Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:26

Ekspertlar: Farg‘ona bosh imom-xatibi kitobini olimaning kitobidan ko‘chirgan


Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi muqovasi.
Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi muqovasi.

Farg‘onalik Ekspertlar guruhi o‘tkazgan sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi plagiatdir. Bu kitob yuridik fanlar nomzodi Nigora Yusupovaning “Islomda ayol huquqlari” monografiyasidan ko‘chirilgan.

Bu xulosa, ayni paytda, O‘zA axborot agentligida so‘nggi bir oydan beri chop etilgan bir necha maqolaga ham o‘ziga xos xulosadir.

Biroq plagiatorlik qilgani aytilayotgan imomning harakatiga qanday yuridik baho berilishi hozircha noma’lum.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida mualliflik huquqlarini buzgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan.

Nusxasi Ozodlikka kelib tushgan “Sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi xulosasi” degan ikki varaqli hujjatda ikki kitob - Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi hamda yuridik fanlar nomzodi Nigora Yusupovaning “Islomda ayol huquqlari” monografiyasi – bir-biriga qiyoslab o‘rganilgani, natijada ekspertlar birinchi kitob ikkinchisidan ko‘chirilgan, degan xulosa kelgani aytilgan.

Hujjatdan ekspertizani Farg‘ona viloyat matbuot boshqarmasi boshlig‘i Umid Jabborov hamda Farg‘ona davlat universitetining to‘rt o‘qituvchisidan iborat Ekspertlar guruhi Farg‘ona viloyat prokuraturasining 2019 yil, 18 apreldagi so‘roviga binoan o‘tkazilgani anglashiladi.

​Ekspertlar guruhi a’zolaridan biri Ozodlik savollariga javoban viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi ekspertizasida qatnashganini, ekspertlar guruhi 5 kishidan iborat bo‘lganini, prokuraturaga topshirilgan hujjat 2 varaqdan iborat ekanligini hamda xulosa mazmunini tasdiqladi.

Ozodlik savollariga javob bergan Ekspertlar guruhi a’zosi viloyat prokuraturasi oldida xulosani oshkor qilmaslik majburiyati borligini aytib, ismini oshkor qilmaslikni so‘radi.

Muftiy tahrir qilgan kitob

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning umumiy tahriri ostida, shayx Abdulaliz Mansurning mas’ul muharrirligida uning so‘zboshisi bilan 20 ming nusxada bosilgan “Ayolni e’zozlagan din” kitobining ko‘chirmachilik mahsuli ekanligi iddao qilingan maqolani shu yilning 12 aprelida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) e’lon qilgan edi.

Maqola muallifi (Sarvar Olim) mavzuni o‘rganar ekan, yuridik fanlari nomzodi, “Islomda ayol huquqlarini o‘rganishning nazariy-tatbiqiy jihatlari” mavzuidagi dissertatsiya hamda ushbu dissertatsiya natijasi sifatida 2006 yilda nashr etilgan “Islomda ayol huquqlari” monografiyasi muallifi Nigora Jaloliddin qizi Yusupova bilan gaplashgan.

Nigora Yusupovaning aytishicha, muallifi Salim qori Qodirov bo‘lgan 116 betlik “Ayolni e’zozlagan din” kitobining 87 beti uning yuqorida tilga olingan dissertatsiyasi va monografiyasidan ko‘chirilgan.

Sarvar Olimning yozishicha, Salim qori Qodirov Nigora Yusupovaning kitobidan tashqari boshqa olimlarning, masalan, Burhoniddin Marg‘inoniyning ham so‘zlarini o‘zlashtirib olgan.

"Plagiatni tekshirish bizning ishimiz emas"

Mavzuni o‘rganish jarayonida Ozodlik plagiat mojarosi O‘zAda e’lon qilingan maqolagacha boshlanganini aniqladi.

Joriy yilning 3 aprelida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rais o‘rinbosari N. Abulhasan Nigora Yusupovaning vakili Kamoliddin Yusupovning murojaatiga javoban “plagiatga qo‘l urilgani masalasi Qo‘mita vakolatlari doirasiga kirmasligini” ma’lum qilgan va Intellektual mulk agentligiga murojaat qilishni tavsiya qilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu masalaga oradan 21 kun o‘tib, 24 aprel kuni O‘zA saytida qaytadi. Bu galgi yangi gap budir:

“Qo‘mita mutaxassisi monografiya muallifi N.Yusupova va fuqaro K.Yusupovlar bilan telefon orqali bog‘lanib, vaziyatning qonuniy hal etish yo‘llari bo‘yicha o‘z takliflarini bergan hamda ushbu masala bo‘yicha vaziyat to‘liq oydinlashgunga qadar S.Qodirov muallifligidagi “Ayolni e’zozlagan din” kitobining qayta nashrlari to‘xtatib qo‘yilganini ma’lum qilgan”.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bu javobi e’lon qilinishidan 3 kun muqaddam - 18 aprelda esa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur Nigora Yusupovaning vakili murojaatiga javoban har ikkala muallifning kitobi sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilganini xabar qilar ekan, bunday degan:

“... “Ayolni e’zozlagan din” kitobi plagiatlik emas, deb topildi. Zero, bu mavzuda o‘nlab-yuzlab mualliflar ham qalam tebratishi mumkin”.

Bu javobni yozgan shayx Abdulaziz Mansur “Ayolni e’zozlagan din” kitobiga mas’ul muharrirlik qilgan, unga so‘zboshi yozgan.

Mavzuni o‘rganish jarayonida Ozodlik olima Nigora Yusupova bilan bog‘lana olmadi. Uning onasi Munavvar opaning Ozodlikka aytishicha, 7 may kuni u Musulmonlar idorasidan xat olgan. "Xatda Salim qori Qodirov ko‘chirmachilik qilgani, lekin ko‘chirma hajmi 31 foizgina ekani aytilgan", dedi Nigora Yusupovaning onasi.

Farg‘ona viloyat imom-xatibi Salim qori Qodirovniki deyilgan telefonni uning haydovchisi ko‘tardi. Rahbarining prezident o‘tkazayotgan majlisda ekanligini (Prezident Mirziyoev 7 may kuni Farg‘onada edi), uning telefon tutmasligini, majlis tugagach savolimizni yetkazajagini aytdi. Biroq shundan so‘ng telefonini ochmadi.

O‘zbekistonda mualliflik huquqlari 2006 yilning 20 iyulida imzolangan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun bilan himoya qilinadi.

Mualliflik huquqlarini buzganlar esa, Jinoyat kodeksining 149-moddasiga (“Mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish”) binoan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

149-moddada bunday deyilgan:

Tafakkur mulki ob’ektiga nisbatan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, tafakkur mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgunga yoki e’lon qilingunga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilish —

eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG