Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:49

Xotin-qizlar qo‘mitasiga shikoyat bilan borgan ayollar uch sutkadan o‘n sutkagacha qamaldi (VIDEO)


Jizzaxlik Xursanoy Ergasheva 4 ayol bilan birgalikda qo‘lga olingan, lekin xasta bo‘lib qolgani uchun sud uning ishini alohida yurituvga ajratgan.
Jizzaxlik Xursanoy Ergasheva 4 ayol bilan birgalikda qo‘lga olingan, lekin xasta bo‘lib qolgani uchun sud uning ishini alohida yurituvga ajratgan.

O‘zbekistonlik bir guruh ayollar Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboeva qabuliga borganlarida Milliy Gvardiya tomonidan qo‘lga olinganlari haqida Ozodlik radiosiga gapirib berdilar.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman ma’muriy sudining 21 may kuni chiqargan 3-1001-1903/2263 raqamli qarorida aytilishicha, 1967 yilda tug‘ilgan Gulbahor Toshmatova, 1964 yilda tug‘ilgan Malika Haitova, 1978 yilda tug‘ilgan Muhabbat Akbarova, 1981 yilda tug‘ilgan Gulbahor Karimbekova “Prezidentning harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planishib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lganlarida” qo‘lga olingan.

Ma’muriy sud to‘rt nafar ayolni “Milliy Gvardiya harbiy xizmatchilarini turli uyatli so‘zlar bilan so‘kishib, shovqin-suron ko‘tarishib, qonuniy talablarni bajarishdan bosh tortib, qarshilik ko‘rsatgan”i uchun turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilgan.

Sud hukmi asosida 21 may kuni Gulbahor Toshmatova va Malika Haitova uch sutkaga, Muhabbat Akbarova va Gulbahor Karimbekova o‘n sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ҳуқуқи топталганини иддао қилган аёлларнинг Ўзбекистон президентига мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:52 0:00

Ozodlik radiosiga shikoyat qilgan ayollar sud hukmida aytilganidan mutlaqo boshqacha versiyani aytmoqdalar.

-Biz respublika xotin-qizlar qo‘mitasi oldidagi ayvonchada o‘tirgan edik. Milliy Gvardiya xodimlari kelib: "Bu yerda turish mumkin emas", deyishdi. Biz ularga Norboevaning qabuliga chaqirtirilganimizni va uning chaqirishini kutib o‘tirganimizni aytdik. Shundan so‘ng Milliy Gvardiya ularning talabiga ko‘nmaganlarni kuch ishlatib, ko‘nganlarni esa hech qanday zo‘ravonliksiz Mirzo Ulug‘bek tuman militsiyasiga olib ketdi. Militsiyaga soat to‘qqiz yarimlarda keldik va soat 15gacha u yerda o‘tirdik. Keyin bizni sudga olib ketishdi va kech soat 7da ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqarildi, - dedi Gulbahor Toshmatova.

Uning aytishicha, bir necha yildan beri turli tashkilotlarga murojaat qilib, o‘z arizalariga ijobiy javob ololmagan ayollar Norboeva qabulida ularning arz-dodlari nihoyat tinglanishiga umid qilib borgan edilar.

Gulbahor Toshmatovaga ko‘ra, u uch yildan beri o‘zining Toshkentdagi maktablardan birining direktori lavozimidan noqonuniy bo‘shatganlariga qarshi kurashib kelmoqda.

Muhabbat Akbarova esa sobiq prokurorga bergan qarzini, sud hukmlari mavjudligiga qaramay, Majburiy ijro byurosi undirib berolmayotganidan shikoyat qilmoqda.

- Ohangaron shahar prokurori lavozimida ishlagan Raxmatullaev Shavkat Shermatovich 2012 yilda 19 ming AQSh dollarini mendan qarz deb olib, shu kungacha bergan emas. Yangiyo‘l Majburiy ijro byurosidan yaqinda xat keldi. Unda aytilishicha, Raxmatullaevning nomida hech narsa yo‘q emish, shuning uchun ijro ishi qaytarilibdi. Men davlatdan “uy bering, osh bering, non bering”, deb so‘ramayapman. Men muttaham prokurordan 19 ming dollar pulimni undirib berishni so‘rayapman,-dedi Muhabbat Akbarova.

Акбарова Муҳаббатнинг Миллий Гвардия ходимлари билан мунозараси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:39 0:00

O‘shdan Toshkentga 2005 yilda kelin bo‘lib borgan Malika Hayitova esa ikki yildan beri sudlar uning sobiq turmush o‘rtog‘iga bildirayotgan mulk iddaolari bo‘yicha jarayonni ortga surib kelayotganidan shikoyat qildi. Malika Hayitovaning iddao qilishicha, sud jarayoni asossiz cho‘zilayotgani to‘g‘risidagi shikoyatlariga prokuratura ham javob bermagan.

Suhbatdoshimiz Toshkentga ko‘chib kelayotganida O‘shda 52 ming dollarlik mol-mulkini sotib, turmush o‘rtog‘iga biznes qilish uchun berganini iddao qildi. Malika Hayitovaga ko‘ra, uning qo‘lida sobiq erining pulni olgani to‘g‘risidagi tilxat va boshqa hujjatlar mavjud.

Toshkent shahar Chilonzor tumani 25-kvartalda yashovchi Gulbahor Karimbekova esa uning turmush o‘rtog‘i noqonuniy sudlanib, qamalib ketganidan norozilik bildirmoqda.

-Mening turmush o‘rtog‘im Ishonov Sanjarbek Sattorovichni bir ish bo‘yicha noqonuniy ravishda besh marta sudlashdi. Birinchi instansiya uni 8 yilga hukm qilgan. Keyin u 10 oydan keyin amnistiya bilan ozod qilindi. Shundan so‘ng Toshkent shahar sudida yana to‘rt marta sud bo‘ldi. U ehtiyotsizlik oqibatida avtomashinada odamni bosib ketish ayblovi bo‘yicha oqlanib, sud zalidan ozod qilindi. Oradan besh oy o‘tgach, Toshkent viloyat sudi yana bu ishni ko‘rib, uni 7 oydan beri qamoqda saqlab o‘tiribdi. Toshkent shahrida bo‘lgan ishni viloyat sudi ko‘rib chiqish vakolatiga ega emasligini isbotlashga harakat qilib, bormagan joyim qolmadi,-deydi Gulbahor Karimbekova.

XS
SM
MD
LG