Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2019, Тошкент вақти: 19:39

Davlat soliq qo‘mitasi Ozodlik muxbiri savoliga javob bermagan xodimiga hayfsan berdi


23 may kuni O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati 22 may kuni Ozodlikda chop etilgan “Qashqadaryolik tadbirkorlar Jizzaxdagi obodonchilik ishlariga pul o‘tkazishga majburlanayapti” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Rasmiy bayonot Telegramdagi "Soliq xizmati xabarlari" kanalida e’lon qilindi
Rasmiy bayonot Telegramdagi "Soliq xizmati xabarlari" kanalida e’lon qilindi

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar Qashqadaryo viloyat, Yakkabog‘ tuman soliq inspeksiyasi xodimlarining do‘konma do‘kon yurib¸ Jizzax viloyatining Forish tumanidagi obodonlashtirish ishlariga pul o‘tkazishga majburlayotganini aytgan edi.

Ayni paytda¸ Yakkabog‘ tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i bu shikoyat yuzasidan Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Maqolaga munosabat bildirgan Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bu shikoyatning zudlik bilan o‘rganilganini ma’lum qildi.

Davlat soliq qo‘mitasi va barcha hududiy boshqarmalar tomonidan aholini, shu jumladan, tadbirkorlarni Forish tumani qiyofasini zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha homiylikka majburiy jalb qilish yuzasidan hech qanday og‘zaki va yozma ko‘rsatma berilmagan”¸ deyiladi rasmiy bayonotda.

Ayni paytda qo‘mita Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortgan Yakkabog‘ tuman soliq inspeksiyasi rahbariga “hayfsan” berilganini bildirdi.

Yakkabog‘ tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari Asliddin Rustamovdan “Ozodlik” radiosi muxbiri qo‘ng‘iroq qilganda nima uchun javob berishdan bosh tortganligi so‘ralganda, aynan o‘sha vaqtda u tog‘li hududda o‘tkazilayotgan tadbirda ishtirok etayotgani va aloqa sifati yaxshi bo‘lmaganligi uchun javob bera olmagani sabab qilib ko‘rsatildi.

Ammo shunga qaramasdan, inspeksiya rahbari Asliddin Rustamov ommaviy axborot vositalarining murojaatiga tezkorlik bilan munosabat bildirmaganligi bois, Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan unga nisbatan “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Shu bilan birga, joylardagi barcha hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbarlari ommaviy axborot vositalarining har bir murojaatiga tezkor va to‘laqonli axborot taqdim etishlariga mas’ul ekanliklari yana bir bor ko‘rsatib o‘tildi.

O‘z navbatida, Davlat soliq qo‘mitasi “Ozodlik” radiosiga bunday holatni oldini olishga amaliy yordam berganligi uchun minnatdorchilik bildiradi”¸ deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Soliq qo‘mitasining Ozodlik jurnalisti savoliga javob bermasdan telefonini o‘chirib qo‘ygan mas’ul xodimiga intizomiy jazo bergani haqidagi xabar¸ prezident Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich qizi vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari faoliyatining “sust darajada qolayotganini” tanqid qilganidan ikki kun o‘tib paydo bo‘ldi.

Prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva Facebook sahifasida shunday fikr bildirgan edi:

Matbuot xizmatlarining ishi sustligi va ko‘pgina davlat organlari rahbarlari OAV bilan muloqot qilish zaruriyatini anglab yetmagani oqibatida mamlakatimiz aholisining islohotlar borishi to‘g‘risida xabardorligi past, ularni yetarli darajada idrok etmayapti hamda Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va tafsilotlarini to‘laligicha anglamayapti. Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng miqyosli ishlar mamlakat ichida ham, xorijda ham yetarli darajada yoritilmay, sezilmay qolmoqda.
Oqibatda, bunday vaziyat tekshirilmagan axborot, asossiz mish-mish va uydirmalarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, ular keng tarqalib, matbuot xizmatlari tomonidan munosabatsiz qoldirilgan bir sharoitda aholi o‘rtasida tushunmovchilik va norozilik keltirib chiqarishi mumkin.

Vaziyat matbuot xizmatlari kadrlar salohiyati cheklangani, ularning moddiy-texnik jihozlanishi va xodimlari malakasi darajasi pastligi bilan yanada keskinlashmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, oldimizda turgan muammo jiddiy va keng qamrovli. O‘ylaymanki, bu amaldagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etadi.

Xususan, matbuot xizmatlarining davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida samarali faoliyatini ta’minlash, matbuot kotibi mavqeini oshirish, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozim va hokazo.
Biz bu boradagi ishlarni boshlaganmiz. Jumladan, tegishli takliflar ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan.

Bunday chora-tadbirlarning qabul qilinishi mamlakatimiz axborot sohasini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga, shuningdek, eng muhimi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot asoslarini salmoqli darajada mustahkamlashga xizmat qiladi".(iqtibos tugadi)

XS
SM
MD
LG