Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:08

Janjal tufayli qoldirilgan mahalla raisi saylovi o‘tdi. Norozilar shikoyati "yuqoriga" jo‘natildi


ШАҲРИСАБЗ – "Улоч маҳалласида аҳоли норозилиги боис сайлов қолдирилди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Shahrisabzning Uloch qishlog‘ida janjal tufayli boshqa kunga qoldirilgan saylov 13 mayda o‘tkazildi.

Shahrisabz tumanidagi Uloch mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi 13 may kuni o‘tkazildi va rais saylandi. Mahalla ahli bir qismining noroziligi tufayli saylov 10 may kuni o‘tmay qolgan edi.

Norozi tomon vakili uning hamfikrlari shikoyatlari ko‘rib chiqilishiga umid qilmoqda. “Mahalla” jamg‘armasining tuman bo‘limi vakili norozilarning shikoyatlari Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasiga jo‘natilganini bildirdi.

Shu kunlarda mamlakat bo‘ylab Fuqarolar yig‘inlari raislarining navbatdagi saylovi o‘tkazilmoqda.

Жанжал туфайли қолдирилган маҳалла раиси сайлови ўтди. Норозилар шикояти "юқорига" жўнатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:56 0:00
Бевосита линк

Ulochdagi saylov janjali

Ozodlikning SizdanTelegram kanalida Uloch mahallasida yashaydigan aholi nomidan kelgan xat e’lon qilingan edi.

Uloch mahallasi tarkibidagi Qani ko‘chasida yashovchi, “saylovni deb boshog‘riq oshirib olgani” uchun ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka 14 may kuni gapirgan fuqaro xatda keltirilgan holatni qo‘shimcha tafsilotlari bilan aytib berdi.

Uning aytishicha, qonunga binoan ovoz beruvchilar ro‘yxati tuzilgan, ro‘yxat bilan ko‘pchilik tanishgan, saylov 11 mayga belgilangan edi. Biroq saylov negadir 10 may kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi va ovoz beriladigan joyga avvaldan tuzilgan ro‘yxat emas, balki yangi, qandaydir boshqa ro‘yxatdagilar kiritila boshladi va shundan janjal chiqdi.

Uloch mahallasi, Qani ko‘chasida yashovchi saylovchining aytishicha, ovoz beruvchilarning yangi ro‘yxatiga eski rais o‘z tarafdorlarini kiritgan.

10 may kuni o‘tmay qolgan saylov 13 mayda o‘tkazildi va raislikka Gulshan Odilova saylandi.

Raislikka Gulshan Odilovaning 13 may kungi saylovda saylanganini “Mahalla” jamg‘armasining Shahrisabz tuman bo‘limi vakili ham tasdiqladi.

Vakili saylovni o‘tkazish Ishchi guruhiga a’zo jamg‘arma xodimi “mojarolarga qaramay, 13 may kuni saylov qonun doirasida o‘tganini” bildirdi. Uning aytishicha, norozi tomonning barcha shikoyatlari Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasiga jo‘natilgan.

Komissiya shikoyatlar asosli, degan xulosaga kelsa, 13 may kuni o‘tkazilgan saylov natijalari bekor qilinishi mumkinmi, degan savolga tuman “Mahalla” jamg‘armasi vakili “Nega bekor qilinar ekan, axir saylov qonuniy o‘tdiku?!” deb javob berdi.

Ozodlik saylovda g‘olib chiqqan Gulshan Odilova bilan bog‘lana olmadi.

Ulochdagi mojaroning "hidi" Jozibadan ham kelib turibdi

Shahrisabz tumanidagi Uloch mahallasida sodir bo‘lgan saylov janjali Qumqo‘rg‘on tumanidagi (Surxondaryo viloyati) Joziba mahallasida ham takrorlanish xavfi bor. Har holda shu mahallada yashovchi 67 yashar Safar Xushvaqtovning 14 may kuni Ozodlikka aytganlaridan shunday xulosaga kelish mumkin.

Mahalla aholisining turli guruhlari MFY raisi lavozimiga hammasi bo‘lib 10 nomzod ko‘rsatgan. Nomzodlar orasida Safar Xushvaqtovning nomzodi ham bor. Uning aytishicha, “tuman hokimligi mahallaga 1991 yildan beri raislik qilib kelayotgan Norqulov Soyibnazarni qo‘llab-quvvatlamoqda”.

Joziba mahallasida saylov 20 mayga belgilangan.

“Mahalla” jamg‘armasining Surxondaryo viloyat bo‘limi vakili Ro‘zimurod Avazovning 14 may kuni Ozodlikka bildirishicha, shu kungacha viloyatdagi mahalla va qishloq fuqarolik yig‘inlarining 50 foizidan ko‘prog‘ida saylovlar o‘tib bo‘ldi.

Joziba mahallasilik Safar Xushvaqtovning arizasi mazmunini eshitgach, Ro‘zimurod Avazov bunday dedi:

“Odamlar bilib-bilmay, har narsa deyaverishi mumkin. Ishchi guruhi nomzodlar ro‘yxatini saylovga ko‘maklashuvchi komissiyaga taqdim etadi. Komissiya saylovga 10 kun qolganda ro‘yxatni hokimga taqdim etadi. Saylovga 5 kun qolganda hokim o‘z fikrini aytadi”.

Ozodlik Safar Xushvaqtov bilan ovoz berish kuniga 6 kun qolganda gaplashdi.

"Raislikka yoshlar kelmoqda"

Mahalla raislari saylovi butun mamlakatda bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham o‘tmoqda.

Inson huquqlari himoyachisi Sur’at Ikromov Olmazor tumanidagi Gurunchariq mahallasida yashaydi. Bu mahalla raisi saylovi ham 20 mayga belgilangan. Ikromovning aytishicha, raislikka 7-8 kishining nomzodi ko‘rsatilgan, lekin saylov byulleteniga 4 kishining ismi kiritiladigan bo‘lib turibdi.

Bu yilgi saylovning avvalgilardan farqi haqida gapirar ekan, Sur’at Ikromov tanlash imkoni berilayotganini e’tirof etdi:

“Oldinlari, Karimov davrida hokim tanlagan odamgina saylanardi va u o‘n yillar o‘tiraverardi. Endi esa, masalan, bizning mahallamizda bo‘layotganiday, yoshlar ham kelayapti. Men shunga xursandman”.

"Hozircha ayrim texnik muammolar borligi aniqlandi"

Bosh prokuratura matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga qaraganda, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi jarayonida hozircha jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q, biroq ayrim texnik muammolar borligi aniqlangan.

Yangi tahrirdagi qonun mag‘zi

Fuqarolar yig‘ini saylovi 2018 yilning oktabrida yangi tahrirda qabul qilingan “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunga binoan o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi tahrirdagi qonunning mag‘zi budir:

  • Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqolini) saylash yashirin saylovchilar vakillarining ovoz berishi orqali amalga oshiriladi.
  • Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini ishtirokchilariga saylov byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan beriladi.​
  • Byulleten ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida to‘ldiriladi. Ovoz beruvchi to‘ldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.​
  • Saylov qutilari sanoq komissiyasi tomonidan saylovda ishtirok etayotgan vakillarning ko‘z o‘ngida ochiladi.​
  • Ovozlar sanoq komissiyasi tomonidan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga har bir nomzod bo‘yicha vakillarning ko‘z o‘ngida sanab chiqiladi.​
  • Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG