Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:23

Prokuratura pilla rejasini bajarolmagan fermerlar shikoyatiga oid xabarni izohladi


Bosh prokuratura matbuot xizmati "Pilla rejasini bajarmagan fermerlardan naqd pul undirib olinmoqda" degan sarlavha ostida Ozodlikda e’lon qilingan material yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasining izohini taqdim etdi.

Viloyat prokuraturasi o‘z izohida "Uchko‘prik tumanida pilla rejasini bajarmagan fermer xo‘jaliklaridan naqd pul undirib olinayotganligi haqidagi habar o‘z tasdig‘ini topmadi", deb xabar qildi.

Ozodlik o‘z materialida mahalliy hokimliklar pilla topshirish rejasini bajarmagani uchun fermerlardan naqd pul undirib olayotgani to‘g‘risida samarqandlik va farg‘onalik fermerlar shikoyat qilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Xususan, farg‘onalik fermerlar pilladan qarzini bankdan kredit olib qoplashga majbur bo‘layotganini aytgan, "Agrobank" vakili fermerlardan olingan bu ma’lumotni tasdiqlagan edi.

Uchko‘priklik fermer Ozodlik bilan Telegram messenjeri orqali bo‘lib o‘tgan yozishmada "Agrobank"dan 10 million so‘m kredit olishga majbur bo‘lganini yozgan edi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi bu masala yuzasidan izohida fermerlarning pilladan qarzini qoplash uchun "Agrobank"ka murojaat qilganini tasdiqlar ekan, ularga kredit berilganini inkor etdi.

"O‘rganishda, shartnomada belgilangan pilla hom ashyosini topshirish rejasini to‘liq bajara olmagan 45 ta fermer xo‘jalik rahbarlari bajarilmagan qismi uchun zararni to‘lash maqsadida jismoniy shaxs sifatida “Agrobank” Uchko‘prik tuman filialiga mikroqarz olish uchun ariza berganligi, lekin, bank tomonidan mablag‘ chiqarib berilmaganligi ma’lum bo‘ldi", deyilgan Farg‘ona viloyat prokuraturasi izohida.

"Agrobank"ning Uchko‘prik tumani bo‘limi xodimi pilla rejasini bajarmagan fermerlarga mikrokreditlar berilayotganini tasdiqlar ekan, Ozodlikka bunday degan edi:

"Mikrokreditlar berilayapti g‘alla terimi boshlangunga qadar. Qarz keyin g‘alla hisobidan berkitiladi. Hozircha fermerlar qarzni har oyiga 2,1 foiz bilan to‘lab turishibdi".

Agar farg‘onalik pillachi fermerlar pillaning topshirilmagan qismi uchun berilgani/berilmagani aytilayotgan kreditlar masalasida yuzaga kelgan bu vaziyat yuzasidan izoh berishni istasa, Ozodlik eshitishga va eshittirishga doim tayyor.

Hozircha esa, quyida Farg‘ona viloyat prokuraturasining izohini to‘liq, tahrirsiz keltiramiz:

"Farg‘ona viloyat prokuraturasi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 dekabr kungi “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4047-sonli Qarori ijrosi yuzasidan qat’iy prokurorlik nazorati o‘rnatilgan.

Bunda asosiy e’tibor viloyatda pillachilik sohasini yanada rivojlantirishni ta’minlash, ozuqa bazasini mustahkamlash va pilla yetishtirishni ko‘paytirish, uning sifatini oshirish hamda ushbu sohadan pillakorlarning moddiy manfaatdorligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning aniq va bir hilda bajarilishiga qaratilmoqda.

Qonunchilik ahvoliga doir ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 2019 yil hosili uchun 2749 ta fermer xo‘jaliklari bilan 1750 tonna pilla hom ashyosi yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan.

Pilla hosilini yetishtirish uchun 31.800 quti ipak qurti boqilishi rejalashtirilgan. Shundan 11.450 qutisi horij, 20.350 qutisi mahalliy urug‘ni tashkil qiladi.

2019 yil 4 iyun holatiga jami 31.800 quti qurt urug‘idan 1756 tonna pilla hosili yig‘ishtirib olinib, belgilangan reja 100,3 foizga bajarilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan “Pilla rejasini bajarmagan fermerlardan naqd pul undirib olinmoqda!” nomli maqolada qayd etilgan holatlar o‘rganilganida quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, Marg‘ilon shahridagi “Vodiy marjoni” KTIChF bilan Uchko‘prik tumanidagi 140 ta fermer xo‘jaliklari o‘rtasida “Pilla xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi” imzolanib, mazkur shartnomaga asosan fermer xo‘jaliklari o‘zlariga berilgan 2500 quti ipak qurti urug‘i uchun jami 137 tonna pilla mahsuloti topshirishi ko‘zda tutilgan.

Shartnomaning 4-qismida taraflarning javobgarligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, 4.1.-bandida xo‘jalik mahsulotni kotraktatsiya shartnomasida belgilangan navlarda, turlarda va muddatlarda topshirishdan asossiz bo‘yin tovlagan taqdirda buyurtmachiga topshirilmagan mahsulot qiymatining 30 foizi miqdorida jarima, bundan tashqari, zararning mahsulot yetkazib berilmaganligi tufayli yuzaga kelgan, jarima bilan qoplanmagan qismi ham xo‘jalik tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Joriy yilning 4 iyun kuniga qadar tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan tayyorlovchi korxonaga jami 137,2 tonna mahsulot yetkazib berilib, 95 ta fermer xo‘jaliklari shartnomada belgilangan pilla hom ashyosini to‘liq natura shaklida topshirgan holda rejani bajargan.

O‘rganishda, shartnomada belgilangan pilla hom ashyosini topshirish rejasini to‘liq bajara olmagan 45 ta fermer xo‘jalik rahbarlari bajarilmagan qismi uchun zararni to‘lash maqsadida jismoniy shaxs sifatida “Agrobank” Uchko‘prik tuman filialiga mikroqarz olish uchun ariza berganligi, lekin, bank tomonidan mablag‘ chiqarib berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, “Baxshitol Sobirjon ariq bo‘yi” va “Saxovatpesha Yoqubjon” fermer xo‘jaliklari tomonidan jami 7 quti ipak qurtlari zaharlanib, nobud bo‘lganligi yuzasidan dalolatnomalar rasmiylashtirilib, fermer xo‘jaliklari jami 385 kilogramm pilla hom ashyosini topshirishdan ozod qilingan.

Pilla hom ashyosini topshirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasini bajarmagan fermer xo‘jalik rahbarlaridan tushuntirish xati olinganida shartnoma shartlari bilan to‘liq tanish ekanligini va yetkazilgan zararlarni qoplanishi yuzasidan e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilishgan.

Kontraktatsiya shartnomasining 5-qismida shartnoma bo‘yicha kelishmovchiliklar va nizoli masalalar kelib chiqqanda, taraflar qoidaga ko‘ra, mustaqil ravishda yoki tuman (shahar) hokimliklarida tashkil qilingan yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari (major)ni tasdiqlash bo‘yicha komissiya ularni sudgacha hal etish choralarini ko‘rishi, agar taraflar o‘zaro kelisha olmagan taqdirda kelishmovchilik va nizolar sud tartibida hal qilinishi qayd etilgan.

Yuqoridagilarga asosan, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan “Pilla rejasini bajarmagan fermerlardan naqd pul undirib olinmoqda!” nomli maqolada qayd etilgan Uchko‘prik tumanida pilla rejasini bajarmagan fermer xo‘jaliklaridan naqd pul undirib olinayotganligi haqidagi habar o‘z tasdig‘ini topmadi".

Алоқадор

XS
SM
MD
LG