Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:09

OzodDayjest: DXX sobiq raisi Abdullaev poraxo‘rlik va korrupsiyada ayblanmoqda


Ixtiyor Abdullaev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan 8 fevralda ozod qilingan edi.
Ixtiyor Abdullaev O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan 8 fevralda ozod qilingan edi.

O‘zbekistondagi markazlashgan suv oqova tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz holga kelgan. Sobiq ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatov birinchi prezident Islom Karimov va marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf munosabati borasida o‘z versiyasini ilgari surdi. Joriy haftada mahalliy matbuot mana shular haqida yozdi.

Senat raisi ko‘psonli aholi zararli moddalar bilan to‘yingan suv iste’mol qilayotgani haqida bong urdi

O‘zbekistondagi markazlashgan suv oqova tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz holga kelgan (“Darakchi”, 9 may). Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev yalpi majlisda ma’lum qilgan.

Eskirgan kanalizatsiya tarmoqlaridan sizib chiqayotgan iflos suv esa yerosti suvlariga qo‘shilib ketmoqda. “Suvoqova” davlat korxonasiga qarashli suv tozalash inshootlarining 88 foizi ishlamaydi. Aksar korxonalarda ham suv tozalash inshootlari yo‘qligi bois oqova suv biologik va kimyoviy tozalanmasdan daryo va soylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqizilmoqda. Oqibatda ko‘psonli aholi zararli moddalar bilan to‘yingan suv iste’mol qilmoqda.

Mamlakatdagi 58 ta suv tozalash inshootidan chiqayotgan oqova suv tahlil qilinganida, zararli moddalarning belgilangan me’yorlarga nisbatan bir necha o‘n barobar yuqori ekani aniqlangan.

Senat raisi mutasaddi idoralar ushbu muammoni hal etish bo‘yicha yetarli tashabbus ko‘rsatmayotganini tanqid qilgan.

DXX sobiq raisi Abdullaev poraxo‘rlik botqog‘iga botganlikda ayblanmoqda

Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev respublikadagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlik lavozimlariga o‘ziga sodiq kadrlarni qo‘yishi orqali davlatning butun siyosiy faoliyati ustidan nazorat o‘rnatishga uringan (www.xabar.uz, 4 may).

“U “xizmat”ning avvalgi gegemonlik kayfiyatini qo‘msashda, huquqiy chegaradan chiqib, korrupsiya va poraxo‘rlik botqog‘iga botganlikda ayblanmoqda. Prezident bu holatda g‘alvirni baland ko‘tarishga majbur bo‘ldi va unga siyosiy ishonchsizlik bildirdi”, deb yozadi elektron nashr.

Qayd etilishicha, sobiq general hurfikr saytlarni yopish, ijtimoiy tarmoqlarga cheklov qo‘yish, xorijdagi ayrim ta’sirli vatandoshlarni sun’iy ravishda muxolifatga aylantirish orqali prezident olib borayotgan demokratik o‘zgarishlarni aholiga buzib ko‘rsatishga intilgan, bu orqali o‘zi uchun kelgusida yaxshi siyosiy platforma hozirlagan. Abdullaevning barcha noqonuniy ishlariga oxirgi nuqtani sud qo‘yishi ta’kidlangan.

2018 yil 31 yanvarda DXX raisi vazifasiga tayinlangan I.Abdullaev 2019 yil 11 fevralda lavozimidan bo‘shatilgan edi.

Ozodlik Abdullaevga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergan edi.

Xabar.uz saytida e’lon qilingan maqolani sobiq raisga nisbatan ochilgan jinoiy ishning rasman tasdiqlanishi deb baholash mumkin.

Mazkur sayt Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi muassisligidagi “Xabar” gazetasining elektron varianti sanaladi.

Prezident Karimov marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga tazyiq o‘tkazgani haqidagi fikr tuhmat deb ataldi

O‘zbekistonning sobiq ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatov birinchi prezident Islom Karimov va marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf munosabati borasida o‘z versiyasini ilgari surdi (“O‘zbekiston ovozi”, 7 may).

Almatovga ko‘ra, birinchi prezident shayxga nisbatan tazyiq o‘tkazgani haqidagi fikr tuhmat sanaladi.

“Shu yillarda Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan inson sifatida bir narsani aytmoqchiman. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan. Ko‘pchilikka noma’lum bir voqeani aytay, 1992 yilning oxirlarida ayrim davlatlarning maxsus xizmatlaridan bizga ketma-ket tezkor xabarlar kelib tushdi.

Ma’lum qilinishicha, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Farg‘ona vodiysining qaysidir tuman yoki shahriga borgan vaqtlarida, u kishiga nisbatan terrorchi guruhlar tomonidan suiqasd uyushtirilishi rejalashtirilayotgan ekan. O‘sha paytda birinchi prezidentimiz topshirig‘iga binoan ana shu terroristik harakatlarning oldini olish maqsadida tezkor qidiruv ishlari amalga oshirildi va tabiiyki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari davlat himoyasiga olindi. Ammo g‘alamislar o‘z o‘yinlarini davom ettirdi. Ularning niyati shayxga suiqasd uyushtirib, bu jinoyatni respublika rahbariyatiga to‘nkash edi” degan sobiq vazir.

Qayd etilishicha, marhum shayx “Men tufayli mamlakatda notinchlik bo‘lmasin” deya musulmon mamlakatlaridan birida vaqtincha yashab turishga qaror qilgan va ma’lum vaqt o‘tgach, Islom Karimovning ruxsati bilan O‘zbekistonga qaytgan.

XS
SM
MD
LG