Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:51

O‘quvchilari zo‘rlangani aytilgan Qo‘qondagi kollej direktori va boshqalar ustidan hukm o‘qildi


​O‘tgan haftada Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji direktori va shu o‘quv yurti omborchisi, hamda kollejga aloqasi yo‘q yana bir fuqaro ustidan sud yakunlanib, hukm o‘qildi.

Ozodlikka kelib tushgan sud hukmi to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotnomada kollej direktori va boshqa ikki sudlanuvchi talon-taroj, kasb soxtakorligi va xizmat vakolatini suiste’mol qilishda aybdor, deb topilgani aytilgan.

Kollej direktori 2018 yilning kuzida talon-taroj va mansab vakolatini suiiste’mol qilish, kollejning bir necha erkak xodimlari esa jinsiy zo‘ravonlikda gumon qilinib, hibsga olingan edi.

Maxsus kollejning bir necha xodimi o‘quvchi qizlarni jinsiy zo‘rlashda gumon qilinib, qo‘lga olingani haqida Ozodlik 2018 yilning oktabrida xabar qilgan edi. ​

Kollejda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan keladigan tarbiyasi og‘ir 200 ga yaqin qiz tarbiyalanadi.

4 iyun kuni respublika huquq-tartibot idoralaridagi ismi oshkor etilishini istamagan manba Ozodlikka taqdim qilgan sud hukmi to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotnomada kollej direktori Ra’no Yuldasheva, omborchisi Odil Shermatov va yana bir fuqaro - Hatam Ismoilovlar tilga olingan.

Ularning hammasiga Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish), 209-moddasi (Mansab soxtakorligi), shuningdek, biriga 207-modda (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va yana biriga esa 184-modda (Soliqdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha aybi qo‘yilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, ayblovlar tasdig‘ini topgan, sudlanuvchilarga 25 milliondan 73 millionga qadar jarima solingan va sud zalidan ozod qilingan.

Maxsus kollejning bu xodimlari o‘tgan yilning 14 oktabrida 50ga yaqin huquq-tartibot idoralari xodimlaridan iborat guruh ta’lim muassasida o‘tkazgan reyd chog‘ida qo‘lga olingan edi.

Reydga kollejda o‘tgan yilning sentabrida o‘tkazilgan anonim so‘rov natijalari asos bo‘lgani aytilgan. O‘sha so‘rov davomida kollejda o‘qiydigan 16 yoshli qizning homilador bo‘lib qolgani fosh bo‘lgan.

Natijada, kollej direktori talon-taroj va mansab vakolatini suiiste’mol qilish, kollejning bir necha erkak xodimlari esa jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, hibsga olingandi.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozim qo‘lga olinganlarga Jinoyat kodeksining "Nomusga tegish", "Jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish", "O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish", "Mansab vakolatini suiist’emol qilish va pora olish" singari moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘g‘atilganini bildirgandi.

Bosh prokuratura o‘z vaqtida holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini tasdiqlagan, ammo qo‘shimcha tafsilotlarni oshkor qilmagan.

Ozodlik tasarrufiga 4 iyunda kelib tushgan ma’lumotnomada esa, 3 kishining qo‘lga olinishiga turtki bo‘lgan dastlabki gumon - qizlarni zo‘rlash bilan bog‘liq ayblovlar yo‘q.

Huquq-tartibot idoralaridagi ismi sir tutilayotgan manbaning aytishiga ko‘ra, dastlabki gumon bo‘yicha sud majlislari yashirin o‘tkazilgan va jazo tayinlangan.

Biroq sudning yashirin qismida sudlanuvchilar qaysi modda bo‘yicha sudlangani, ularga qanday jazo tayinlanganiga oid ma’lumot Ozodlikda hozircha yo‘q.

Ayni paytda, ushbu kollejda ishlovchi o‘qituvchilardan birining shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan aytishicha, sudlanuvchilarning uchalasi ham sud zalidan ozod etilgan va uylariga qaytgan.

Unga ko‘ra, kollejning yoppasiga ishdan bo‘shatilgan xodimlari esa nohaq bo‘shatilganini da’vo qilib, Farg‘ona viloyati va respublika huquq-tartibot idoralariga arz qilmoqda.

"O‘shanda prokuratura rosa tekshirib, kollejda zo‘rlash bo‘lganiga bitta ham isbot topolmadi. Direktor opani ham rastratada ayblashdi, lekin men bu ayblov ham soxta, deb o‘ylayman. Opa 20 yildan beri juda yaxshi ishlab kelardi. Bo‘shatilganlarning ko‘pchiligi ariza qilib yugurib yuribdi. Hozircha, tarbiyachilardan ikkitasi ishiga tiklandi, xolos", deydi o‘qituvchi.

Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 200ga yaqin qiz tarbiyalanadi.

Jazoni o‘tash muassasasidek qattiq qo‘riqlanadigan bu kollejga tarbiyasi og‘ir, deb topilgan qizlar sud qarori bilan joylashtiriladi hamda tartibga ko‘ra, ularga erkak xodimlarning yaqinlashishi cheklangan.

Ozodlik O‘zbekiston bilim maskanlarida jinsiy zo‘ravonliklar haqida ilgari ham xabar bergan.

2017 yilning dekabrida Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilar zo‘rlangani bilan bog‘liq iddaolar yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Mehribonlik uyining o‘nlab xodimi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 119-moddasining 4-qismi va boshqa moddalar bilan uzil-kesil 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Sudlanganlar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topgan.

Sudning bu hukmi jamoatchilikda noroziliklarga sabab bo‘lgan va faollar bu shaxslarga nisbatan kuchliroq jazo choralari qo‘llanilishini talab qilgandi.

XS
SM
MD
LG