Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:35

Andijonlik yigit uni IIB 1-bo‘limi boshlig‘i kaltaklaganini iddao qildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Andijon shahrida yashaydigan, 26 yashar Hasanboy Ismoilov shahar IIB 1- bo‘limi boshlig‘i Sarvar Xoldorov boshqa xodimlari bilan uni 6 aprel kuni kechasi shafqatsiz kaltaklaganini iddao qildi.

Hasanboy Ismoilov tan jarohatlari olgani haqida tibbiy xulosa va guvohlar ko‘rsatmasi borligiga qaramay, IIB 1-bo‘limi boshlig‘iga qat’iy chora ko‘rilmayotganini aytmoqda.

Hasanboy Ismoilov va yana to‘rt kishi kechasi soat 11dan keyin kompyuter o‘yinxonasidan olib ketilgan.

Hasanboy Ismoilovning shikoyati bo‘yicha surishtiruv olib borayotgan Andijon shahar prokuraturasi tergovchisining Ozodlikka aytishicha, bu holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish ishi olib borilmoqda.

Андижонлик йигит уни ИИБ 1-бўлими бошлиғи калтаклаганини иддао қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00
Бевосита линк

Andijon shahrining Hamroqulov ko‘chasidagi 16-uyda istiqomat qiladigan Hasanboy Ismoilovning aytishicha, u o‘rtoqlari bilan Bo‘ston dahasidagi kafeda kompyuter o‘yinlari o‘ynab turgan payt, soat 23da uchastka noziri besh kishini barmoq izi olish uchun IIB 1-bo‘limiga olib ketgan:

- Biz kompyuterda o‘yin o‘ynab soat 11 bo‘lganini ham sezmay qolibmiz. Uchastka noziri posbon bilan kelib, besh kishini 1-bo‘limga olib ketdi. Mahalla posboni borganimizdan so‘ng, daftarga yozish uchun mening ismimni 3 -4 marta so‘radi. Menga savol berib o‘zi o‘sha yerda bo‘layotgan bir janjalni tomosha qilyapti. Men ham 3-4 marta javob berdim. Keyin posbon, "e aka sizga gapiryapman" deb do‘q urdi. Men, "uka o‘zingni bosivol, men javob beryapman, sen janjal tomosha qilyapsan",dedim. Oldidagi sherigi so‘kinib, "hoy sen to‘g‘ri gapir bu yerda bo‘lmaganingda ko‘chada seni falon qivorardim" dedi. Men esa unga og‘zingga qarab gapir dedim u esa o‘rnidan turdida bo‘ynimdan ushlab o‘ta haqoratli gap bilan so‘kindi. Keyin men ham so‘kdim.

Hasanboyning aytishicha, bu voqeani kuzatib turgan Sarvar ismli bo‘lim boshlig‘i uni ikkinchi qavatga olib chiqishni buyurgan:

- Men ularga prezidentdan ham ustunmisizlar, prezidentning oldiga boraman dedim. Shunda boshliq "qonunni biladigan senmi" deb, ikkinchi etajga olib chiqishdi. "Qonun bu yerda menman" deb, sherigi bilan yerga yotqizib tepdi, sherigi ushlab turibdi, boshliq esa ayamay qornimga, yuzimga uryapti. Boshimdan ushlab devorga urib, menga gezarma deb ko‘zimga qo‘lini tiqib oldi 1-2 minut ko‘ra olmadim. Bittasi yotgan joyimda to‘xtamay tepadi, bittasi boshimni chotiga qisib olib, buyraklarimga mushtlaydi. Shunchalik ko‘p urishdiki, axiri hansirab, to‘xtab qolishdi.

Shundan so‘ng, Hasanboy yarim soat bir xonada ushlab turilgan va undan hech kimga shikoyat qilmayman, degan va’dasi olingandan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida olingan jarohatlar qayd qilingan
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida olingan jarohatlar qayd qilingan

​Hasanboy Ismoilov militsiya bo‘limidan chiqib, Tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan, lekin, u yerga shu voqeaga guvoh bo‘lgan militsiya xodimlari yetib borgan:

- Do‘xtir ko‘rib jarohatlarimni yozib berdi. Militsiyaga xabar bergan shekilli, bir payt uchastkovoylar boshlig‘i bilan, jinoyat qidiruvda ishlaydigan bir xodim yetib keldi. Ular meni urishayotganda tepamda turishgan edi. Ha, uka nima bo‘ldi, dedi. Men, ie, bo‘limda kaltaklashayotganda boshimda turgan edilaringku, desam, yo‘q, biz bilmaymiz, dedi. Bo‘pti, dedimda uyga ketdim. Uyga borsam isitmam chiqib, boshim aylana boshladi. Bir amallab, tong ottirdimda yana o‘sha tez yordamga bordim.

Hasanboyni qaytadan tekshirgan boshqa vrachlar, uni zudlik bilan kasalxonaga yotqizishgan.

“Kasalxonada yotganimda yana ikki nafar militsiya xodimi kelib, mendan shikoyat qilmasligim, shikoyat qilsamda hech narsaga erishmasligimni ham iltimos, ham talab qilishdi. Men, qat’iyan rad etdim. Keyin, prokuratura tergovchisi keldi, hammasini yozib berdim. Uch kundan keyin ekspertizadan o‘tkazishgan bo‘lsa ham, ekspertiza bir qancha tan jarohatlarim borligi to‘g‘risida xulosa berdi”

(Ozodlikda ekspertiza xulosasi nusxasi mavjud)

​6 aprel kuni kechqurun soat 11da 1-bo‘limga olib ketilgan yana bir andijonlik, 24 yashar Rasulbek Temirov ham Hasanboy Ismoilov IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

- Hasanboy aka gap talashib qolganidan keyin, o‘sha yerda Sarvar ismli bir boshliqlari bor ekan. U Hasanboy akani avval bir-ikki shapaloq urdi, oyog‘iga tepdi. Keyin ikkinchi qavatga olib chiqib, o‘sha koridorda ikki kishilashib rosa urganini ko‘rdim. Hasanboy aka, dod deb baqirardi, lekin ular to‘xtamay urardi.

Hasanboy Ismoilovning aytishicha, u Andijon shahar prokuraturasiga IIB xodimlarining bu xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat yozgan:

- Menimcha, bular ishni yopdi-yopdi qilishmoqchi yoki ma’muriy ish bilan qutulmoqchi. Chunki, oradan bir oy o‘tayotgan bo‘lsa ham, hali ham tekshirish tugamadi. Prokuraturaning Elyor aka degan tergovchisi, menga bu ish ma’muriy bo‘ladi, deb aytyapti. Lekin, meni kaltaklagan militsiya xodimlari bir hayfsan yoki jarima bilan jazodan qutulib qolishlarini istamayman. Bular qonun oldida javob berishlari kerak. Ularga xohlagan odamini vahshiylarcha kaltaklashga kim ruxsat bergan? Sarvar Xoldorov hozir ham hech narsa ko‘rmaganday ishlab yuribdi. Mening oldimga bir necha marta odamlarini jo‘natdi, arizangni qaytarib ol, baribir qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, deb. Lekin, men ularning qonuniy jazolanishini talab qilaman.

Ozodlik 9-may kuni Andijon shahar IIB 1- bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, Sarvar Xoldorovdan munosabat olishga harakat qildi. Ozodlik bilan gaplashgan bo‘lim navbatchisi, Hasanboy Ismoilov iddaolarini birma-bir yozib olgach, bu haqda boshliqqa yetkazishni va o‘zlari qo‘ng‘iroq qilishini aytdi. Ammo, 9 may kuni ham, 10 mayda ham Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Hasanboy Ismoilovning shikoyati bo‘yicha surishtiruv olib borayotgan Andijon shahar prokuraturasi tergovchisi Elyor Nu’monovning Ozodlikka aytishicha, bu holat yuzasidan ayni paytda tergovga qadar tekshirish ishi olib borilmoqda va tekshirish natijasiga qarab jinoyat ishi ochilishi yoki ochilmasligi belgilanadi.

XS
SM
MD
LG