Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:59

Exit poll: Zelenskiyning partiyasi qariyb 44 foiz ovoz oldi (VIDEO)


Dastlabki natijalarga ko‘ra, Ukrainadagi navbatdan tashqari parlament saylovida prezident Zelenskiy yetakchiligidagi partiya qariyb 44 foiz ovoz to‘plagan.

Mazkur natijalarga ko‘ra, Ukraina parlamentiga 5 foizlik to‘siqdan o‘tgan besh partiya kirishi mumkin.

21 iyul kuni Ukraina muddatidan avvalgi parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Deputatlikka qariyb 6 ming nomzod da’vogarlik qilmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, ovoz berishda saylovchilarning 50 foizdan kamrog‘i ishtirok etgan.

Demokratik tashabbus jamg‘armasi, Kiev xalqaro sotsiologiya instituti hamda Ukraina iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazini o‘z ichiga olgan konsortsium mamlakatda bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin milliy ekzit-pol natijalarini e’lon qildi.

Natijalarga ko‘ra, 44,2 foiz ovoz olishi kutilayotgan “Xalq xizmatkori” (prezident Zelenskiy partiyasi), 11,4 foiz ovoz yig‘ishi mumkin “Muxolifat platformasi – Hayot uchun” (rossiyaparastlar partiyasi), 8,8 foiz ovoz olishi mumkin bo‘lgan "Yevropacha birdamlik" (sobiq prezident Poroshenko partiyasi), 7,4 foiz ovoz yig‘ish ehtimoli bo‘lgan "Batkivshina" (sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko partiyasi) hamda 6,5 foiz ovoz olishi taxmin qilinayotgan “Golos” (rahbari taniqli rok-qo‘shiqchi Svyatoslav Vakarchuk ) partiyalari parlamentdan joy olishi mumkin.

Volodimir Zelenskiy prezident etib saylanganidan keyin parlamentni tarqatgan, yangi tarkib uchun saylovni muddatdan 3 oy oldin o‘tkazishga qaror qilgan.

Bugungi saylovda Zelenskiy asos solgan “Xalq xizmatkori” partiyasi hukmronlikni qo‘lga kiritsa, Zelenskiy o‘z islohotlarini davom ettirishi uchun zamin yaratiladi.

21 iyul kungi saylovda Zelenskiy, parlament spikeri Andriy Parubiy, sobiq prezident Petro Poroshenko hamda sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko kun yarmigacha ovoz berdi.

Ovoz berganidan keyin justnalistlarga intervyu bergan Zelenskiy, hukumat yetakchisi hokimiyat yoki siyosatga aralashmagan professional iqtisodchi bo‘lishi kerak, deb hisoblashini aytdi.

Ukrainaliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovlar Zelenskiy reytingi yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Zelenskiy ertaroq saylov o‘tkazish qarori sababini mamlakat parlamenti unga qarshi siyosatchilar boshqaruvida bo‘lgani bilan izohlagan.

Kievdagi “Razumkov” so‘rov markazi 18 iyul kuni e’lon qilgan natijalari “Xalq xizmatkori” partiyasi 40,2 foiz ovoz to‘plashi mumkinligini ko‘rsatgan edi. Ammo bu natija ham partiyaga avtomatik tarzda hukmronlikni qo‘lga kiritish imkonini bermaydi. Zelenskiy partiyasi boshqa partiya bilan koalitsiya tuzishga majbur bo‘lishi mumkin.

Ayni so‘rov natijalariga ko‘ra, sobiq prezident Petro Poroshenko boshchiligidagi "Yevropacha birdamlik" partiyasi, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko boshqaradigan "Batkivshina" partiyasi hamda taniqli rok-qo‘shiqchi Svyatoslav Vakarchuk boshchiligidagi "Golos" partiyalari saylovda 5 foizdan ko‘p ovoz to‘plashi mumkin.

Ukraina parlamentida 450 o‘rin bor. Ammo Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilib olgani uchun bugungi saylovda 424 o‘rin uchun kurash ketmoqda.

Ukraina qonunlariga binoan, parlament o‘rinlarining yarmi partiyalar tuzgan ro‘yxatlar asosida to‘ldiriladi. O‘rinlarning ikkinchi yarmini esa birmandatli saylov okruglarida g‘alaba qozonganlar egallaydi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Zelenskiy g‘alaba qozonishida muhim o‘rin tutgan yosh saylovchilar parlament saylovlarida ozroq ovoz berishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida Zelenskiy partiyasi ozroq ovoz olishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Ukraina iqtisodi oqsoqlanishiga sabab bo‘layotgan yirik muammolar orasida eskirgan gaz va elektr energiyasi infratuzilmalari, chuqur ildiz otgan korrupsiya hamda oligarxlar boshqaruvidagi siyosiy tizim kabi masalalar bor.

Zelenskiy prezident saylovida g‘alaba qozonganidan bir oy o‘tib, Jahon banki, mamlakatda bir tekis ketmayotgan islohotlar hamda saylovlar bilan bog‘liq noaniqliklar tufayli sarmoyachilar ishonchi ozayib borayotgani haqida ogohlantirdi.

Bank hisoblariga ko‘ra, kutilayotgan yirik islohotlarga to‘siq qo‘yilsa, Ukraina iqtisodiy o‘sishi 2 foizdan past bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG