Линклар

Шошилинч хабар
06 июл 2025, Тошкент вақти: 00:00

OzodDayjest: Arizachi Oliy sudga eshikdan emas, “teshik”dan kirdi.


O‘zbekiston Oliy sudi binosi.
O‘zbekiston Oliy sudi binosi.

Arizachi Oliy sudga eshikdan emas, “teshik”dan kirdi. MIB xodimiga tarsaki tushirgan ayolga jinoiy ish ochildi. G‘uzorlik ayol erining ma’shuqasini pichoqladi.

_____________________________________________________________

Oliy sud binosiga eshikdan qo‘yilmagan arizachi oynadan sakrab kirdi

O‘zbekiston Oliy sudiga kelgan arizachi X. Yusupova rahbariyati qabuliga eshikdan emas, “teshik”dan kirdi (www.xabar.uz, 3 iyun). Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarori ijrosini to‘xtatib turish haqida bergan arizasi natijasini bilish uchun kelgan ayol ichkariga qo‘yilmagan. So‘ng toqati toq bo‘lgan arizachi jon achchig‘ida “post”ning oynasidan sakrab ichkariga kirgan. Bino ichkarisida esa qiy-chuv ko‘tarilgan. Mazkur munosabat bilan elektron nashr Oliy sudga kelayotgan ariza-shikoyatlarga vaqtida va sifatli javob qaytarishdagi muammoli holatlarga e’tibor qaratgan. Arizachi X. Yusupovaga oid fuqarolik ishi ham 20 yildan buyon cho‘zilib kelayotgani aytilgan. “Nizolarni hal etish o‘n-yigirma yillab cho‘zilar ekan, tomonlarning noroziligi to‘xtamayotgani, chiqarilgan sud qarorlari sifati nechog‘li ekaniga dalolat qiladi. Bu esa fuqaroni Oliy mahkamaga eshik qolib, teshikdan kirishgacha majbur qilgan bo‘lsa ne ajab”, deb yozadi elektron nashr.

MIB xodimiga tarsaki tushirgan ayol taqdiriga oydinlik kiritildi

Ijtimoiy tarmoqda MIB xodimiga tarsaki tushirgan ayolning videosi tarqalgan edi. Bosh prokuratura nashri ushbu holatga oydinlik kiritdi (“Huquq”, 6 iyun). Qayd etilishicha, MIB ish yurituvida qarzdorlar – D.J., F.J. va I.J.ni Yunusobod tumani 6-mavzedagi xonadondan ko‘chirish haqidagi ijro ishi mavjud edi. Ixtiyoriy muddatda qarzdor uydan ko‘chib chiqmagan. Shundan keyin 8 may kuni majburiy ijro harakatiga kirishilib, tegishli uy xatlovdan o‘tkazilayotganda Z.D. ismli ayol mazkur uydan polietilen paketga solingan pulni olib chiqib ketishga uringan. Davlat ijrochilari pulni olib chiqib ketish mumkin emasligini aytganida, Z.T. ularga qarshilik ko‘rsatgan va ijrochining yuziga shapaloq tushirgan. Ma’lum qilinishicha, davlat ijrochisiga qo‘l ko‘targan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qashqadaryoda xiyonatga chidolmagan ayol erining ma’shuqasini pichoqladi

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi sobiq harbiy uyiga ma’shuqasini boshlab keldi va oqibatda jinoyat yuz berishiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi. Tabiiyki, eri begona ayolni uyiga boshlab kelganiga rafiqasi chiday olmagan. Kuchli ruhiy hayajon ta’sirida u erining ma’shuqasini pichoqlagan. Ammo ayolning hayoti saqlab qolingan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, avvalroq harbiy tizimda ishlagan oila boshlig‘i rafiqasiga bir necha marta xiyonat qilgan. Vaqtini ulfatchilikda o‘tkazib, ro‘zg‘orni ham rafiqasi gardaniga tashlab qo‘ygan. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi raisi Nurbek Abdullaevga ko‘ra, jazo tayinlashda ayol erining xiyonatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, fiziologik affekt holatiga tushib qolgani inobatga olingan. Shu tariqa ayolga nisbatan yengil – 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Sudya tunda birovning uyiga borib, oila mustahkamligini barbod qilgan jabrdiydaning xatti-harakatini qoralagan.

XS
SM
MD
LG