Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida Turkiyaning TAFA shirkatiga qarashli "Mersedes-Bens" yuk mashinasi temir yo‘l o‘tish joyida yuk poezdi bilan to‘qnashgani oqibatida bir Turkiya vatandoshi halok bo‘ldi.
Hodisa M37 yo‘lining 313inchi kilometrida 8 aprel kechki 11 lar yuz bergan.
Yuk mashinasi temir yo‘l o‘tish joyida yuk poezdi teplovozining chap tomonidagi yonilg‘i bakiga borib urilgan va yonib ketgan.
Ozodlik halok bo‘lgan shaxs yuk mashinaning haydovchisi Turkiyaning Ig‘dir shahridan bo‘lgan 51 yoshli Kiraj Zeki ekanini aniqladi.
Turkiyaning TAFA shirkatiga qarashli "Mersedes-Bens" yuk mashinasi O‘zbekistonning Buxoro shahriga kafel olib kelayotgan bo‘lgan.
Halokat oqibatida yuk poezdiga jiddiy shikast yetmagan. Yuk mashinadagi yong‘in bartaraf etilib, temir yo‘ldan olingach, poezd harakatini davom ettirgan.
TAFA shirkati vakili Buxorodagi halokatda yuk mashinasi haydovchisi hayotdan ko‘z yumganini tasdiqladi, bu haqda qo‘shimcha izoh bera olmasligini aytdi.
Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati vakili Ozodlikka Buxorodagi avtohalokatda turk vatandoshi o‘lgani haqida hozircha ma’lumotga ega emasligini aytdi.
-Hodisani o‘rganib, keyin bayonot beramiz, - dedi elchixona vakili.
Halokat yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi surishtiruv olib bormoqda.
-
Ҳурмат Бобожон/Озодлик
тел: +420 2 2112 3387
mobile:+420 605 562 270 (шошилинч хабарлар)
twitter: khurmatb
skype: khurmatskype
facebook:Khurmat Babadjanov