Ukraina g‘arbidagi Lvov shahrining “Salo” restorani surlangan cho‘chqa yog‘idan tayyorlangan slavyan salosini har bir narsaga qo‘shib beradigan yemakxona sifatida nom qozongan. Restoranda saloli sushi o‘ramalari, hatto quloqqa g‘alati eshitiluvchi saloli muzqaymoq ham tortiladi, ammo muxbirimiz uni tatib ko‘rishga jur’at qilmadi. Lekin ichiga salo solingan mana bu shokolad qutilari cho‘chqa go‘shtidan ham yaxshi biznes qilish mumkinligini isbotlab turibdi.
Restoranning art-direktori Olga Baban ishlari yurishib ketgan kunlari 300 qutigacha saloli shokolad sotayotganini aytadi.
‒ Yaqinda, adashmasam, Litvadan kelgan sayyohlarni mehmon qildik. Ular o‘sha kuni 150 quti shokolad sotib oldi, ‒ dedi u.
Salo Ukrainada xuddi Italiya spagettisi singari timsolga aylangan. Ukrainlarning saloga ishqibozligi haqida ko‘p latifalar to‘qilgan. Mana shulardan bittasi – ukrain talaba uyiga xat yozyapti: “Menga salo yuboring, salom, ona!”
“Shokoladli salo” – ko‘plab ukrainaliklarinng ushbu surlangan yog‘ni xush ko‘rishi ustidan kulishni ifodalovchi ibora. Ikkita bir-biriga zid noz-ne’matni birlashtirish g‘oyasining o‘ziga yarasha tarixi bor. 2000 yillar boshida Ukrainaning qandolatchilik kompaniyasi 1 aprel – kulgi kunida “shokoladdagi salo”ini ishlab chiqara boshlagan edi. Lekin yozilishicha, u karamel bilan unga qo‘shilgan qayta ishlangan yog‘ aralashmasidan iborat edi.
Babanga ko‘ra, uning restorani tayyorlayotgan mahsulotda “hamma narsa tabiiy”, “restoranning o‘zida tayyorlanadi, qutilarga joylanadi va sotiladi. Ukrainaning hech qaerida bunaqa narsani topa olmaysiz”.
Jurnalist Amos Chapple shokoladlardan birini qutisidan olgandan so‘ng uni sindirish va ichidagi oppoq ipaksimon yog‘ni ko‘rish uchun tishini tishiga qattiq bosishiga to‘g‘ri keldi. Biroq aroq ichgandan so‘ng gazak qilinadigan salodagi tuz ta’mini tuyaman deb chaynab, hafsalasi pir bo‘ldi. "Yog‘li bo‘tqa chaynalgan lab bo‘yog‘ini eslatdi menga", deydi jurnalist.
Biroq tatib ko‘rgan ko‘plab kishilar shirinlikni maqtab, “Juda xursandmiz, salo bilan shokoladdan tayyorlangan ajoyib taom. Uni anchadan beri tatib ko‘rishga intiqib yurgan edik. Orzumiz ushaldi”, deb yozdi.
“Ajoyib manzil, ajoyib salo”, − deb yozdi boshqa bir kishi.
Baban nega salo butun Ukrainani zabt etayotganini faqat taxmin qiladi: “Balki uni ota-bobolarimiz iste’mol qilgani uchundir. U – sog‘lom taom”, – dedi u “Ozodlik” radiosi muxbiriga va “kamroq miqdorda” iste’mol qilish kerakligini ham qo‘shib qo‘ydi.