Линклар

Шошилинч хабар
19 июл 2019, Тошкент вақти: 00:23

Ukraina sharqidagi janglarda yana bir o‘zbek "nayomnigi" otib o‘ldirildi (VIDEO)


Hojiakbar Sharipov 32 yoshda edi.

Donbassda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan DNR tuzilmasi safida Ukraina hukumat kuchlariga qarshi urushgan yana bir o‘zbekistonlik otib o‘ldirildi.

Bu haqda xabar bergan ukrain qo‘shinlari ofitseri Anatoliy Shtefanga ko‘ra, 3 iyul kuni otib o‘ldirilgan 32 yashar navoiylik Hojiakbar Sharipov jasadi 6 iyul kuni O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Donbassda DNR tarafida jang qilgan o‘zbekistonlik otib o‘ldirildi

3 iyul kuni Ukraina sharqida davom etayotgan qonli to‘qnashuvlar paytida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan “Donetsk xalq respublikasi” (DNR) tuzilmasi tarafida jang qilgan yollanma o‘zbekistonlik shaxs otib o‘ldirildi.

Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari ofitseri Anatoliy Shtefan "Shtirlits" o‘z Telegram kanalida xabar tarqatdi.

“Sharipov Hojiakbar Istamovich “o‘zbek” (26/01/1987 yilda tug‘ilgan, Tomsk/Navoiydan), 03.07.2019 yilda Yasinovataya tumanida halok bo‘ldi. Sink tobut, muzlatgich va O‘zbekistonga uzoq yo‘l”, deb yozdi ukrainalik ofitser.

Anatoliy Shtefan bu xabariga Hojiakbar Sharipovning sink tobutda yotgan fotosuratini ham ilova qildi.

Ukrainaning "Mirotvorets" saytida ham Sharipovning "likvidatsiya" qilingani borasida ma’lumot e’lon qilindi.

Aytilishicha¸ 32 yashar Sharipov oldin ham yarador bo‘lgan va 2015 yilning avgustida “DNR/LNR” tibbiy muassasalariga murojaat qilgan. U Ukraina sharqida urush amaliyotlari boshlangan 2014 yildan buyon Donetsk jangarilarining “Vostok” brigadasida jang qilgan; yuk tashuvchi mashina va BMP haydovchisi bo‘lgan.

Uni shaxsan tanigan dnrchilar “VKontakte" tarmog‘ida “o‘zbek” laqabli bu jangarining Donetsk aeroporti, Blesna, Avdeevka va Promkadagi janglarda ishtirok etgani, yaqin orada O‘zbekistonga borib kelishni niyat qilganini yozdi.

Hojiakbar Sharipov Donbassda.
Hojiakbar Sharipov Donbassda.

DNRchilar e’lon qilgan hujjatlardan Hojiakbar Sharipovning Tomsk universitetini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yo‘nalishida bitirgani ko‘riladi.

“U bu hayotda o‘z o‘rnini topa olmagan edi”

Hojiakbar Sharipov jangarilarga qo‘shilishdan oldin Rossiyaning Tomsk shahrida yashab kelgan. Uni shaxsan bilishini aytgan Tomsk viloyat o‘zbeklar diasporasi rahbari Hamza Hamroev Sharipovning "kriminal ishlarga aralashganidan keyin" Donbassga ketganini aytadi.

- Tomskda tayinli bir ish bilan shug‘ullanmasdi. Doimo problema edi – dam o‘g‘irlik qilardi, dam birov bilan urushardi, bolnitsadan chiqarardik... Poryadochniy odamlar u bilan gaplashmasdi. Postoyanno kriminalda edi – birov “gruz” qilsa kelardi yordam so‘rab. Chiqarib olardik uni doimo. Problemalari boshlanganidan keyin Donbassdagi urush boshlanishidan 4-5 oy o‘tib yo‘qoldi, hech kimga aytmasdan ketvordi, deydi o‘zbek jamiyati rahbari Ozodlik bilan suhbatda.

H.Sharipov Tomskdagi Mustaqillik bayramida N.Afandi obrazida
H.Sharipov Tomskdagi Mustaqillik bayramida N.Afandi obrazida

"Hojiakbar Sharipovni hayotda o‘z o‘rnini topa olmaganlar toifasidan ekani"ni ta’kidlagan Hamroev, Donbass, Suriya va urush borayotgan boshqa “qaynoq” nuqtalarga¸ asosan¸ shu kabi "kriminal- avantyuristlar” ketganini ta’kidlaydi.

- Tomskda hech kimi yo‘q edi uning. O‘zbekistonda, Navoiyda opasi bor edi. Otasiz o‘sgan edi, menimcha. Donbassga ketganida Rossiya grajdanligi yo‘q edi. Tomskda doimiy yashardi. Donbassdagi urushga bu hayotda o‘rnini topmaganlar ketdi. Hojiakbar ham bu hayotga moslasha olmagan Motorola va Givilar(Donbass separatchilarining kriminal yetakchilari - tahr.) toifasidan edi, deydi Hamza Hamroev.

Ozodlik Ukraina sharqidagi mojaroda urushayotgan har ikki tarafda ham o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar borligi to‘g‘risida ko‘p marotaba xabar bergan.​ Ayni paytda¸ ular soniga oid ishonchli ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbek grajdanlariga harbiy harakatlaridan uzoqroq yurishni tavsiya qilib, mamlakat Jinoyat Kodeksining 154- moddasida “harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish” 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini eslatgan.

O‘tgan yil mart oyida farg‘onalik 34 yashar Ma’rufjon Nishonov snayper qurolidan o‘q otayotganida ukrain jangchilari tomonidan yo‘q qilingani to‘g‘risida Ukraina Qurolli Kuchlari zobiti xabar qildi.

Rossiya hukumati va shaxsan prezidenti Vladimir Putin esa Ukraina mojarosiga rus harbiylari va FSBsining mutlaqo aloqasi yo‘qligini takror va takror ta’kidlab kelmoqda.

Germaniyada chiqadigan The Frankfurter Allgemeine Sanntagszeitung gazetasi, nemis razvedkasidagi o‘z manbalariga tayangan holda, Ukraina sharqida qurolli to‘qnashuvlar boshlangan 2014 yil aprelidan buyon kamida 50 ming kishi halok bo‘lgani, bu esa rasmiy ma’lumotlarda keltirilayotgan raqamlardan o‘n barobar ko‘pligini yozdi.

XS
SM
MD
LG