va yuk avtomobillarining texnik pasportini olib qo‘yib ishlatadi¸ dedi bloger .

Ozodlik bundan oldingi festivallarda tibbiyot xodimlari ko‘cha tozalashga jalb qilingani haqida yozgan edi.

Mehmondo‘stlik?

Samarqand viloyat hokimligida ayni tadbirga ma’sul bo‘lgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, “qimmat mashinasi borlarning mehmonlarga tekin xizmat ko‘rsatishi samarqandliklar mentalitetidagi “mehmondo‘stlikning oliy ko‘rinishidir”.

Uning ta’kidlashicha, qimmat mashinasi borlarning o‘zlari "puldan voz kechib", tekin xizmat qilmoqchi.

Favqullodda holat?

Samarqand viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining matbuotga gapirish huquqi yo‘qligi bois ismini aytmagan mulozimi "davlat favqullodda holatlarda grajdanlarning avtomobillarini olib turishga" haqi borligini bildirdi.

Ozodlik muxbirining "Festival - bu favqullodda holatmi?" degan savoliga javob bera olmagan IIB mulozimi "Biz hokimiyat buyrug‘ini bajaryapmiz", deya trubkani qo‘yib qo‘ydi.

Festival tashkilotchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimlari ushbu masala yuzasidan Ozodlikka izoh bermadi.

Xalqaro festival

Joriy yilning 26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi.

Festivalning ochilish marosimida YuNESKO bosh direktori Odre Azule xonim ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Festival doirasida 27-28 avgust kunlari “Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atining rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda 78 davlatdan xonanda va sozandalar, badiiy jamoa va ansambllar, san’at va musiqashunoslar ishtirok etishi kutilmoqda.

"Sharq taronalari" xalqaro festivali 1997 yildan buyon ikki yilda bir o‘tkazib kelinadi.

XS
SM
MD
LG