Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2019, Тошкент вақти: 06:24

“Buxoro” futbol jamoasi rahbariyati o‘zini korrupsiyada ayblagan fan klubini tarqatib yubordi


30 iyun kuni "Buxoro" jamoasi o‘z maydonida Qashqadaryoning "Nasaf" klubiga 2-1 hisobida yutqizib qo‘yganidan so‘ng, fan klub a’zolari o‘z jamoasi rahbariyatini korrupsiyada ayblab, klub bazasida norozilik tadbiri uyushtirgan va rahbariyat iste’fosini talab qilgan edi.

16 iyun kuni "Buxoro" jamoasi o‘z maydonida Toshkentning "Paxtakor" klubiga 0-5 hisobida yutqizib qo‘yganidan so‘ng, fan klub a’zolari jamoa rahbariyatini korrupsiyada ayblab, klub bazasida norozilik tadbiri uyushtirgan va rahbariyat iste’fosini talab qilgan.

Bu ziddiyat ortidan klub rahbariyati muxlislarni jamoa bazasida janjal ko‘tardi, degan iddao bilan Ichki ishlar bo‘limiga arz qilgan va fan klubni tarqatib yuborgan.

Bu haqda Ozodlikka “Buxoro” fan klubining ismi ochiqlanmasligini istagan a’zosi 9 iyul kuni xabar qildi.

Ozodlik suhbatlashgan bu faol norozilik tadbiri ortidan fan klub a’zolaridan bir nechtasining viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgani va bosimlarning hozirga qadar davom etayotganini bildirdi.

Aytilishicha¸ IIBda soatlab so‘roq qilingan bu faol muxlislar klub rahbariyatiga nisbatan korrupsiya ayblovlari bitilgan Telegram kanalini tergovchi guvohligida o‘chirib tashlashga majburlangan.

- Klub bazasida o‘sha kuni norozilik qildik. Klub rahbarlari jamoa pullarini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib, Buxoro jamoasiga e’tibor bermayotganini aytdik, Telegram kanalimizda ham shu norozilik videolarini e’lon qilib bordik. Lekin klub rahbarlari bizni militsiyaga berib yubordi. IIBda hammamizni so‘roq qilib, fan klubimizning Telegram kanalini o‘chirishga majburlashdi. Qarshilik qilganlarni iz qoldirmaydigan qilib do‘pposlashdi, ayrim muxlislarni podvalga olib borib “aqlingni kiritaman” deb qo‘rqitishdi, - dedi “Buxoro” fan klubining ismi ochiqlanmasligini istagan a’zosi.

Ozodlik "Buxoro" futbol jamoasi fan klubi a’zolariga IIBda tahdidlar qilingani haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Quvvat Yarashevdan izoh so‘radi.

Yarashev bu haqda Ozodlikka izoh berolmasligini aytdi.

Ayblar mohiyati

“Buxoro” fan klubi a’zolari jamoa rahbariyatini o‘zaro tanish-bilishlik asosida homiylardan tushadigan mablag‘larni talon-toroj qilishda ayblamoqda.

Fan klubning ismi ochiqlanmasligini istagan a’zolaridan biri klub rahbarlarining deyarli barchasi viloyat hokimiyu huquq-tizimlari boshliqlarining qarindoshlari ekanini ma’lum qildi.

- Klub tizimida ishlaydiganlarning deyarli hammasi viloyat hokimidan tortib xavfsizlik tizimlari boshliqlarining qarindoshlari. Klubning bosh homiysi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi. Klub rahbari shu zavod boshlig‘ining qayin ukasi hisoblanadi. Xavfsizlik bo‘yicha direktor lavozimiga viloyat hokimi O‘ktam Barnoevning jiyani To‘ra Barnoev qo‘yilgan va de-fakto klubni futbolga aloqasi yo‘q shu odam boshqarayapti. Hokimlik ham¸ homiylar ham klubga o‘z odamlarini qo‘yib, uni pul sog‘ish mexanizmiga aylantirishgan. Oqibatda Buxoro futboli barbod bo‘layapti, klub oktabr oyidan beri g‘alaba ko‘rgani yo‘q, – deydi "Buxoro" jamoasi fan klub a’zosi.

Ozodlik buxorolik futbol muxlislarning bunday iddaolari yuzasidan “Buxoro” futbol klubi rahbari Shuhrat Hamroevga bog‘landi.

Hamroev Ozodlik muxbirining savolni eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi. Hamroevning mobil telefoni o‘chirilgani bois¸ kun davomida unga qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

Ozodlik homiylik mablag‘lari talon-toroj qilinayotgani iddaolari yuzasidan izoh olish uchun "Buxoro" klubining bosh homiysi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi matbuot xizmatiga ham bog‘landi.

Matbuot xizmati vakili bu haqda keyinoroq rahbariyat izoh berishini va’da qildi, lekin u bilan ham qayta bog‘lanib bo‘lmadi.

O‘zbekistonda futbol jurnalisti sifatida tanilgan Bobomurod Abdullaev korrupsiya o‘zbek futbolidagi tizimli muammo ekanini aytadi.

- Bu kabi tizimli muammolar birgina Buxoroda emas, boshqa klublarda ham bor. Qarindosh-urug‘chilik deyarli hamma klublarga xos. Homiylar va hokimlar o‘zlarini odamlarini qo‘yib, klubga ajratilgan pullarni boshqa maqsadlarga sarflashadi. Bu ¸albatta¸ muxlislarga yoqmaydi, futbolchilarga ham yoqmaydi. Natijada yutqizgan faqat futbol jamoasi bo‘ladi, – deydi Bobomurod Abdullaev.

Ayni kunlarda "Buxoro" jamoasi O‘zbekiston super ligasidagi 14 jamoa orasida 12-o‘rinda turibdi. Klub rahbariyati o‘zgargunga qadar¸ superliga o‘yinlarini 4-o‘rinda tugatgan bu jamoa o‘z ko‘rsatkichini yaxshilamasa¸ birinchi ligaga tushib qolishi mumkin.

XS
SM
MD
LG