Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:12

Xorazmda fermerlar Turkiyadan keltirilgan qimmat meva ko‘chatlarini sotib olishga majburlanmoqda


Turkiyadan keltirilgan behi va shaftoli ko‘chati
Turkiyadan keltirilgan behi va shaftoli ko‘chati

Xorazm viloyat, Yangibozor tuman hokimi fermer xo‘jaligi rahbarlarini Turkiyadan keltirilgan behi va shaftoli ko‘chatlarini sotib olishga majburlayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishicha, bozordagi mahalliy ko‘chat narxidan besh-olti baravar qimmat turadigan bu ko‘chatlardan har bir fermerga 50 donadan sotib olish majburiyati yuklatilgan.

Tuman hokimi O‘ktam Masharipov bu ko‘chatlar intensiv bog‘ qilish maqsadida Turkiyadan olib kelinganini ta’kidlar ekan, fermerlar ko‘chatlarni ixtiyoriy sotib olayotganini aytdi.

Yangibozor tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning maktubida yozilishicha, har bir fermer bir million yetti yuz ming so‘mlik ko‘chat sotib olishga majburlanmoqda:

“Tuman hokimi O‘ktam Masharipov xolodilnikda saqlanib turgan, deyarli yaroqsiz holga kelgan behi va shaftoli ko‘chatlarini har bir fermer 50 tadan olasan deb, ikki kundan buyon majlisga chaqirib majburlayapti. Ko‘chat olmagan fermerlarga mineral o‘g‘it va solyarka bermaslik bilan tazyiq qilyapti”.

Ozodlik 24 aprel kuni suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan yangibozorlik fermerlardan birining aytishicha, u ham 50 dona ko‘chat sotib olishga majbur bo‘lgan:

“Hokim majburlagandan keyin oldik. Uyga olib kelib tomorqaga ekib qo‘ydim. Bir donasi 34 ming so‘m turadi ekan. Agar hokim bog‘ qilinglar deganida erta bahorda har biri 5-6 ming so‘m turadigan, yaxshi hosil beradigan mahalliy ko‘chatlardan olib o‘tqazardik. Bahor tugab yoz kelib qolganda, birdaniga bu ko‘chatlar osmondan tushganday paydo bo‘lib qoldi. Kimningdir o‘tmagan molini fermerlarga o‘tkazishyapti. Kunlar isib qolganda Turkiyadan olib kelingan bu ko‘chatlar bizning iqlimga moslasha oladimi yoki yo‘qmi, uni hali bilmaymiz. O‘zi xolodilnikda yotaverib, rangi ham o‘chib ketibdi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan, 24 aprel kuni hokim o‘tkazgan yig‘ilishda qatnashgan boshqa bir yangibozorlik fermer ko‘chat masalasi yana kun tartibiga chiqqanini aytdi:

“Qalandar Do‘rman qishlog‘idagi hudud rahbari bir fermerga ko‘chat olasan deb majburlapti, u olmapti. O‘rtada janjal chiqqanmi, fermer hudud rahbarini uribdi. Rahbar kasalxonaga tushgan. Selektor yig‘ilishida o‘sha fermerni muhokama qilgan hokim va prokuror qishloq uchastkavoyini majlisga chaqirtirib, fermerning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni topshirdi. Shu kunlarda hokimning yonida bir turk fuqarosi yuribdi. Bilishimizcha, bu ko‘chatlarni u olib kelgan. Biz ko‘rgan ko‘chatlar, o‘zimizning bog‘bonlar yetishtirgan ko‘chatga o‘xshaydi. Lekin, ko‘chatlarga uning sertifikati, yoki xarakteristikasi yozilgan hech qanday qog‘oz qistirilmagan”.

Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Masharipov Ozodlik bilan suhbatda, bu ko‘chatlar intensiv bog‘ yaratish maqsadida Turkiyadan olib kelinganini aytar ekan, fermerlar ko‘chat sotib olishga majburlanayotganini inkor qildi:

- Intensiv bog‘ qilish niyatida Turkiyadan olib kelingan ko‘chat. Hech kim majbur qilingani yo‘q, shartnoma asosida olib ekishyapti. Yana bir tarafi bor, agar, ko‘chatlardan birortasi olmay qolsa, kuzda o‘rniga o‘rin yana ko‘chat beriladi. Bu yerda hech qanday majburlash yo‘q.

Hokimning aytishicha, ko‘chatlarni Yangibozor tumanidagi qo‘shma korxona olib kelgan. O‘ktam Masharipov bu ko‘chatlarning mahalliy ko‘chatlardan qanday afzalligi borligi haqidagi ko‘chat xarakteristikasi hozir yonida emasligi uchun javob berolmasligini aytdi.

XS
SM
MD
LG