Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:55

Namangan aeroportida imomlar Rossiyaga ketayotgan muhojirlarga ma’ruza o‘qimoqda(VIDEO)


Namangan aeroportida
Namangan aeroportida

Namangan aeroportida Rossiyaga uchib ketayotgan o‘zbek mehnat muhojirlariga mahalliy imomlar pand-nasihat qilmoqda.

Feysbukda e’lon qilingan videoda imom yo‘lovchilarga “missionerlar ta’siriga tushib qolmaslikni”, “juftiga xiyonat qilmaslikni” va “Rossiyaga borganda terroristik oqimlarga aralashib qolmaslikni” uqtirayotgani aks etgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi Namangan xalqaro aeroporti mulozimi, Ozodlik so‘roviga javoban, bu ma’ruzalar “davlat maxsus dasturi” asosida olib borilayotganini bildir​di.

Namangan aeroportining parvozni kutish zalida suratga olinib, Feysbukda e’lon qilingan videotasvirda imomlarday kiyingan kishining va’z o‘qiyotgani aks etgan. Voiz, jumladan, bunday deydi:

- Hozir ko‘rinayaptiki, o‘zga davlatlarga borib, Internet ta’siriga tushib qolib, arzimagan pullarga dinlarini sotayotganlar uchrayapti. Bu musulmon odam sifatiga to‘g‘ri kelmaydi. Musulmon odam yoshligidan Ollohga imon keltirdimi, demak, mana shu imonini umrining oxirigacha saqlab qoladi.

Bir nechadan daqiqadan so‘ng samolyotga chiqishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilarga voiz "musulmon odam Vataniga, millatiga xiyonat qilmaydi, ayol kishi eriga, erkak kishi esa ayoliga qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar xiyonat qilmaydi", deb ham uqtiradi.

Voiz, shuningdek, yo‘lovchilarni terroristik oqimlar ta’siriga tushib qolishdan ogohlantiradi:

"Eng katta tahdidlardan bittasi – ba’zi o‘zga yurtlarga borib turib, dinimizni niqob qilib olgan har xil terroristik oqimlarga aralashib qolish ishlari bo‘layapti. Xususan, Rossiyaga borganlarda. Bu narsalardan ham hushyor bo‘lishligimiz, aldanib qolmasligimiz, mustahkam e’tiqodimizda turishligimiz kerak bo‘ladi".

Feysbukda e’lon qilingan bu video ostida sharh qoldirganlarning ba’zilari aeroport kutish zalida ma’ruza qilgan voiz Namangandagi “Imom Abu Yusuf” masjidi imomi Abduvosit domla ekanligini yozdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi Namangan xalqaro aeroporti mulozimi, Ozodlik so‘roviga javoban, bu ma’ruzalar “davlat maxsus dasturi” asosida olib borilayotganini bildirar ekan, bunday dedi:

- Bu davlat dasturi. Rossiyaga chiqib ketayotgan passajirlarga diniy qo‘mita tomonidan tuzilgan davlat dasturi. Bu diniy qo‘mitani dasturi – hamma tashkilotlar biladi, xullas.

Namangan aeroporti xodimiga ko‘ra, bu ma’ruzalar aeroport rahbariyati roziligi bilan amalga oshirilmoqda:

- Aeroport “rejimniy ob’ekt” – har kim chiqavermaydi. Bunga ruxsat berish uchun hamma tashkilotlar bilan kelishib, hal bo‘layotgan narsa bu. Passajirlar o‘tkazilgandan keyin kirib, diniy qo‘mitadan yozib berishgan gapini gapirib ketayapti. Yo‘lovchilarning hammasini tashqarida yig‘ib bo‘lmaydiku, shu sababli qayddan o‘tkazib bo‘lgandan keyin 150 passajir bo‘lsa, ichkariga nakopitelga kirib, dasturini gapirib, nasihatini qiladi va chiqib ketadi. Imomlar har bitta reysda ketayotganlar oldiga kelib, nasihatini qilyapti. Bu boshqa aeroportlarda ham bo‘lishi kerak.

Aeroport vakili bu ma’ruzalar davlat idoralari va O‘zbekiston musulmonlar idorasi Namangan viloyat vakilligi nazorati ostida ekanini ham eslatib o‘tdi.

Feysbukda e’lon qilingan videoni sharhlaganlarning ayrimlari imom ma’ruzasini “davlat siyosatini targ‘ib etishga” bag‘ishlanganini bildirsa, boshqalar bu nasihatlar “yaxshilikka yo‘naltirishini” ta’kidlamoqda.

“Namangan aeroportida yangi loyiha. Aeroportda ro‘yxattan o‘tib, kutish zalida imomlar borib ma’ruza qilyapti. O‘zi aeroport qoidasi bormi? Neytral zona deb nomlangan joyda shunaqa ishlar bo‘laveradimi?
Hamma o‘ro‘sga borganlar ekstremist bo‘laveradimi? Hamma chetdagilar xoin bo‘laveradimi "qori"?! Muammo bunaqa da’vatlar bilan yechilib qolmaydi!”-
deb yozdi yuzer Dilshodbek.

Namangan aeroporti 2013 yilda “xalqaro aeroport” maqomini olgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga kelib soatiga 200 kishigacha yo‘lovchini jo‘natish va qabul qilish imkoniga ega bu maskandan Toshkentdan tashqari qolgan reyslarning aksari Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Novosibirsk shaharlariga amalga oshiriladi.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari orasida ham diniy targ‘ibot ishlarini faollashtirgani kuzatilmoqda. O‘zbekistonlik bir guruh din vakillari Sverdlovsk viloyatida mehnat qilayotgan muhojirlar va mahalliy musulmonlar oldida 5 kun davomida diniy masalalarda ma’ruza o‘qigani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan.

O‘zbekistonlik imomlar diniy-ekstremistik g‘oyalarning muhojir yoshlar orasida tarqalishiga qarshi profilaktika ishlari doirasida va’zlari bilan Yekaterinburgdan tashqari Sankt-Peterburg, Moskva,Nijniy Tagil va boshqa joylarda ham chiqish qilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG