Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:35

Samarqandda gaz balloni portlashi oqibatida 3 yashar qiz tiriklayin yondi


Gaz ballonlardan noto‘g‘ri fodalanish yoki ularning nosozligi sabab O‘zbekistonda yong‘in va portlashlar ko‘p bo‘ladi.
Gaz ballonlardan noto‘g‘ri fodalanish yoki ularning nosozligi sabab O‘zbekistonda yong‘in va portlashlar ko‘p bo‘ladi.

Samarqand tumanining Oxalik qishlog‘i "O‘rtashiq" mahallasidagi xonadonlardan birida gaz portlashi oqibatida xonadon egasining 3 yoshli qizi halok bo‘ldi. Tuman yong‘in xavfsizligi mutasaddilarining Ozodlikka aytishicha, bolaning onasi oshxonaga kirib, chiroqni yoqishga uringanida gaz ballondan gaz chiqib turgani sabab chaqnash yuz bergan.

10 may kuni bo‘lgan bu portlash oqibatida bola va uning onasi kuyish jarohati bilan og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan¸ voqeaning ertasiga kasalxonada qizchaning joni uzilgan.

Samarqand tumani kasalxonasi shifokorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda ayol tanasining 70 foizi kuygani va hozirda og‘ir ahvolda yotganini aytdi.

Samarqand tumani ichki ishlar organlari gaz portlashi sabablarini o‘rganmoqda.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, uyning hammomida gaz balloni ochiq qolgan, gaz sizib chiqib turgani uchun chiroq yoqilganda chaqnash ro‘y bergan.

Fojia ro‘y bergan xonadon qo‘shnilarining Ozodlikka aytishicha, uy bekasi hammomni qizdirish uchun gaz ballonini yoqib, oshxonada ovqat pishirayotgan bo‘lgan.

Gaz pasayib, olov o‘chib qolgan, gaz chiqib yotavergan. Keyin gaz yig‘ilib, portlash sodir bo‘lgan. Portlash payti hammom yonida o‘ynab yurgan qizcha tiriklayin yongan. Kecha qizchaning janozasi bo‘ldi”, - deydi portlash ro‘y bergan xonadon qo‘shnisi.

Portlash sodir bo‘lgan xonadonda er-xotin ikki farzandi bilan yashagan. O‘lgan bolaning otasi va akasi portlash paytida uyda bo‘lmagan.

Samarqand tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi mulozimiga ko‘ra, 50 litr hajmli gaz ballonidan sizib chiqib, xonaga to‘planib qolgan gaz va havo aralashmasidan chaqnash sodir bo‘lgan.

Gaz ballon noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lganmi yoki uy egalarining uskunadan noto‘g‘ri foydalanishi, ya’ni yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagani oqibatida bo‘lganmi bu, buni Ichki ishlar o‘rganayapti”, - dedi YoXB mulozimi.

Samarqand tumani hokimligi rasmiy veb sahifasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Oxalik” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli “O‘rtashiq” mahallasida 1053 ta oila bor va jami 3985 nafar aholi istiqomat qiladi.

Samarqand viloyatidagi ko‘plab mahallalar kabi "O‘rtashiq" mahallasi ham gazdan uzib qo‘yilgan.

"2004 yildan buyon mahallamiz gazdan uzilgan. Gaz ballon ortidan qanchadan qancha odamlar o‘lib ketayapti", - deydi "O‘rtashiq" mahallasida yashovchilardan biri.

Ozodlik gaplashgan qishloqliklarga ko‘ra, o‘lgan qizcha shu mahalla faolining nevarasidir.

Keyingi yillarda mamlakatdagi aksar qishloqlarning tabiiy gazdan uzilgani ortidan aholi isitish va oshxona ehtiyojlari uchun ko‘mir va ko‘chma gaz ballonlardan foydalanishga majbur. Ballonlardan noto‘g‘ri fodalanish yoki ularning nosozligi sabab O‘zbekistonda yong‘in va portlashlar ko‘p qayd etilmoqda.

Shu yil fevral oyida Samarqand tumanining Sho‘rboyi qishlog‘idagi xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida xonadon egasining 10 yoshli o‘g‘li halok bo‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yil Samarqandning Qo‘shrabot tumani Toz qishlog‘ida uylariga gaz o‘tmagani bois o‘tin, ko‘mir yoqib kun ko‘rib kelgan xonadonda yong‘in chiqishi oqibatida bir oilaning sakkiz a’zosi nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG