Линклар

Шошилинч хабар
24 май 2019, Тошкент вақти: 06:10

Andijonlik yigit organ xodimlarining qiynog‘idan so‘ng o‘zini osgani iddao qilindi


Bekzodbek Yunusov

Andijon shahrining Bektosh Rahimov mahallasida yashaydigan 33 yashar Bekzodbek Yunusov 10 may kuni uyining omborxonasida osilgan holda topilgan.

Marhum yaqinlarining iddao qilishicha, Bekzodbek Yunusov 4 may kuni tushdan keyin shahar IIB bo‘limi xodimlari tomonidan noqonuniy dori sotishda gumonlanib ushlangandan so‘ng qiynoqqa solinib, undan singlisining noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullanishi haqida ko‘rsatma olingan.

5 may kuni soat 02.00da Bekzodbek Yunusov uyga qo‘yib yuborilgan va uning tanasida jarohatlar borligini aytgan yaqinlari so‘zlariga ko‘ra, Bekzodbek bu haqda hech narsa demagan va u 5 may kuni ertalab omborxonaga chiqib o‘zini osgan.

Bekzodbek Yunusovning osilgan jasadi oradan besh kun o‘tganidan so‘ng, 10 may kuni topilgan.

Andijon shahar IIB Bekzodbek Yunusovning osilgan holda topilganini tasdiqladi.

Andijon shahrining Bektosh Rahimov mahallasida istiqomat qilgan, 33 yashar usta Bekzodbek Yunusovning jasadi 10 may kuni omborxonada osilgan holda topildi.

Bekzodbek Yunusov 5 may kuni uyidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan va yaqinlari uni besh kun qidirgan.

Bekzodbekning ukasi Javlonbek Yunusovning Ozodlikka aytishicha, 4 may kuni akasini noqonuniy dori savdosida gumonlab ushlab ketishgan:

- Akam o‘sha kuni kechasi soat 2 da keldi. Aka, nima bo‘ldi desam, yig‘ladi. Milisalar meni rosa urishdi, singlingga qarshi ko‘rsatma berasan, o‘sha tabletkani singlimdan olganman deysan, deb majbur qilishdi. Bo‘lmasa dubinkani orqangga tiqamiz, deyishdi. Majbur bo‘lib yozib berdim. Bunaqa, bunaqa deysan deb gapirtirib, videoga olishdi. Singlimga qarshi yozib berganimga qiynalib ketyapman. Ertaga yana soat 9ga chaqirtirishgan, yuragim bezillab turibdi, deb yig‘ladi.

Bekzodbek Yunusov o‘limidan 5-6 soat avval
Bekzodbek Yunusov o‘limidan 5-6 soat avval

​Bekzodbek Yunusovning singlisi Navro‘zaning iddao qilishicha, akasining badanida jarohat izlarini ko‘rgan:

- Kechasi kelganda ranglari oqarib ketgan, lablari qontalash bo‘lib shishib ketgan edi. Nima bo‘ldi aka, deb labini ochib ko‘rsam, ichkaridan yorilib ketgan ekan. Yuzlari shishib ketgan edi. Keling rasmga olib internetga chiqarib yuboray desam, “yo‘q, yo‘q, ular keyin meni yomon qilishadi, deb ruxsat bermadi”

Javlonbekning aytishicha, marhum akasining singan oyog‘i doim og‘rib turgani uchun u og‘riq qoldiruvchi dori ichib yurgan:

- Akam usta, qurilishda ishlaganida oyog‘i singan. Keyin operatsiya qilishib, oyog‘ining ichiga temir qo‘yishgan. Doim oyog‘i og‘rib yurardi. Og‘riqni qoldirish uchun o‘shanaqa tabletkalardan ichib yurardi. O‘sha kuni mayli, kirib damingizni oling endi, deb chiqib ketdik. Ertalab esa joyidan topolmadik.

Bekzodbekning yana bir singlisi Shahzodaning aytishicha, akasi yo‘q bo‘lib qolgani haqida militsiyaga qilgan arizasi inobatga olinmagan:

- Bormagan, qidirmagan joyimiz qolmadi. Militsiyaga aytdik, ular o‘zlaring aybdorsan, dedi. Qidiruv e’lon qilmadi. Akam, “mendan rozi bo‘linglar, meni kechiringlar” deb yozib ketgan ekan.Shuni ham ko‘rsatdik. Baribir, ariza qabul qilishmadi. Hovli atrofidagi uylarning kladovkalari bir yerda joylashgan, hech kimning xayoliga kelmabdi. Oradan besh kun o‘tgandan keyin, qo‘shnilar kladovkalaringdan sasigan bir narsani hidi chiqyapti, deb qolishdi. Borib ko‘rsak akam osilib yotibdi”.

Bekzodbek Yunusov qoldirgan vido xati
Bekzodbek Yunusov qoldirgan vido xati

​10 may kuni Bekzodbek Yunusovning jasadi sud-tibbiy ekspertizasi qilish uchun olib ketilgan va keyin yaqinlariga qaytarib berilgan. Marhum 11 may kuni dafn etildi.

Bekzodbek Yunusovning uch yashar qizi va bir yashar o‘g‘li yetim qolgan.

Ozodlikda Bekzodbek Yunusovning ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kaltaklanganiga oid aniq faktlar yo‘q.

Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining Ozodlik gaplashgan mulozimi, Bekzodbek Yunusovning jasadi osilgan holda topilganini tasdiqladi, ammo telefon orqali bundan ortiq ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Andijon shahar prokuraturasiga Ozodlik qilgan qo‘ng‘iroqlar esa javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG