Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2019, Тошкент вақти: 12:41

Prokuratura Atambaevga beshta ayb qo‘ydi. Sobiq prezident himoyasi uchun "Xalq shtabi" tuzildi (VIDEO)


Atambaev o‘z tarafdorlari bilan.

Bosh prokuratura sobiq prezident Almazbek Atambaevga qo‘yilgan oltita ayblovdan beshtasini asosli deb topgani ortidan 26 iyun kuni Atambaev tarafdorlari uning Qo‘ytosh qishlog‘idagi uyiga yig‘ila boshladilar.

Прокуратура Атамбаевга бешта айб қўйди. Собиқ президент ҳимояси учун "Халқ штаби" тузилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:55 0:00

Bu yerda Atambaevni himoya qilish bo‘yicha “Xalq shtabi” tuzilib, to‘rtta bo‘z uy tikildi. Atambaevning uyida jurnalistlar uchun matbuot markazi tashkil etildi, sobiq prezidentga mansub bo‘lgan “Aprel” telekanali esa “Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash” deb nomlangan telemarafonni boshladi.

Qirg‘iziston parlamenti maxsus komissiyasi 18 iyun kuni sobiq prezident Almazbek Atambaevni 6 ayblov bo‘yicha aybdor deb topgan va 20 iyunda parlament bu ayblovlar naqadar asosli ekanini o‘rganib chiqishni Bosh prokuraturaga topshirgan edi.

Parlament Atambaevni o‘z siyosatiga qarshi chiqqan faollar va jurnalistlarga bosim ko‘rsatganlikda va qator korrupsiyaviy harakatlarda gumonlamoqda.

25 iyun kuni Bosh prokuror O‘tkurbek Jamshitov parlamentga bu borada hisobot berdi.

- Barcha hukumat tuzilmalaridan o‘z manfaati yo‘lida foydalandi, jinoiy guruh tuzdi, o‘z siyosatiga qarshi chiqqan siyosatchilar, faollar va jurnalistlarni quvg‘in qildi, degan ayblov bo‘yicha jabrlanganlar murojaat qilsagina, sud hukmi bo‘lsagina, aybli deb hisoblash mumkin. Shuning uchun bu ayblov hozircha asossiz, - degan O‘tkurbek Jamshitov Atambaev Qo‘ytosh qishlog‘ida uy qurish uchun yerni noqonuniy olgani, pul yuvish, korrupsiya kabi beshta ayblov bo‘yicha sobiq prezidentga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish mumkinligini ma’lum qildi.

Bosh prokuror iddaosicha, ayni paytda ishi tergovda bo‘lgan sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Shamil Ataxanov “jinoyat olami avtoriteti Aziz Batukaevni qamoqdan noqonuniy bo‘shatish masalasini shaxsan Atambaev bilan kelishgani” to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Aziz Batukaev 2013 yilda "saraton kasaliga chalingan va yaqin kunlarda vafot etadi" degan tashxis asosida sud hukmi bilan qamoqdan bo‘shatilgan edi. U o‘sha kuniyoq tarixiy vatani Chechenistonga uchib ketgan.

Biroq oradan 6 yil o‘tgach, bu tashxis soxta bo‘lgani va Batukaev qamoqdan noqonuniy bo‘shatilgani yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Bu jinoyat ishi doirasida shifokorlar, bir necha vazir, sobiq Bosh prokuror Aida Salyanova, sobiq Bosh vazir o‘rinbosari Shamil Ataxanovlar qamoqqa olingan.

Atambaev o‘ziga bildirilgan ayblovlarni "absurd", deb atamoqda.

“Men avval bu spektaklda ishtirok etmayman, deb aytgan edim. Mas’uliyatdan qo‘rqmayman. Lekin tarix oldida Jeenbekov (amaldagi prezident-muharrir) amalga oshirayotgan qonunsizlikni qonuniylashtirib berishga haqim yo‘q. Hech qachon jinoyat ishlari mish-mishlar va iflos fantaziyalar asosida qurilishini o‘ylamagan ekanman. Bosh prokuror bu alahsirashni hozirjavoblik bilan bir kunda qonuniylashtirib beradi, deb o‘ylamagan ekanman”, deb bildirdi Atambaev 26 iyun kuni e’lon qilgan yozma bayonotida.

Bir necha oy oldin o‘zining muxolifatga o‘tganini e’lon qilgan Almazbek Atambaevning rasmiy vakillari sobiq prezidentga nisbatan bo‘layotgan jarayonni “siyosiy quvg‘in” sifatida talqin qilmoqdalar.

- Bosh prokuratura bu ayblovni bir oy o‘rganadi, deyilgan edi. Bir oy emas, bir necha kun ham o‘tmadi. Parlament qarori Bosh prokuraturaga juma kuni kelgan. Prokuratura shanba, yakshanba, ya’ni dam olish kunlari bu ayblovlarni o‘rganib chiqib, tasdiqlab yubordimi? Bu siyosiy buyurtma, - dedi Atambaev mansub bo‘lgan Sotsial-demokratlar partiyasi yuristi Nurbek Qasimbekov.

XS
SM
MD
LG