Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:03

Hukumat Toshkent markazidagi ustaxonani “Vaqf” fondiga biriktirdi. “Vaqf” ustalarni haydashga kirishdi


“Vaqf” tashkiloti vakili yuzdan ziyod hunarmanddan o‘z ijodxonasidan ko‘chib ketishni  talab qildi.
“Vaqf” tashkiloti vakili yuzdan ziyod hunarmanddan o‘z ijodxonasidan ko‘chib ketishni  talab qildi.

"Vaqf” tashkiloti vakili 24 iyun kuni yuzdan ziyod hunarmanddan o‘z ijodxonasidan ko‘chib ketishni talab qildi.

Naqqosh¸ o‘ymakor usta va kashtachilar ijod qiladigan Baroqxon madrasasi binosiga kelgan “Vaqf” vakili bu ijodxonalar o‘rnida o‘z tashkiloti ofisi joylashishi rejalanganini aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda “Vaqf” rasmiysi bu bino Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga muvofiq fond balansiga o‘tishi kerakligini aytdi.

Ozodlikka nusxasi yuborilgan farmoyish matnida balansga o‘tkazish emas¸ balki “biriktirib berish” degan ibora qo‘llangan¸ ayni paytda "biriktirish"ga huquqiy aniqlama berilmagan.

Ustalarga ogoxlantirish e’loni
Ustalarga ogoxlantirish e’loni

Ozodlik gaplashgan "Vaqf" rasmiysiga ko‘ra¸ san’at va hunarmandlik markazidagi 100ga yaqin usta chiqarilib yuboriladi va o‘rniga “Vaqf” mulozimlari uchun ofis qilinadi.

- Ofisdan ortgan binolar tijoriy tarzda ijaraga berilishi mumkin. Ammo aynan kimga va qaysi tashkilotga berilishi noma’lum¸ dedi “Vaqf” rasmiysi.

Ozodlik bilan ustaxonasidan butkul ajrab qolish ehtimoli bois shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan hunarmandlar 12 yildan beri ijod qilayotgan ustaxonani faqat sud hukmi bo‘lsagina bo‘shatishlarini bildirdi:

- 22 ta ustaxonada o‘zbek xalq amaliy san’atining barcha turlari bo‘yicha nomi chiqqan ustalar ishlab keladi. 100 ga yaqin ustamiz. Yana shuncha shogird bor. Bir-birimiz bilan ijodiy aloqada bo‘lgan yagona oilamiz. “Vaqf” rasmiysi kelib¸ "chiqib ket"deb yoqamizdan olayapti. Ijodga aloqasi yo‘q odamlarku ular! Toshkentdagi boshqa binoda ham ofis ochib o‘tirsa bo‘ladi bu mulozimlar. Ammo ularning nazari ishlab turgan hunarmandlik markaziga tushdi. Suddan qog‘oz kelmagunga qadar binoni bo‘shatmaymiz¸ deydi taniqli yog‘och o‘ymakori Ozodlik bilan suhbatda.

"Vaqf" fondi chiqib ketishni talab qilayotgan hunarmand usta va rassomlarga hozircha boshqa joy taklif etilmagan.

Ustalar maktabi va nafis san’at markaziga kimning nazari tushdi?

O‘ziga xos hunarmandlik akademiyasi tarzida shakllangan majmuada yetuk ustalar, xalqaro ko‘rgazmalarda san’ati namoyish qilinadigan ustalar maktabi joylashgan.

Markazda ijod qilayotgan taniqli miniatyura rassomining Ozodlikka iddao qilishicha¸ “Vaqf” rahbarlaridan birining xotini Baroqxon hunarmandlik majmuasida ishlaydi va 24 iyundan keyin ustalardan bo‘shatilgan majmua binosi boshqaruvi bu ayol qo‘liga o‘tadi:

- Bu korrupsion sxemani hamma bilib turibdi. O‘sha ayol binoni bizdan tortib olib¸ qayta ijaraga berib pul qilmoqchi. O‘zidan dindor yasab olgan bu amaldorlarning maqsadi hunarmandlik markazi binosini o‘z qo‘liga o‘tkazib¸ pul qilish. San’atga tupurgan bular¸ deydi g‘azabini yashira olmagan usta Ozodlik bilan suhbatda.

“Vaqf” rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda bu iddaoni rad qilmadi va bino “tasarrufga o‘tgandan keyin uning egasi xohlagan odamni boshqaruvchi qilishga haqli” deya ta’kidladi.

"Vaqf" rasmiysi Ozodlik muxbiriga "Siz bilan rahbarimiz Iskandar Qo‘ysinovichninig o‘zlari qayta bog‘lanib¸ barcha savollarga yanada batafsil javob beradi" deya va’da qildi. Ammo 24 iyun kuni oqshomga qadar "Vaqf" jamg‘armasidan hech kim qayta telefon qilmadi.

"Madaniy merosga klerikallar ega chiqmasin!"

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev “O‘zbekistonlik mullalarning madaniy obidalarga ortiqcha ishtaha bilan ko‘z tikayotganidan” tashvish bildirdi:

- Rossiyadagi RPTs (Rossiya patriarxal cherkovi)ning tarixiy va madaniy binolarni olib qo‘yayotgani rus ziyolilari noroziligiga sabab bo‘ldi. Ammo o‘zbek ziyolilari obidalarni Madaniy meros idorasidan mullalar olib qo‘yayotgani borasida negadir jim. Salafiylik formatidagi klerikallar Baroqxon madrasasida rassom va naqqoshlar ijod qilishini istamaydi. Shu ma’noda ular Vazirlar Mahkamasidagi muridlari yordamida bu san’at markazini yo‘q qilish yo‘lida ilk qadamni qo‘yishdi. Keyingi qadam sifatida barcha muzeylar diniy idora va har xil islomiy vaqflar qo‘liga o‘tadimi? Bu xatarli signal. Buni to‘xtatish kerak, deydi me’mor.

"Vaqf" tashabbusi turistlar yo‘lini to‘sadi"

Ayni paytda¸ hunarmandlar ijod qilayotgan bino O‘zbekiston Madaniyat vazirligi balansida qolmoqda.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqalararo inspeksiyasi vakili Ozodlik bilan suhbatda “Vaqf” tashkilotining hunarmandlarni ijodxonasisiz qoldirayotganini qoraladi:

- Majmua xalqaro turizm marshrutiga kirgan. Turistlar kelib ustalarning bevosita ish jarayoni bilan tanishishi va asarlarni sotib olishi yo‘lga qo‘yilgan. Usta-shogird maktabi ishlab turibdi. 12 yil davomida qancha hurmatli mehmonlar¸ davlat rahbarlari kelib ketgan gavjum joyni xayriya tashkiloti ofisiga aylanishi na turizm va na madaniyat rivoji uchun xizmat qilmaydi¸ dedi inspeksiya rasmiysi.

Uning yana aytishicha¸ “Vaqf” idorasi rasmiylarida qadimiy binolarni buzmasdan foydalanish tajribasi va ko‘nikmasi yo‘q.

"Vaqf" xatari

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi joriy yilning mart oyida Xiva shahriga uyushtirgan press-turda "Vaqf" xayriya jamoat fondiga o‘tkazilgan obidalar talon-toroj qilingani va xaroba holda ekaniga” e’tibor qaratilgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ “Musulmonlar idorasi, xususan, "Vaqf" xayriya jamoat fondiga o‘tkazib berilgan ko‘chmas mulklar va ta’mir uchun ajratilgan katta mablag‘ bilan bog‘liq korrupsion sxemalar tekshirilmoqda”.

Ozodlik O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari¸ "Vaqf" xayriya jamoat fondi kuratori Dilshod Hoshimov iqtisodiy jinoyat figurantiga aylangani ortidan 18 mart kuni vazifasidan ozod qilingani haqida yozgan edi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan.

Tashkilotga masjidlar va diniy ta’lim muassasalar binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish uchun davlatdan katta mablag‘ ajratilgan.

Aprel oyida "Vaqf" rahbarlarining o‘ziga davlat va soliq to‘lovchilar hisobidan 276 million so‘mlik Malibu 2 mashinasini sotib olgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG