Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:29

O‘lgan tojik mahbuslarining yaqinlari ularning nondan zaharlanganiga ishonmayapti


Dushanbe g‘arbida joylashgan Bog‘alak qishlog‘i. Bu yerda qarindoshlari 42 yashar Valijon Odinaevni dafn qildi.
Dushanbe g‘arbida joylashgan Bog‘alak qishlog‘i. Bu yerda qarindoshlari 42 yashar Valijon Odinaevni dafn qildi.

Aynigan non yeb o‘lgani xabar qilingan 14 nafar tojik mahbusidan ayrimlarining qarindoshlari ularning tana a’zolari momataloq bo‘lib ketgani va singanini ko‘rgach, rasmiy bayonotga shubha bilan qarayapti.

Voqeaning rasmiy talqiniga ko‘ra, zaharlanish hokimiyat idoralari 128 nafar mahbusni Tojikiston shimolidagi So'g‘d viloyatidan bir necha ulovda Dushanbe va mamlakat janubidagi boshqa joylarga ko‘chirayotgan payt yuz bergan.

Prokurorlarning aytishicha, bir mahbus uch buxanka nonni 16 nafar mahbusga bo‘lib bergan. Buning oqibatida ular zaharlanib, bir necha soat ichida o‘lgan. Non yeganlardan faqat ikki kishi tirik qolgan.

− O‘g‘limning burni singan ekan, yuzidan kimligini tanib bo‘lmaydi, − dedi Saodat Solehova 9 iyulda Ozodlik radiosiga. Qo‘shimcha qilishicha, u 34 yashar farzandi Nekqadam Solehovning tanasida o‘lasi qilib kaltaklanganining boshqa izlarini ham ko‘rgan.

Tojik prokurorlariga ko‘ra, Nekqadam 7 iyul kuni qamoqxona avtomobilida oziq-ovqatdan zaharlanib o‘lganlardan biridir.

Solehova Dushanbe chekkasidagi Varzob qishlog‘ida ekstremizm ayblovi bilan 13 yillik qamoq jazosini o‘tayotib o‘lgan o‘g‘lini 8 iyulda dafn qildi.

Solehov bilan birga o‘lgan boshqa tojikistonlik mahbuslar yangi qamoqqa ko‘chirilayotgan bo‘lgan. Ularning shoshilinch dafn marosimini mahalla qo‘mitalari va xavfsizlik xizmati vakillari kuzatib turgan.

Ba’zi qarindoshlarning Ozodlik jurnalistlariga xabar qilishicha, hokimiyat idoralari ularga dafn marosimidan chekkaroq turishni buyurgan.

Ayrim oila a’zolari o‘lgan qarindoshlarining tanasida kaltaklash izlarini ko‘rgan va bu hol hokimiyat idoralarining ular qanday o‘lgani xususida bergan tushuntirishiga shubha uyg‘otmoqda.

Bir dafn marosimida qatnashish uchun qamoqdan vaqtincha chiqarilgan mahbusning onasi o‘g‘lining tanasida “ko‘karmagan joyning o‘zi qolmagani”ni aytdi.

Shoshilinch ko‘mish tadbirlari

Dushanbe g‘arbida joylashgan Bog‘alak qishlog‘ida qarindoshlari 42 yashar Valijon Odinaevni dafn qildi, u ekstremizm ayblovlari bilan qamalgan edi.

Odinaevning oila a’zolari jurnalistlar bilan gaplashishdan bosh tortdi. Hokimiyat idoralari ularga OAV vakillari bilan gaplashmaslikni tayinlagani ma’lum bo‘ldi. Ammo ismini aytishni istamagan bir qarindoshining fikricha, mayitning yuzi momataloq bo‘lib ketgan, boshining orqa tarafida “xuddi bolg‘a bilan urilganday” yara ham bo‘lgan.

Oilaga mayit kechasi soat 1 larda keltirib berilgan. O‘sha qarindoshning bildirishicha, “fuqaro kiyimidagi bir necha amaldor” dafn etish bilan bog‘liq turli marosimlarda qatnashgan va oiladan Odinaevni tezroq ko‘mishni talab qilgan.

Bog‘alak qishlog‘iga 8 iyuldagi dafn marosimini yoritish uchun borgan Ozodlik jurnalistlariga u yerdan ketish buyurilgan.

Dushanbe shahridagi Gulbutta mahallasida Hasan Abdurahmonov 22 yashar o‘g‘li Abdurahmonni dafn qildi. U chet el terrorchilik tashkilotiga a’zo bo‘lishga uringanlikda ayblanib, 12 yilga kesilgan edi.

Abdurahmonov 8 iyul ertalab bir necha politsiya xodimi o‘g‘lining jasadini olib kelganini, biroq oila a’zolariga uni ko‘zdan kechirishga ruxsat bermaganini ma’lum qildi. Otaga qisqa dafn marosimini o‘tkazishga majburlanishdan oldin mayitni “faqat 5 daqiqa” ko‘rishga ruxsat berilgan. Otaga o‘g‘lining jasadini ko‘zdan kechirish uchun vaqt berilmagan bo‘lsa-da, u o‘limga ovqatdan zaharlanish sabab bo‘lganiga ishonmadi.

Ozodlik radiosi Tojikistonning Jazoni ijro etish boshqarmasi va boshqa davlat idoralariga mahbuslarning o‘limiga oid izoh so‘rab murojaat qildi, ammo javob ola bilmadi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Umarjon Imomali hech bir o‘lgan mahbusning qarindoshi shikoyat bilan murojaat qilmaganini bildirdi.

Boshqa o‘lim holatlari

Tojikiston hukumati shubhali o‘lim topgan mahbuslarning ro‘yxatini e’lon qildi. O‘lganlarning yoshi va qaerdan ekani ochiqlandi, biroq ular qaysi ayblovlar bilan kesilgani haqida ma’lumot berilmadi.

Bosh prokuratura odamlar o‘limi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tergov o‘tkazmoqda, chunki bir yil ichida Tojikiston qamoqxonalarida ikki marta ko‘p odamlar o‘limi bilan bog‘liq fojia yuz bergan edi.

19 mayda Dushanbedan 15 kilometr sharqda joylashgan Vahdat tumanidagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada ro‘y bergan isyon oqibatida 3 nafar qamoqxona qo‘riqchisi, 29 mahbus, jumladan, bir necha muxolifat a’zosi halok bo‘lgan edi.

O‘tgan yil noyabrida Xo‘jand shahridagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada tartibsizliklar ro‘y bergan edi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘sha isyon vaqtida 21 nafar mahbusning yostig‘i quridi. Hukumat qamoqxonalardagi ikkala isyonda ham "Islom davlati" ekstremistik tashkilotini ayblab chiqdi.

XS
SM
MD
LG